ILM
Abdulla Avloniy
Ilm deb o‘qimoq, yozmoqni yaxshi bilmoq, har bir kerakli narsalarni o‘rganmoqqa aytilur. Ilm – dunyoning izzati. Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zero, ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatadi. Zehnimizni, fikrimizni o‘tkir qiladi. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidir. Ilmning foydasi shu qadar ko‘pdirki, ta’rif qilgan bilan ado qilib bo‘lmaydi. Bizlarni ilm jaholat qorong‘ilig‘idan qutqaradi.
Mada niyat insoniyatni ma’rifat dunyosiga chiqaradi. Yomon fe’llardan, buzuq ishlardan qaytaradi, yaxshi xulq va odob sohibi qiladi.
Xulosa qilib aytganda, butun hayotimiz – salomatligimiz, baxtimiz, g‘ayratimiz ilmga bog‘liqdir.(33-bet)
TILINGNI AVAYLA — OMONDIR BOSHING
Yusuf Xos Hojib
O‘quv va bilimning tilmochi tildir. Ki shiga yaxshilik va ezguliklar til tufayli keladi. Qutbarakani ham, obro‘-e’tiborni ham kishi til orqali topadi. Tilga e’tibor bermasa, uni noo‘rin qo‘llasa, odamning boshi yorilishi mumkin.
Donolarning so‘ziga quloq sol. ular: – Ey til egasi, boshingni asra! – deyishgan. – O‘ziga omonlik tilagan har bir odam tilidan yaroqsiz so‘zini chiqarmasin. Bilib so‘zlangan so‘z donolik sana ladi. Bilimsizning so‘zi esa o‘z boshiga yetishi mumkin.
Hech qachon ko‘p gapirma. Oz so‘zlarga ko‘proq ma’no sig‘dir. Tilingni avayla — omondir boshing, So‘zingni avayla — uzayar yoshing. (87-bet)
IBN SINONING BOLALIGI
Maqsud Qoriyev
Abdulloh ma’rifatli inson bo‘lganligi uchun Afshonadagi xonadonida e’tiborli kishilar, shoir-u fozillar yig‘ilishar edi. Shunda olam voqealaridan ko‘ra ko‘proq she’riyat haqida gap ketardi. Bir kecha shunday yig‘inlarning birida umarxon ismli afsho nalik shoir Rudakiydan ruboiylar o‘qiy boshladi.
Shoir oxirgi bandini yodidan chiqarib, jim bo‘lib qoldi. Shunda otasining bag‘rida o‘tirgan Husayn o‘rnidan turib davom ettira ketdi.
Majlis ahli jim bo‘lib qoldi. Abdulloh hayron. Bir tomondan, xursand bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xijolat, go‘dak bola mazkur she’rni qaydan o‘qigan, deb. Umarxon bolani yana bir bor sinab ko‘rmoqchi bo‘lib:
– Rudakiyning yana boshqa g‘azalini bilursanmi? – deb so‘rab qoldi.
Husayn dadil turib, o‘qiy ketdi:
Odamlar qalbining charog‘i ilm, Balodan saqlanish yarog‘i ilm... – Balli, balli, umring ziyoda bo‘lg‘ay, – deya duo qildi shoir. (88-bet)
Do'stlaringiz bilan baham: |