Ko’k tangri
Ko’k tangri turkiy qavmlarning eng qadimiy dinidir. Ularning fikricha, ko’k yuzi Tangri bo’lib, u falakning, yerning hukmdoridir. Quyosh, oy va yulduzlar Tangrining atrofidagi ko’kning yuziga joylashgan muqaddas tushunchalardir. Ko’k Tangri zaminga hayot, odamlarga jon beradi, istasa qaytarib oladi. Hatto turk xoqonlari ham Ko’k Tangrining xohishi bilan taxtga o’tiradilar. Kul tegin toshbitiglarida shunday satrlar bitilgan:
1. Tangri toq. Tangridan bo’lgan
Turk Bilka qog’on bu yerga o’lturdim.7
2 Yuzada Ko’k Tangri
Ostda qora yer qilindi
Ikkisi aro kishi o’g’li qilindi.8
Birinchi parchada turkiylar Tangrining yagonaligiga ishonch bildirishi ularning milliy ongi yuqoriligini ko’rsatadi. Chunki qadimda shumer, yunon, rum va boshqa qavmlar ko’pxudolikni tasavvur etganlar. «Turk Bilga xoqon Tangridan bo’ldi» iborasida xoqonlar ham hokimiyatni Tangridan olishiga inonishdir. Turkiy qavmlar Tangri so’zini ko’k, osmon hamda Tangri, Xudo ma’nosida qo’llaganlar. Ikkinchi parchada shunday ma’no ifodalangan bo’lib, inson farzandi osmon va yer o’rtasida Tangri tomonidan yaratilganiga ishora etilgan.
Urxun-Enasoy yodgorliklarida «Tangri-tek-Tangri» birikmasi uchraydi, uning ma’nosi ham Tangrining tanholigini e’tirof etishdir. Tangri – tek-Tangri – osmondek Tangri yoki Ollohdek Olloh, Ollohga o’xshaydigan Olloh deyilishida Tangrining qiyofasi uchun hyech bir sifat, o’xshatish yo’q, u faqat Tangrining o’ziga o’xshaydi, degan qarash ifodalangan. Ko’kning Tangri sifatida qabul qilinishi, ko’k qobig’idagi osmoniy jismlarning ham muqaddasligini belgilaydi. Shu sababli ham turkiylar osmon jismlarida ilohiylikni sezadilar. Gerodotning yozib qoldirishicha, turkiylarning antik davrlarda yashagan qavmlaridan biri massagetlar Quyoshni yagona tangri deb bilganlar. Quyosh sharafiga otlarni qurbonlik qilishgan. Ularning tushunchasiga ko’ra, Tangriga qanchalik ko’p qurbonlik qilinsa, u borliqqa nurini shunchalik tez sochadi.
Osmon jismlariga Tangri sifatida sig’inish milodimizning III asrida alohida din sifatida ko’ringan. U Xitoyda 215 yilda tug’ilgan Moniy nomi bilan bog’langandir. Moniy «Shopurqon» asarida o’z diniy ta’limotining tamoyillarini bayon etgan. Beruniy «Hindiston» asarida keltirishicha, Moniy yozgan edi: «Boshqa xalqlar bizni Oyga va Quyoshga sajda qilib, bu ikkovini sanam o’rnida tutishimizni ayblaydilar. Oy va Quyosh bo’lsa bu olamga chiqishimizning yo’li va eshigidir. Iso ham shunday fikrda bo’lgan».9
Ko’k Tangri dini moniylikdan mutloq farq qiladi. Moniylikning osmon jismlariga sig’inishi, ularni Xudo darajasida anglashi yangilik bo’lmay, bunday qarashlar qadimgi davrdagi Kichik Osiyo xalqlari, jumladan, shumerlar hayotida, xususan, adabiyotida o’z ifodasini topgan. Hatto turkiylarning massaget qavmi ham quyoshni yagona Xudo deb tan olishi ta’kidlandi. Ko’k Tangri dini esa butun osmon yuzini Xudo deb tushunadi. Tangrining osmonda ekanligiga ishonch bildiradi. Osmon Tangri hisoblangani uchun shu osmonda joylashgan Quyosh, Oy va Yulduzlar muqaddas sanaladi.
Turkiy qavmlarning Ko’k Tangri diniga e’tiqodi «O’g’uznoma» dostonida yorqin ifodasini topgan:
Kunlardan bir kun
O’g’uz xoqon bir yerda Tangriga yolvorayotgan
edi. Qorong’u tushganda. Ko’kdan
bir ko’k nur tushdi. Quyoshdan yorug’,
oydan yorqinroq
edi. O’g’uz xoqon u tomonga yurdi, ko’rsaki,
o’sha yorug’likning orasida bir qiz
bor bo’lib, yolg’iz o’tirar ekan.
Yaxshi, chiroyli bir qiz edi.
Uning boshida otashga o’xshash
yorug’ bir xoli bor edi, xuddi
oltin qoziq yulduziga o’xshar edi.
U qiz shunday chiroyli ediki,
kulsa, ko’m-ko’k osmon kulardi,
yig’lasa, ko’m-ko’k osmon yig’lardi.10
Bu parchada Ko’k Tangrining obrazi turkiy qavmlar tasavvuri darajasida chizilgan. O’g’uz xoqon Tangriga yolvorganda ko’kdan tushgan nur Tangrining mehri edi. Bu nur oldida Quyosh va Oy nuri ojizdir. Demak, turkiylar uchun ko’k mavjud ekan, Quyosh va Oy Tangri bo’la olmaydi. Badiiy adabiyotda Tangrini yor, ma’shuqa timsolida tasavvur etish an’analari mavjud. O’g’uz xoqonga nur orasida ko’ringa chiroyli qiz – bu Tangri edi. U shu qadar qudratli kuchki, kulsa osmonni (o’z makonini) kuldiradi, yig’lasa yig’latadi.
Dostonda O’g’uz xoqon o’ziga hamroh tutungan nurdan uch farzand ko’radi. Ularga Kun, Oy, Yulduz ismlari beriladi. Demak, bunday nomlanishda ham osmon jismlari Tangri emas, aksincha ular Osmon – Tangrining mehridan yuzaga kelgan muqaddas farzandlardir.
Professor N.Rahmonov «Ko’hna bitik toshlar» kitobida keltirishicha, «Sibirdagi turkiy va boshqa xalqlar tilida ham Tangrining ilohiy mazmuni va osmon ma’nosi saqlangan. Masalan, evenklar tangara deb osmon va xudoni aytadilar. Mordvalar esa tangri deganda faqat osmonni tushunadilar. Mo’g’ullarda ham tangrining faqat osmon ma’nosi bor, ilohiy mazmuni yo’q. Yoqutlarda ilk mifik ko’rinishi – keyingi davrdagi turli afsona qoldiqlari singdirilgan holda saqlangan.
Qadimgi turkiy muhitdagi tangri obrazi qorachoy-bolqor folklorida ham uchraydi. Qorachoy-bolqorlar qadimgi turkiy madaniyatga asoslangan mifologik tasavvurlarning katta qatlamini saqlagan. Qorachoy-bolqorlar mifologiyasidan bizgacha turk-mo’g’ul panteoni Tangriga bag’ishlangan uchta gimn-qo’shiq saqlangan. Ularning har biri o’ziga xos kuyga va ijro xususiyatiga ega. Tangri bu qo’shiqlarda yer osmonni yaratuvchi, yerdagi barcha jonzodlarning homiysi sifatida kuylanadi».11
Qadimgi yunon va turkiylar tafakkurida xudo osmonda tasavvur etilishiga ko’ra mushtaraklik, shu bilan birga farqli tomonlar ham mavjud. Turkiylarda Ko’k deyilganda ikki ma’no – Tangri (ramziy) va osmon (asl) tushunilgan. Beruniy «Hindiston» asarida ko’rsatishicha, yunonlar ham Zevsni ramziy va tabiiy ma’noda tushunganlar. Miloddan oldingi V asrda yashagan yunon shoiri Kratos falakni Zevs deb atagan. Bu ramziy ma’nosidir.12 Zevs xudolar xudosi ekanligi uning tabiiy ma’nosi hisoblanadi. Turkiylarda Ko’k misolida Tangrining yagonaligi tan olinadi va ulug’lanadi. Yunon mifologiyasida esa ko’p xudolik targ’ib etiladi hamda xudolar odam shaklida tasavvur etiladi. Har bir xudoning o’z vazifasi bor. Ular o’lmasligi bilan odamlardan farq qiladi. Lekin xudolar odamlar ko’zidan uzoqda, hamisha bulutlar bilan qoplangan Olimp tog’ida yashaydilar. Qadimgi turkiylar ham Zevsni o’zlariga Tangri deb tushunishi va boshqa ma’budalarga ham sig’inishi ular ham diniy e’tiqodlarining ilk shaklida ko’p xudolikni tan olganligini ko’rsatadi. Tangrining yagonaligiga ishonish esa turkiylardagi diniy qarashlar asrlar davomida shakllanib borganligidan nishonadir.
Gerodot skif mifologiyasiga asoslanib, Gestiya, Zevs, Geya, ulardan keyin Apollon va Falak Afrotidasi, Gerakl va Aris, Poseydonlarni skiflar sig’inadigan xudolar deb ko’rsatadi. Tarixchi qadimgi yunon tilidagi xudolar nomining skifcha nomlanishini ham keltiradi: Gestiya – Tabiti, Zevs – Papay, Geya – api, Appolon –Toytosir, Falak Afrotidasi – Argimpasa, Poseydon – Fagimasad. Tabiti oila, olov xudosi nomi bilan ulug’lanadi va Zevsning xotini Geya bilan tenglashtiriladi. Unga «skiflar malikasi» nomi beriladi. Antik davr bilimdonlaridan biri D.S.Rayevskiy skif shohi Qoloqsay o’z hukmdorligini mustahkamlash maqsadida ma’buda Tabitiga uylangan, degan fikrni bayon etgan. F.Sulaymonovaning skif tilida Zevs - Papay, Geya – Api deb nomlanishiga Papay turkiy tilda boboy, ota, Api – opa, ona deb izoh berishi ham e’tiborga loyiqdir.13 Bu so’zlarning hozirgi turkiy lug’atlarda o’rni saqlanib qolgan va iste’molda bor. Skiflar Gestiya - Tabitini xudolarning eng birinchisi deb bilishi va sig’inishi ehtimol, otashparastlikning ta’siridir. Yunon mifologiyasida otash ma’budi–Gefest ikkinchi darajali ma’budlar qatorida turadi.
Markaziy Osiyo xalqlarining muqaddas yodgorligi «Avesto» ham yunon va Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasining ma’budlari o’rtasida yaqinlik borligini ko’rsatadi. Masalan, butun ma’budlar ma’budi Zevs vazifasini oliy shoh Ahura Mazda bajaradi. Olov ma’budi Gefest Zevsning, olov ilohi Arta esa Ahura Mazdaning o’g’li. Yunonlarda qonli urushlar ma’budi Ares, zardushtiylarda yovuz kuchlar ilohi Angra Manyu, Quyosh ma’budi yunonlarda Gelios, Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida esa Mitra, yunonlarda barcha ma’bud va ma’budalar Olimp, Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida Xara tog’larida turib, olamni boshqaradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |