Ibn Sinoning shogirdlari
(Rivoyat)
Tabiblarning tabibi Ibn Sino kunlardan bir kun qattiq og‘rib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolibdi. Ibn Sinoning shogirdlari, eng yaqin do‘st-birodarlari yig‘ilishibdi. Ular yaxshi so‘z aytib, ulug‘ tabibning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilishibdi. Shogirdlari ustozlarini dori-darmonlar bilan davolashga kirishibdilar. Ibn Sino do‘st-birodarlariga rahmatlar aytib, shogirdlariga esa bunday debdi: –Shogirdlarim, mening kunim bitgan ko‘rinadir. Shu boisdan meni davolayman deb behuda harakat qilmanglar. Bordi-yu, kunim bitib, vafot etsam, yig‘i-sig‘i qilib o‘tirmanglar. Faqat haqimga duo qilib, onda-sonda qabrimni ziyorat qilsanglar
bas. Va yana ustoz olamdan o‘tdi, endi tabobat oqsaydi, deb ham qayg‘urmanglar. O‘rnimga besh zo‘r tabibni qoldirib ketmoqdaman. Shu tabiblarning maslahatiga har doim amal qilinglar. Boshqalarni ham ularga da’vat etinglar, – debdi. Shunda Ibn Sinoning shogirdlaridan biri: – Ustoz, siz qoldirib ketayotgan tabiblar kimlar? – deb so‘rabdi. Ibn Sino:– Men qoldirib ketayotgan zo‘r tabiblarning biri – tozalik. Ikkinchisi – parhez. Uchinchisi –badantarbiya. Qolgan ikkisi mizoj kayfiyatidir. Doimo pokiza, ozoda bo‘lishni unutmang. Ko‘ringan ovqatni yemaslik, apil-tapil ovqatlanmaslik, ovqatlanishda parhez me’yorini bilish lozim. Tana a’zolarini harakatsiz qoldirmaslik, mizojni unutmaslik, kayfiyatni yaxshi tutishga harakat qilish kerak. Mana shu aytganlarimga amal qilinsa, kasallanish u yoqda tursin, bevaqt o‘lim ham orqaga chekinadi.
1. Ibn Sino shogirdlariga nimalarni so‘zladi?
2. Ibn Sino qoldirgan tabiblarni matndan topib o‘qib bering.
3. Rivoyat sizda qanday taassurot qoldirdi?
Donolarning donosi
Abduqodir Hayitmetov
1
Bobomiz Alisher Navoiy bolalik chog‘laridayoq hammaning e’tiboriga tushganlar. Eng avvalo, odobli bo‘lganlar. Ko‘p kitob o‘qiganlar. Zehnlari o‘tkirligidan minglab misra g‘azallarni yod bilganlar. Kichiklikda yozgan she’rlariga ustozlari ham qoyil qolishgan. Ona tilini yaxshi bilganlar. Fors va arab tillarini puxta o‘rganganlar.
Alisher Navoiy birinchilardan bo‘lib ona tilida „Xamsa“ (besh doston) yozdilar. Navoiyning ko‘pgina g‘azallari hamon qo‘shiq bo‘lib yangramoqda. Navoiy bobomizning talay misralari xalq maqollari, hikmatli so‘zlarga aylanib ketgan. Jumladan: Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz. Bu hikmatga, eng avvalo, o‘zlari amal qilganlar. Barcha asarlarida halollikka, mardlikka, yaxshilikka chaqirganlar. Hatto shohning vaziri bo‘lganlarida ham xalq uchun ko‘p yaxshi ishlar qilib, el mehrini qozonganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |