Targ’il mushaklarning xossalari. Ko‘ndalang-targ’il mushaklarning odam va umurtqali hayvonlarda uchta asosiy xossasi farqlanadi: 1. Qo‘zg’aluvchanlik, ya’ni membranani ionlar uchun o‘tkazuvchanligini o‘zgartirib, ta’sirotga harakat potentsiali vujudga keltirishi bilan javob berish qobiliyati; 2. O‘tkazuvchanlik, ya’ni harakat potentsialini tola bo‘ylab tarqatish qobiliyati; 3. Qisqaruvchanlik, ya’ni qo‘zg’alish natijasida kaltalanish yoki o‘z tarangligini o‘zgartirish qobiliyati.
Bu xossalarni yaxlit mushaklarda o‘rganish uchun sovuqqonli hayvonlarning asab-mushak preparatidan foydalanish qulay. Chunki bu preparat, oddiy sharoitda, muhit harorati va kislorod bilan ta’minlanish mo‘tadil bo‘lmagan holda ham, uzoq vaqt faol holatda bo‘ladi, hamda qurib qolmasligi uchun fiziologik eritma bilan xo‘llab turilsa bo‘ldi. Odatda baqaning boldir mushagi va uni innervatsiyalovchi quymich asabdan foydalaniladi. Mushakning qisqarishi miograf yordamida kimografdagi qog’ozga yoziladi, ta’sirlovchi sifatida kuchi, davom etishi vaqti, chastotasini osonlik bilan o‘zgartirish mumkin bo‘lgan elektr toki qulaydir. Mushak, odatda asabga tok bilan ta’sir qilib (vositali yo‘l bilan) yoki bevosita o‘ziga ta’sir qilib qo‘zg’atiladi yoki qisqartiriladi. Mushakning elektr faolligini, unga o‘rnatilgan elektrodlar yordamida kuchaytirgichlarga uzatib, so‘ngra magnit yoki foto tasmaga yozib olinadi. Mikroelektrodlar yordamida yakka mushak tolasida hosil bo‘ladigan potentsiallar yozib olinadi.
Umurtqalilar yurak mushagining xossalari. Umurtqali hayvonlarning yuragi uzunchoq, bir yadroli mushak hujayralari - kardiolitsitlardan tuzilgan bo‘lib, ularda ko‘ndalang chiziqsimon iplar mavjud. Demak, yurak mushaklari ko‘ndalang-targ’il mushaklar tipiga xos.
Yurak mushaklari tuzilishining asosiy xususiyati shundan iboratki, uning kardiotsitlari, o‘zaro, past omli elektr kontaktlar - neksuslar bilan bog’langan. Shunday qilib kardiomitsitlar ko‘plashib oqibatda funktsional birlikni hosil qiladiki, bu yurakning nasos faoliyatini bajarishi uchun muhimdir. Shu bog’lamlar tufayli, yurakning qaysi bir nuqtasiga elektr ta’sir ko‘rsatilmasin, uni mushak hujayralarining barchasida elektrli hamda qisqarish javob reaktsiyasini chaqiradi. Shuning uchun yurak (skelet mushakdan o‘zgacha) elektr ta’siriga “bor yoki yo‘q” qoidasiga binoan o‘ziga xos birlik sifatida javob beradi.
Tabiiy sharoitda, yurak qisqarishiga keladigan stimul yurakning o‘zida, aniqrog’i, sinusli bog’lamning o‘ziga xos mushak hujayralarida paydo bo‘ladi. Bu hujayralarda, harakat potentsialining rivojlanishiga olib keladigan, ma’lum bir davriy, o‘z-o‘zidan depolyarizatsiya sodir bo‘ladi. Yurakning yurakoldi kardiomiotsitlarini harakat potentsiali, skelet-mushak tolalariga nisbatan ko‘proq muddat davom etadi.
Umurtqalilar yurak tolalari harakat potentsialining ionli mexanizmi, kalitli kanallarning depolyarizatsiyalovchi rag’bat tomonidan tezlik bilan faollashuvidan iborat. Kiruvchi toklar kanalining (Na-Sa-kanallari) keyinchalik sodir bo‘ladigan inaktivatsiyasi sust amalga oshadi. Shu tufayli, K-kanallarining qisman faollashuvi, bu erda to‘xtab turuvchi depolyarizatsiya tomonidan o‘nlab-yuzlab millisoniya ushlanib qoladi. Mushak potentsiali ma’lum bir miqdorga etgan paytdagina K-kanallarining ochilishi va harakat potentsialining pasayishi (tugashi) boshlanadi. Yurak qorinchalari hujayralari harakat potentsialining bunday tashkil topishi, ularni nisbatan uzoq muddat qisqarishini (250-300 ms) ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, dam berib to‘ldiruvchi nasos funktsiyasini bajarish uchun zarurdir. Kardiomiotsitlar harakat potentsialining davomiyligi, yurakning davomli absolyut refrakter fazasini belgilaydi.
Umurtqalilar va odam yuragining umumiylashgan elektr faolligi, R, Q, R, S, T tishchalarni o‘z ichiga olgan, to‘lqinlanish majmuining ritmik qaytarishi ko‘rinishida bo‘ladi.
Yurak-mushak elementlaridagi elektromexanik aloqalar, umuman olganda, umurtqalilar skelet mushaklaridagi kabi bo‘ladi. O‘ziga xosligi shundan iboratki, bu erda Sa2+ ionlarining manbai bo‘lib, qisman, sarkoplazmatik retikulum (nisbatan sust rivojlangan) hisoblanadi, qolgan Sa2+ esa qo‘zg’algan kardiomiotsitlarga tashqaridan kirib keladi. Umurtqalilar yurak-mushak tolalarining qisqarish mexanizmlari skelet mushaklarnikiga o‘xshashdir.
Chiqaruvchi klapanlarni qorinchalar bo‘shlig’iga to‘lgan qon bosimi bilan ochuvchi nasos, dam berib to‘ldiruvchi nasos sifatida yurak qorinchalar uchun muhimdir. Ularni oldindan, kirib kelayotgan qon tomonidan passiv kengayishi, faol qisqarish paytida umumiy kuchlanishni kuchaytiradi. Shu asosda, yurak funktsiyasini o‘z-o‘zidan boshqarilishi amalga oshiriladi, ya’ni qon oqimining kuchayishi paytida, qonning chiqarilishini kuchaytiradi (Starling qonuni).
Umurtqalilar yuragining mushagi avtomatik ravishda, ya’ni MAT tomonidan buyruqsiz ishlaydi. Lekin, yurak simpatik (noradrenergik) va parasimpatik (xolinergik) innervatsiyaga ega bo‘lib, yurak faoliyatining ritm va quvvatini markaziy nazoratini ta’minlaydi.
Silliq mushaklardagi ayrim hujayralar, o‘zaro, past qarshilikka ega elektr kontaktlari - neksuslar bilan bog’langan bo‘ladi. Silliq mushaklar hujayralarida, xuddi ko‘ndalang-targ’il mushaklarniki singari, sarkomerli miofibrillalar mavjud. Silliq mushaklar parasimpatik va simpatik asablar hamda metasimpatik to‘r bilan innervatsiyalanadi. Lekin, silliq mushaklar hujayralarining hammasi ham innervatsiyalanmaydi, ularning ko‘pchiligi asab tizimi tomonidan to‘g’ridan-to‘g’ri emas, balki boshqa silliq mushaklar hujayralari tomonidan bilvosita nazorat qilinadi.
Umurtqalilar silliq mushaklarining qisqarish kuchi ko‘ndalang-targ’il mushaklarning qisqarish kuchi bilan tenglashtiriladi va 30-40 N/sm2 ga teng, lekin qisqarish tezligi 1-2 pog’ona past. Silliq mushaklarning energiya sarf qilishi (bir xil qisqarish kuchida), ko‘ndalang-targ’il mushaklarnikiga qaraganda 100-500 marta kam.
Do'stlaringiz bilan baham: |