Oʻspirinlik – bu aqliy faoliyatning ham rivojlanish davri sanaladi. Ular oʻz fikrlarini mustaqil ifodalashga harakat qilib, shaxslik xislatlarini namoyish eta boshlaydilar. Shunda oʻqituvchilar va katta yoshlilar ularning hali gʻoʻr fikrlari va dunyoqarashlarini toʻgʻri yoʻnaltirishlari muhim. Zero, bu davrda oʻz-oʻzini anglash, ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy xislatlari tez shakllanadi.
Bunga uning faoliyati, jamoada va jamoat joylarida oʻzini tutishi, odamlar bilan tez muloqotga kirishishi ham turtki boʻladi. Bolalar bu yoshda oʻzlarini kattalardek his etishadi, oʻziga xosligini namoyon etishadi, boshqalarning diqqatini oʻzlariga qaratishga harakat qilishadi. Axloqiy muammolarni oʻz qarashlari nuqtai nazaridan hal eta boshlaydilar. Hayot mohiyati, baxt, burch, shaxs erkinligini oʻz qiziqishlari bilan oʻlchaydilar. Shu bois ularga katta yoshlilarning begʻaraz, toʻgʻri yoʻnalish berishlari oʻta muhim.
Mazkur davrda yoshlar xulqi ham tarkib topa boshlaydi. Bunda shaxsning jamoadagi mavqei, jamoa shaxslari bilan muomala-muloqoti muhimdir.
Albatta, bu borada, ta’lim muassasasida faoliyat koʻrsatayotgan yoshlar ittifoqi, umuman olganda yoshlar birlashmalari ta’siri katta ahamiyatga ega. Chunki oʻspirin-yoshlar mustaqil hayot ostonasida boʻlib, ularning bu hayotga toʻgʻri qadam qoʻyishi uning jamiyatning faol fuqarosi boʻlishining muhim shartidir.
Shaxs rivojlanishining gender xususiyatlari. “Gender” atamasi 1968-yilda amerikalik psixolog olim Stoller tomonidan ilmiy iste’molga kiritilgan boʻlib, “jins” ma’nosini bildiradi. Jinsiy munosabatlar ilgari ham psixologiyada faol oʻrganilgan boʻlsa-da, yangi atamaning paydo boʻlishi ijtimoiy fanlarda yangi oqimlarni yuzaga keltirdi. “Gender tarixi”, “Gender psixologiyasi”, “Falsafaning gender tomonlari”, “Gender antropologiyasi”, “Gender sotsiologiyasi”, keyinchalik esa “Gender pedagogikasi” kabi fan tarmoqlari shakllandi. “Gender” tushunchasi, avvalo, erkak va ayol, oʻgʻil va qiz bolalar munosabatlarining ijtimoiy-psixologik hamda pedagogik tomonlarini qamrab oladi.
Adabiyotlarda gender tushunchasining bir necha xil talqini mavjud. Jumladan, faylasuflar uni quyidagicha tavsiflaydilar: «Gender» inglizcha soʻz boʻlib, jinsga mansublikning ijtimoiy jihatlari ma’nosini anglatadi. Bu tushuncha erkaklar va ayollar oʻrtasida nafaqat biologik farqni, balki jamiyatning jinsiy taqsimotida ijtimoiy va madaniy tavsiflarning butun majmuini hisobga oladi. Erkaklar va ayollarga tegishli ijtimoiy bogʻliqlik, xulq-atvor va kutilgan natijalarni ifodalaydi. Psixologlar ham gender tushunchasiga oʻziga xos tarzda yondashganlar: psixikaning gender asoslari jins va u bilan bogʻliq ijtimoiy stereotiplar, shaxsning psixologik koʻrinishidir. Olimlar orasida bu xususiyatlarning qaysi biri tugʻma, qaysi biri esa ta’lim-tarbiya jarayonida rivojlanganligi toʻgʻrisida keskin munozaralar bormoqda. Oʻgʻil va qiz bolalarning har bir xalq madaniyatida har xil tarbiyalanishi tufayli, ular maktabga kelgan davrdan boshlab jinslarning psixologik farqlari ma’lum boʻladi. Bu farqlar orasida psixologlar (A.E.Taras, 2002) qizlar oʻgʻil bolalardan matematik va vizual qobiliyatlari bilan ustunroq deb ta’kidlashadi. Oʻgʻil bolalarda qizlarga qaraganda oʻziga ishonch hissi kuchliroqdir. Qiz bolalar bir xillikka asoslangan qiziqarsiz faoliyatni yengilroq qabul qilishadi. Oʻzgaruvchan muhitga tez moslashishadi. Oʻgʻil bolalar har bir holatni umumiy tarzda baholashsa, qizlar yaxshilab tekshirib, oʻrganib, keyin unga baho berishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |