OLOVBARDOSH KERAMIK MATERIALLARNING ISHLATILISH SOHASI.
O‘tga chidamli g‘ishtlar asosan qora metallurgiya sanoatida cho‘yan va po‘lat eritiladigan domna, marten, kislorodli konvertor va elektr pechlarning ichki devorlariga ishlatiladi. Shuningdek, po‘lat quyish qurilmalarining cho‘mich, stakan, probka va vtulkalari kabi qismlari ham shunday materiallradan yasaladi. Sanoatdagi pechlarning yoki qo‘ralarning poydevori va devorlariga ham shamot, mulit, mulit-kround, kround kabi materiallar ishlatiladi. Keyingi vaqtlarda metall eritish kombinatlari prokat sexlarining ulkan isituvchi pechlarida kround va mullit kabi materialni qo‘llanish katta iqtisodiy samara bermoqda.
Dinas g‘ishtlar issiqlik taʼsirida 15% kengayadi. Shunga ko‘ra ular hamma vaqt yuksak temperatura taʼsirida bo‘ladigan inshoatlarning gumbaziga, havo isitgichlarning issiqlik tarqatuvchi qismlariga ishlatiladi. Pechlarning tez yemiriladigan qismlari, po‘lat quyish stakanlari magnezitli g‘ishtlardan teriladi.
Rangli metallurgiya sanoatida o‘tga chidamli materiallar qora metallurgiyadagi nisbatan kamroq ishlatiladi. Bu yerda ko‘proq xromitli, sirkonlimateriallar qo‘llaniladi. Jumladan, mis eritiladigan konvertor pech devori magnezitli g‘ishtdan teriladi va shlaklar taʼsiriga chidamliligini oshirish maqsadida yuziga yupqa qatlam qilib magnetitli material qoplanadi. Yoqilg‘ida ishlaydigan qo‘ralar, shu jumladan alyuminiy eritiladigan pechlar, shuningdek, platina, titan, palladiy, ruteniy kabi metallar eritiladigan tigellar uchun sirkonli g‘ishtlardan foydalaniladi.
Yuqorida aytib o‘tilgan mahsulotlarning o‘ndan bir qismi sanoat qurilishlarida ishlatiladi. Masalan, g‘isht pishiriladigan pechlar, yaʼni davriy va uzluksiz ishlaydigan xumdonlar asosan shamot va dinas g‘ishtlardan quriladi. Binolarning ichki va tashqi bezaklarini tayyorlash vaqtida ishlatiladigan qoliplar, tombop cherepitsalar, keramika koshinlar, kanalizatsiya uchun ishlatiladigan quvurlar, sanitariya-texnika buyumlari, qolaversa, o‘tga chidamli materiallarning o‘zlari ana shunday pechlarda pishiriladi. Gips qaynatiladigan qozon, portlandsement tayyorlanadigan aylanma pech, ohaktosh kuydiriladigan shaxta, shisha pishiriladigan vannalarning yuksak temperatura taʼsiriga uchrayligan qismlari shamotli materiallardan yasaladi.
Energetika va transport mashinasozligi korxonalarida, traktorsozlik va qishloq ho‘jaligi mashinasozligi zavodlarida, oziq-ovqat, Kime sanoatlari korxonalarida, temir yo‘l va boshqa sohalarda ham o‘tga chidamli materiallar tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda. Ulardan siklon, radiator, quvur, issiqlik izolyasiyasi, elektr izolyasiyasi va vakuumga turg‘un detallar tayyorlashda foydalanilmoqda. Masalan, sirkoniyli oksid reaktiv dvigatellarda korroziya va eroziyadan saqlovchi qatlam sifatida qo‘llanilmoqda. Atom reaktori qurishda ham ular ishlatiladi. Beriliy oksididan yasalgan konstruktiv elementlar yadro energetikasidan reaktorlarning sekinlatgichlari va qaytargichlari vazifasini bajarmoqda. Magniy oksidi temperaturaning keskin o‘zgarishiga bardosh beradi. Shuning uchun reaktiv dvigatellarning ayrim detallari, raketalarning konussimon tumshuq qismi shunday materiallardan tayyorlanadi. Elektronika sohasida ham bunday materiallardan keng foydalanilmoqda.
Mamlakatimizda qora metall prokati ishlab chiqarish o‘n birinchi besh yillik ohirida 14-17 protsent, sement ishlab chiqarish 13-15 protsent ko‘paytiriladi. Shuningdek, shisha, keramika buyumlar, rangli metallurgiya mahsulotlari hissasi ham ortadi. Bu esa o‘tga chidamli materiallarni 1980 yildagiga nisbatan 17-20 protsentdan ko‘proq ishlab chiqarishni taqazo etadi.
Respublikamizda sanoatning o‘tga chidamli materiallari, buyumlar ishlab chiqaradigan tarmog‘ini keng rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Markaziy Osiyodagi Geologiya va mineral xom ashyo ilmiy-tadqiqot institutida, O‘zbekiston fanlar akademiyasining Xabib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutida, Toshkent kimyo-texnologiya institutida va Geologiya ministrligi “Kimyogeolnorud” trestida mehnat qilayotgan olimlar va mutahassislarning fikricha, Angren kaolini mazkur soha uchun noyob hom ashʼyo bo‘lib hisoblanadi.
Respublikamizda sifatli shamot tayyorlash uchun bir qancha tadbirlarni amalga oshirish, chunonchi, mavjud texnologiyani Angren gilmoyasiga moslab o‘zgartirish, zarur qurilmalar o‘rnatish, gilmoyani boyitish zarur. Bu sohada ishlaydigan malakali mutahasislar tayyorlash masalasi allaqachon hal bo‘lgan. Toshkent kimyo-texnologiya institutida ko‘p yillardan buyon shunday mutaxassis-injenerlar yetishib chiqmoqda. Institutning “Silikat materiallar texnologiyasi” kafedrasi olimlari Angren kaolinining sifatini o‘rganib, unga turli kimyoviy moddalar taʼsirini tekshirib, bu xom ashyodan tayyorlash mumkin bo‘lgan o‘tga chidamli mahsulotlarning xossalarini yaxshilash, sifati va mustahkamligini oshirish sohasida diqqatga sazovor ishlar qilmoqdalar.
Xozirgi kunda Angrendagi «Kulol”, Toshkentdagi chinni, Chirchiqdagi «G‘azalkentoyna”, Quvasoydagi «Kvars” va boshqa bir qator korxonalarda oz miqdorda bo‘lsa xam o‘tga chidamli shamot g‘ishtlarni ishlab chiqarish boshlandi. Ushbu kichik sexlarda xom-ashʼyo sifatida kuydirilmagan Angren kaolini va olovbardosh g‘isht chiqindilaridan foydalanilmoqda.
Respublikamizda kaolin kabi xom ashyoning ko‘pligi, yuqori malakali mutaxassislar mavjudligi, olimlarning tinimsiz izlanishlari o‘ta yuksak temperaturaga chidamli mahsulot ishlab chiqaruvchi mexanizatsiya-lashgan katta korxonalar qurib ishga tushurish uchun imkon beradi. Ishonchimiz komilki, yaqin yillarda O‘zbekistonda ana shunday korxonalar yetarlicha qurilib, o‘tda yonmaydigan va suvda zanglamaydigan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |