AMALIY DASTURIY TA’MINOT PAKETLARI VA AUTOSORSING
5-bobda ko‘rsatilganki, bugungi dasturiy ta’minotlarning katta qismi tashqi manbalardan sotib olingan ekan. Firmalar dasturiy ta’minotni bu kabi xizmatlarni etkazib beruvchidan ijaraga olishlari, etkazib beruvchidan sotib olishlari yoki foydalanuvchilar ilovasini autsorsing firmalari ishlab chiqishi mumkin.
Amaliy dasturiy ta’minot paketlari
O‘tgan bir necha o‘n yillar davomida ko‘pchilik tashkilotlar uchun umumiy hisoblangan juda ko‘p jarayonlar, masalan, to‘lov vedomostlarini ishlash, kredit nazorati yoki omborxona hisobini yuritish kabi tizimlar ishlab chiqildi. Bunday jarayonlarni avtomatlashtirish uchun deyarli barcha tashkilotlarning ehtiyojlarini qoniqtira oladigan universal dasturlar mavjud.
Agar dasturiy paket tashkiliy ehtiyojlarning katta qismiga javob bersa, u holda kompaniya o‘z dasturlarini yozishi shart emas. Tashkilot paket tarkibidagi qayta ishlangan, sozlangan va sinovdan o‘tkazilgan dasturlarni tegishli tarzda qo‘llash orqali vaqt va mablag‘larni tejab qolishi mumkin. Odatda, bu paketlarni ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining dasturiy komplekslariga joriy xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydilar hamda muntazam ravishda yangilab turishni zimmalariga oladilar.
Agar tashkilotning ehtiyojlari boshqa tashkilotlarnikidan umuman farqlanib, dasturlar paketining birontasi ham talablarga mos kelmasa, u holda zamonaviy dasturiy ta’minotlarning deyarli hammasida mavjud bo‘lgan kastomizatsiya (sozlash) imkoniyatlaridan foydalanish mumkin. Ana shu funksiya paketning funksionalligi va to‘liqligini buzmagan holda korxona ehtiyojlariga muvofiq o‘zgartirishlar kiritish (modifikatsiya qilish) imkoniyatini beradi. Agar juda jiddiy o‘zgartishlarni bajarish lozim bo‘lsa, qayta dasturlash va sozlash bo‘yicha qo‘shimcha ishlar juda qimmatga tushib, juda ko‘p vaqtni olishi va, oxir-oqibatda, dasturlar paketining ko‘pgina afzalliklarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
YAngi axborot tizimini ishlab chiqish boshqa ishlab chiquvchilarning dasturiy paketidan foydalangan holda bajarilayotgan bo‘lsa, tahlilchilar turli dasturlarni qo‘llash variantlarini ko‘rib chiqishlari va baholashlari lozim. Baholashning eng muhim mezonlari sifatida paketning funksionalligi, interfeysning moslashuvchanligi, resurslar, ma’lumotlar bazasiga bo‘lgan talablar, ishlab chiqaruvchining nufuzi va mahsulotning narxiga e’tibor qaratiladi. Paketning baholanishi takliflar bo‘yicha so‘rov (RFP) asosida, ishlab chiqaruvchi yoki etkazib beruvchiga jo‘natiladigan savollarning batafsil ro‘yxatidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Dasturiy paket tanlanganidan keyin tashkilot loyihalash jarayonini nazorat qila olmaydi. Loyihachilar tizim spetsifikatsiyalarini foydalanuvchilar ehtiyojlariga moslashtirish o‘rniga, foydalanuvchilar istagan jarayonlarni tanlangan dasturlarning imkoniyatlariga moslashtirishga harakat qiladilar. Agar tashkilotning talab va ehtiyojlari xarid qilingan dasturlarning ishlash prinsiplariga to‘g‘ri kelmasa, u holda dasturiy paketni o‘zgartirish (adaptatsiyalash) yoki korxonaning biznes-jarayonlarini paketning imkoniyatlariga moslashtirish, ya’ni o‘zgartirish kerak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |