5.1. Arab va fors-tojik tillaridan tarjima qilingan asarlar
Tarjima tarixi juda qadim zamonlardan boshlanadi. O‘sha davrlardan buyon turli tillarda so‘zlashuvchi xalqlar bir-birlari bilan muomala qilganlarida tarjimon (tilmoch) orqali ish bitirganlar. Savdo-sotiq ishlarida, diplomatik munosabatlar va madaniy aloqalarda hamma vaqt tarjimaga zarurat tug‘ilgan. Xalqlar o‘z tarjimonlariga katta hurmat bilan qaraganlar. Ularning nomlari tarix sahifalarida yozilib qolgan.
O‘rta Osiyo xalqlarining madaniyati ham qadimdan boshlanadi. Arablar istilosiga qadar ham O‘rta Osiyoda yashab ijod qilgan olim va yozuvchilar o‘zlaridan keyin boy ilmiy va adabiy meros qoldirganlar. Ular orasida ko‘pgina tarjima asarlarining mavjud bo‘lganligi haqiqat. Ammo mamlakat arablar istilosi ostida ekan, bu asarlar islom diniga qarshi deb yondirib yuborilgan. VII asrda Iroq, Suriya, Falastin, Eronni bosib olgan arab istilochilari Marv, Xorazm, Buxoro va Samarqandni qo‘lga kiritadilar. Dastlab islom dini O‘rta Osiyo xalqlariga qabul qildiriladi. Qadimgi Xorazm, so‘g‘d yozuvlari o‘rniga arab yozuvi joriy qilinadi. Madrasalarda arab tilini o‘rganish majburiy qilib qo‘yiladi. Arab istilochilari turk va fors tillarini bilgan tarjimonlardan turkiy xalqlar bilan arablarni bir-biriga bog‘lovchi vosita sifatida foydalanadilar. Islom dini mamlakatda hukmron din, arab yozuvi yagona yozuv, arab tili esa adabiy til bo‘lib qoldi. Olim va shoirlar arab tilida kitoblar yoza boshlaydilar. Arablar istilosi davrida eng ko‘p tarjima qilingan asarlar tarixiy-badiiy janrda yaratilgan kitoblar bo‘lib, ularni ko‘pincha adib, shoirlar tarjima qilar edilar. Bir necha asrlar davomida O‘rta Osiyoda arab xalifaligi hukmronligi hakm suradi. IX asrning boshlaridayoq O‘rta Osiyoda mustaqil feodal davlatlar tuziladi. Tohiriylar sulolasi boshlanadi. Bu sulola 873 yilda yakson etilgan edi. Uning o‘rniga Somoniylar sulolasi boshlanadi. 874 yilda Ismoil Somoniy hukmron bo‘ladi. U tarqoq feodal hukumatlar qarshiligini bostiradi va ularni birlashtirib, yirik davlat tuzadi. Somoniylar davrida adabiyot, san’at, madaniy hayot rivoj topadi. Katta-katta olimlar, tarixchilar yetishib chiqadi. Forobiy, ibn Sino, Beruniy kabi olimlar o‘z asarlarini arab tilida yozadilar. 359 yilda vafot etgan olim Abu Bakr Muhammad bin Ja’fariy Narshaxiy Buxoro tarixiga “Tahqiqul-viloyat” (O‘lkani o‘rganish) asarini yozdi. Asar fors tiliga, keyingi davrlarda rus tiliga ham tarjima qilingan.
Eng qadimiy asarlardan biri 922 yilda vafot etgan Abu Ja’far Muhammad bin Jarir Tabariyning “Tarixi Tabariy” nomli bir necha tomli asari bo‘lib, 963 yilda Buxoroda somoniy amirlari saroyida vazir bo‘lgan Mir Abu Ali bin Muhammad Bal’amiy asarni tojikchaga qisqartirib tarjima qilgan. Keyinchalik asar boshqa tillarga tarjima qilingan. “O‘zbekiston tarixi”da Tabariy va Bal’amiy haqida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “Somoniylar saroyida tarix va geografiyaga katta e’tibor qaratilgan. Movarounnahrda tarix va geografiyaga oid ko‘p sonli asarlar qiziqib o‘qilgan. Ma’daniy, Balozuriy, Tabariy, ibn Miskaviy va boshqalar o‘sha davrning mashhur tarixchilari edi.
Tabariyning asari XVIII asrda o‘zbek tilining qashg‘ariy lahjasida tarjima qilingan. Tarjimonning shaxsi noma’lum, ammo uning aytishicha, asar Yorkand hokimi Mirza Muhammad Husayn Hakimbek amri bilan tarjima qilingan (inv. №2470. SVRning V tom, 18-b. qarang). Bal’amiy tarjimasini Xiva xoni Muhammadrahim II (Feruz)ning amri bilan mashhur tarixchi va shoir Muhammad Yusuf Bobojon o‘g‘li Bayoniy 1882 yilda o‘zbekchaga tarjima qila boshlagan. Bu tarjimaning qo‘lyozmasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda (inv. № 1229). Tabariy asari Bal’amiy tarjimasi orqali bir necha tilga tarjima qilinganligi bu kitobning naqadar mashhur ekanligini ko‘rsatadi. Tarjima jarayonida asarga bir qancha qo‘shimcha kiritilib, hajmi ham ancha kengaytirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |