Shaxsning ijtimoiylashuvi – ta’lim-tarbiya ta’sirida inson psixologik funksiyalarining takomillashuvi, ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar, xulq-atvor me’yor va qoidalarining oʻzlashtirilishi, dunyoqarashining boyish jarayoni va natijasi.
Ijtimoiylashuv jarayoni oʻzining sifat xususiyatlariga, tarkibiga, qonuniyatlariga, omillariga, shart-sharoitlariga, boshqarilishiga va ijtimoiylashgan insonda namoyon boʻlishiga (uning xususiyatlari, sifatlari, oʻziga xosliklari) koʻra murakkabdir. Ana shu sababli u oʻzida turli fanlar tomonidan koʻrib chiqiladigan ijtimoiylashuvning xilma-xil – madaniy, axloqiy, huquqiy, mehnat, psixologik koʻrinishlarini aks ettiradi. Pedagogika haqida gap ketganda esa, bu sohadagi ijtimoiylashuv jarayoni pedagogikaning predmeti, sohasi va ehtiyojlarining oʻziga xosligini hisobga olib, pedagogik ijtimoiylashuv turi sifatida alohida e’tibor bilan qarab oʻtiladi. Bu insonning dunyoga kelgan vaqtidan boshlab ijtimoiy belgilangan va muhim pedagogik yangidan shakllanuvchi tajribalarni – tarbiyalanganlik, ta’lim olganlik, ma’lumotlilik va rivojlanganlik hamda ularning kelgusidagi butun umri mobaynida muttasil oʻzgarib borishi (mukammallashuvi) jarayoni va yuzaga kelishi natijasidir.
Bu holda shaxsga nisbatan sust ravishda yondashuv kuzatilmaydi, balki u ijtimoiy munosabatlarning va pedagogik tizimning subyekti sifatida, tajriba egallashda faollik va mustaqillikni namoyon qiluvchi hamda oʻz-oʻzini shakllantiruvchi, shu bilan birga oʻz hayot yoʻli uchun javobgarlikni his etuvchi subyekt sifatida qaraladi. Pedagogikaning vazifasi – insonga fikrlovchi shaxs, ijtimoiy faol fuqaro boʻlib yetishishiga, jamiyatda oʻz oʻrnini va xulq-atvorini, oʻz istak-maqsadlarini yoʻnalishini anglaydigan, pedagoglar va jamiyatdagi pedagogik tizim bilan birgalikda umuminsoniy qadriyatlarni saqlash va mustahkamlashga yoʻnalgan shaxs boʻlishiga yordam berishdir.
Ijtimoiylashuvning quyidagi umumiy mexanizmlari mavjud: ana’naviy, institutsional, shaxslararo, refleksiv
ana’naviy – oila va yaqin muhit orqali oʻquvchilarni ijtimoiy faollikka jalb etish, faoliyat va muloqotda maqbul shart-sharoitlarni yaratish;
institutsional – ijtimoiy institutlar va ta’lim muassasalari tomonidan oʻquvchilarning rivojlanishi uchun zaruriy shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish;
shaxslararo – oʻquvchilarni ijtimoiy aloqalar tizimiga jalb etish, ularda muloqotmandlik malakalarini rivojlantirish;
refleksiv – oʻz-oʻzini anglash, oʻz-oʻzini baholash, oʻz-oʻzini loyihalashni pedagogik qoʻllab-quvvatlash orqali individual ongni taraqqiy ettirish.
Oʻquvchilarni ijtimoiylashtirishning muhim sharti ularda ijtimoiy kompetentlikni qaror toptirishdir. Ijtimoiy kompetentlik insondan ijtimoiy vaziyatlarga yoʻnalganlik va boshqarish qobiliyatini talab etuvchi boshqa kishilar bilan kommunikatsiyani yoʻlga qoʻyishda oʻz ifodasini topadi. Ijtimoiy kompetentlikning asosiy funksiyalariga moslashuv, ijtimoiy orientatsiya, shaxs integratsiyasi va umumijtimoiy tajriba kabilar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |