2-MA’RUZA: XALQ OG‘ZAKI IJODI VA BOLALAR KITOBXONLIGI
Bolalar kitobxonligini o‘quvchilarning pedagogik-psixologik xususiyatlariga ko‘ra quyidagicha guruhlarga ajratish mumkin:
1. Maktabgacha tarbiya yoshdagi bolalar kitobxonligi (2 yoshdan 7 yoshgacha).
2. Maktab yoshidagi kichik bolalar kitobxonligi (7 yoshdan 11-12 yoshgacha).
3. O‘rta va katta maktab yoshidagi bolalar kitobxonligi (13-14 yoshdan 15-17 yoshgacha).
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligi
Bu davr bolalar kitobxonligi asosan ota-onalar va tarbiyachilar tomonidan amalga oshiriladi. Hali o‘qish, yozish-chizishni bilmaydigan maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar dunyo sirlaridan bexabar bo‘ladilar. SHunga qaramay, bizni qurshagan olamni tezroq bilib olishga, uni o‘rganishga intiladilar. Bunda ota-onalar, bog‘chalarda esa tarbiyachilar bolalarga yaqindan yordam berishi, ya’ni ularga badiiy asarlardan parchalar o‘qib berishi lozim. Bolalarga o‘qib beriladigan har qanday asarning hajmi qisqa, mazmuni sodda bo‘lishi talab etiladi. SHuningdek, bunday kitoblarning rasmlari rang-barang, harflari esa yirik-yirik bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar tinglaydigan asarlarning ko‘pchiligini ertak, qo‘shiq, topishmoq, maqol, tez aytish kabi xalq og‘zaki ijodi asarlari tashkil etadi. Bundan tashqari, yozuvchilar yaratgan va yuqori talablarga to‘la-to‘kis javob beradigan asarlar ham maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun qo‘l keladi. Ammo shu narsani ham ta’kidlab o‘tish kerakki, bolalar uchun ijod qiladigan qalam sohibi hayotdagi muhim, harakterli voqea va hodisalarni badiiy obrazlar orqali bolalar nutqiga xos tilda, ularning yoshi, ruhiyati va saviyasiga muvofiq ravishda tasvirlashi lozim.
Bolalar shoiri Anvar Obidjonning “Suhbat” degan she’ri bor. SHoir unda bolalar yaxshi ko‘radigan g‘ozlar to‘g‘risida so‘z yuritadi. Ma’lumki, bolalar jonivorlar, xususan qushlarga ilk yoshlaridan boshlab qiziqadilar. SHu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, “Suhbat” bola hayotida muhim rol o‘ynaydi. Voqea juda oddiy va sodda. O‘zaro suhbatdan ma’lum bo‘ladiki, g‘ozlarning qorni och, ularni boqish kerak. Buni shoir o‘yin vositasida ifoda etadi:
- G‘ozlar, bir so‘z deysizmi? - Nega patni silaysiz?
- G‘a, g‘a-g‘a! - G‘oq, g‘oq-g‘oq.
- Totli suli eysizmi? - Mendan nima tilaysiz?
- Ha, ha, ha! - Boq, boq, boq!
Bu xildagi she’rlar kichkintoylarni mustaqil fikrlashga, turmush taassurotlarini to‘plab, ulardan xulosa chiqarishga o‘rgatadi.
Bolalarning, ayniqsa, jajji qizchalarning sevimli mashg‘ulotlaridan biri qo‘g‘irchoq o‘ynashdir. Yo‘ldosh Sulaymonning “Qo‘g‘irchoq” she’rida qo‘g‘irchoqlarni asrab-avaylash, oddiy bir o‘yinchoq vositasida kattalarning mehnatini e’zozlash masalasi o‘rtaga tashlanadi.
Quyosh bilan teng turib,
Ozoda kiyintirib,
Senga taqamiz marjon,
Qo‘g‘irchoq, qo‘g‘irchoqjon.
Qo‘ldan qo‘ymaymiz sira,
YUqtirmaymiz gard, shira.
Ovunchoqsan bizlraga,
Qo‘g‘irchoqsan bizlarga.
Har qanday yozuvchi maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga o‘qib beriladigan asar tilining badiiy jihatdan puxta-pishiqligiga, tushunarli, aniq va ravonligiga alohida e’tibor beradi. Bu yoshdagi bolalarga tavsiya etiladigan asarlar hayot haqida muayyan tasavvur berishi bilan birga zavq-shavq bag‘ishlaydi:
Men Lolaman, Lolaman,
Ozoda qiz bo‘laman.
Erta bilan turaman,
YUz-qo‘limni yuvaman,
Mushugim bor qora mosh,
O‘zi judayam yuvvosh
Mendan oldin turadi,
YUz-qo‘lini yuvadi. (SH.Sa’dulla. “Lola va mushuk”)
Xulosa qilib aytganda, bolalar o‘zlari tinglagan asarlari yordamida asta-sekin atrof-muhit bilan tanishadilar, ona-yurtga mehr-oqibatli bo‘lishni, tabiatni asrashni, mehnatni sevishni o‘rganadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |