Pedagogik ma’noda gender – oʻgʻil va qiz bolalarning murakkab ta’limiy sotsiomadaniy birligi boʻlib, ularning xatti-harakati, mentaliteti va emotsional xususiyatlari, oʻquv faoliyatidagi oʻzaro teng va farqli jihatlarini oʻz ichiga oladi.
Bugungi kunda oʻgʻil va qiz bolalarning rivojlanishidagi fiziologik, axloqiy, emotsional, xulq-atvorga oid farqlar toʻliq oʻrganilgan. Ana shu asosdan kelib chiqib, oʻquvchilarning rivojlanishida hisobga olish lozim boʻlgan quyidagi gender xususiyatlarni sanab oʻtish mumkin:
- qiz bolalar oʻgʻil bolalarga qaraganda ikki marta koʻproq savol berishadi;
- qizlar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzining istaklari haqida gapirmaydi, lekin tezda kelishib ketadi;
- oʻgʻil bolalar hal qiluvchi fikrni ayta olishadi va oʻz nuqtai nazarida qolishni afzal koʻrishadi;
- mustaqil hal etish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishda oʻgʻil bolalar sifati, qiz bolalar esa hajmini hisobga olishadi;
- oʻgʻil bolalar koʻproq falsafiy fikr yuritadi, fikrning mantigʻiga e’tibor berishadi;
- qizlarga koʻproq psixologiya, adabiyot yoqadi;
- oʻgʻil bolalar dialog, munozarani afzal koʻrishadi;
- qiz bolalar monologlikka moyil, eshitishni va oʻzida aks ettirishni yoqtiradi;
- oʻgʻil bolalar koʻproq virtual(moʻjiza)likka, hayolotga qiziqishadi;
- qiz bolalar oʻgʻil bolalarga qaraganda ratsional va pragmatik, ular oʻz tanlovlarini foydalilik nuqtai nazaridan, ya’ni tanlanayotgan narsa qanchalik maqsadga erishishga imkon berishiga qarab amalga oshirishadi;
- oʻgʻil bolalar oʻz tuygʻularini ochiq bayon etishadi;
- qiz bolalar oʻz xohish va istaklarini yashirishadi, aytish uchun uzoq vaqt kutishadi.
Shaxs ijtimoiylashuvi. Ijtimoiylashuv insonlarning madaniyat, kommunikatsiya ta’siri ostida shakllanish jarayoni, bir-birlari bilan muloqotda boʻlishlarini ifodalasa, ijtimoiylashtirish tushunchasi esa, jamiyatning muvafaqqiyatli rivojlanishi uchun zarur boʻlgan namunali xulq, psixologik mexanizm, sotsial norma va qadriyatlarni oʻzlashtirish jarayonidir. Ijtimoiy-falsafiy, psixologik va pedagogik tadqiqotlar jarayonida shaxs ijtimoiylashuviga xos boʻlgan quyidagi holatlar aniqlangan:
- shaxsning ijtimoiylashuvida ayrim davrlarning va bir davrdan ikkinchi davrga oʻtish jarayonida roʻy beruvchi ijtimoiy omillar (mega omillar, makro omillar, mezo omillar, mikro omillar), voqeliklar hamda ularning ta’siri yetakchi oʻrin tutadi;
- bolaning kamol topishi, shaxs boʻlib shakllanishida ijtimoiy, xususan, ota-onalar va bola oʻrtasidagi munosabatlar, ularning oʻzaro hissiy birligi muhim ahamiyatga ega;
- shaxs muayyan sxemalar hamda kognitiv tuzilmalar yordamida boshqariladi, shu sababli uning ana shu sxema va kognitiv tuzilmalarga moslashuvi ijtimoiylashuv mohiyatini anglatadi;
- shaxs ijtimoiy ta’sirlar yordamida ilmiy bilimlar hamda kishilik madaniyati unsurlarini oʻzlashtiradi, ularning negizida esa u aqliy jihatdan kamol topadi va axloqiy sifatlarga ega boʻladi – mazkur holat shaxs ijtimoiylashuvining ustuvor jihati hisoblanadi;
- shaxsning ijtimoiylashuvi turli ijtimoiy tuzumlar, jamiyat rivojining muayyan davrlarida bir xil kechmaydi, har bir davr shaxs ijtimoiylashuvida oʻziga xos koʻrinishda namoyon boʻladi;
- ijtimoiylashuv bolalikkagina xos xususiyat boʻlmay, shaxs hayotining barcha davrlarini qamrab oladi.
Ma’lumki, ijtimoiylashuv shaxsning jamiyatdagi qadriyatlarni qabul qilishi va zaruriy darajada ijtimoiy, fuqaroviy va shaxsiy etuklikka erishishi asosida jamiyatga kirib borishidir. Shaxsning ijtimoiylashuvi esa, inson oʻzini jamiyatda shaxs sifatida anglab borishi jarayonidir. Bu tarbiya, ta’lim, oʻz-oʻzini tarbiyalash jarayonida yuzaga kelib, inson qachonki, oʻz maqsadlarini mustaqil aniqlay olib, ularga erishish yoʻllarini belgilasa, oʻz qadr-qimmatini anglab yetib, jamiyatdagi oʻz oʻrniga ishonch hosil qilsagina amalga oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |