Korxonada xaridorlarning iste’molchilik xulq-atvorini o‘rganish
Har qanday, har bir yuridik yoki jismoniy shaxs o‘z mohiyatiga ko‘ra iste’molchi hamdir. Ularning ehtiyojlari xilma-xil va chegara bilmaydi. Lekin, bu ehtiyojni qondirish jarayoni, ularning xulq-atvorlari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham marketologlarning muhim vazifalardan biri, xaridorning iste’molchilik xulq-atvorini o‘rganish, ishlab chiqaruvchilarning faoliyatini unga moslashtirish, kerak bo‘lsa, iloji boricha boshqarish hamdir.
Yuridik shaxslarning iste’molchilik xulq-atvori jismoniy shaxslarning xulq-atvoridan tubdan farq qiladi. Bunda rasmiy normativlar asosiy rol o‘ynaydi. Korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, hajmi, ular mahsulot sifati va turlari, texnika va texnologiyasining yangilik darajasi, rahbar kadrlar, xomashyo, elektr energiyasi va ish kuchi bilan ta’minlanganligi, kabi bir qancha omillar iste’molchilik xulq-atvorini belgilaydi.
Korxonalarning aksariyati jismoniy shaxslar uchun tovar ishlab chiqaradilar. Masalan, jamoa xo‘jaligi o‘zi etishtirgan paxtasini qayta ishlash va tozalash maqsadida paxta zavodiga yuboradi. U erda paxtadan chigit, paxta tolasi va hokazolar olinadi. Chigit yog‘ zavodiga, tola esa ip-yigiruv fabrikasiga sotiladi. Unda tayyorlangan ip to‘qimachilik fabrikasiga jo‘natiladi va nihoyat u erda aholi uchun chit va matolar ishlab chiqariladi. Ruda konlaridan qazib olinadigan temir rudasi ham bir qancha bosqich korxonalarda ishlov berilgach, mashina, televizor, kran, temir qoshiq, mix kabi tovarlarga aylanib, aholini ehtiyojini qondirishga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, jismoniy shaxs tovarlarning oqibat iste’molchisi ekan, uning xulq-atvorini o‘rganish marketologlarning asosiy vazifalaridan biridir.
Iste’molchilar o‘zlarining yoshi, daromadlari, ma’lumoti tashabbuskorligi, moda, did va boshqalarga munosabati bilan birbiridan farq qiladilar. Ularni ushbu xususiyatlariga ko‘ra guruhlash, ehtiyojlarini qondirish uchun maxsus mo‘ljallangan tovarlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz iste’molchilari o‘zlarining xaridorlik xulq-atvoriga ko‘ra ishchi-xizmatchilar, jamoa xo‘jaliklari mehnatkashlari, ziyolilar, shaharliklar va qishloq aholisi kabi guruhlarga bo‘linishi mumkin. Ishchi-xizmatchilar madaniy-maishiy xizmatlardan ko‘proq foydalanishi bilan ajralib turadilar. Bu hol oila byudjeti cheklangan sharoitlarda nooziq-ovqat mollariga ketadigan xarajatlar ulushini kamaytirishga yordam beradi. Ularning savodxonlik darajasi ancha yuqori bo‘lganligidan shahar turmush tasavvurlariga mos ravishda turar-joylarining shinam bo‘lishiga e’tibor beradilar.
Jamoa xo‘jaliklaridagi iste’molchilar esa har xil tovarlarni sotib olishni afzal ko‘radilar, madaniy-maishiy korxonalarning xizmatlaridan kamroq foydalanadilar, mablag‘larining ko‘p qismini transport vositalari sotib olishga sarflaydilar.
Voyaga etgan yosh shaharlik iste’molchilar guruhiga 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan kishilar kiradi. Ular ichida talabalar, yosh bo‘ydoqlar, yosh kelin-kuyovlar ajralib turadi. Bu guruhdagi iste’molchilar kitob, videoapparatura, modali kiyimlar, shaxsiy gigiyena vositalariga nomutanosib ravishda katta xarajat qiladilar. Ularning iste’molchilik fe’l-atvorida pul sarf-lash motivi jamg‘arish motividan yuqori bo‘ladi.
Marketing izlanishlari shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilik fe’latvorining shakllanishida iste’molchilarning madaniy saviyasi ham katta ahmiyatga ega. Oilada katta bo‘layotgan bola o‘zining oilasi uchun xos bo‘lgan qadriyat, idrok, afzalliklar, muammolar majumiga ega bo‘ladi. Jamiyatda hukmron bo‘lgan qadriyatlar, yurish-turish tarzlari va boshqalarni o‘zlashtiradi. Ishbilarmonlik faoliyati hukm surgan oilada o‘sayotgan bolada muvaffaqiyatga, faollikka, omilkorlikka, moddiy qulaylik, erkinlikka moyillik kabi hislatlar shakllana boradi. Ko‘p millatli O‘zbekiston Respublikasida rus tilida gapiradigan aholining o‘ziga xos madaniyati rivojlanmoqda. Bu madaniyat o‘z navbatida rus, ukrain, nemis, koreys, yahudiy, arman va boshqa xalqlarning ilmiy madaniyatidir.
Diniy dunyoqarash — pravoslav, xristianlar, musulmonlar, buddistlar va boshqa diniy guruhlarni alohida guruhlarga ajratish hamda iste’molchilarni xulq-atvori aniqlashda muhim ahamiyatga egadir. Bu ishda jo‘g‘rofiy joylashuvning ta’sirini ko‘rsatib o‘tish joizdir, masalan, poytaxt Toshkent shahrida yashaydigan yosh o‘zbek ayolining tovarlarga bo‘lgan qiziqishi Qashqadaryo viloyatining tog‘ zonalarida yashovchi yosh o‘zbek ayolining qiziqishlaridan tubdan farqlanadi. Iste’molchilik fe’l-atvorini o‘rganishda aholining ijtimoiy kelib chiqishiga qarab turkumlash ham lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |