13.2.1. Tashkilotni aylanish orqali boshqarish.
Tashkilotda strategiyani qanday amalga oshirilayotganini bilish uchun menejer rasmiy va norasmiy axborot manbalari tarmog’ini yaratishi lozim. Axborotning asosiy kanallari bu: asosiy ijrochilar bilan bevosita muloqotda bo’lish, hisobotlar va faoliyatning oxirgi natijalari bilan tanishish, mijozlar bilan suhbatlashish, raqobatchi firmalarni kuzatish, tashkilotda norasmiy kanallar orqali tarqaladigan mish-mishlarni va oddiy xodimlarning ma’lumotlarini tahlil etish, hamda vaziyatni shaxsan kuzatishdir. Ba’zi axborot kanallari ishonchli, boshqalari esa soxta, noaniq bo’lishi mumkin. Yozma hisobotlardan to’liq xaqiqatni bilishga erishib bo’lmaydi. Salbiy yangiliklar to’liq aks ettirilmasligi yoki butunlay ko’rsatilmasligi mumkin. Ba’zan ijrochilar muvaffaqiyatsizliklar va muammolar vaqt o’tishi o’z-o’zidan yechiladi va ijobiy o’zgartirishlar ro’y beradi degan fikrlar asosida noxush voqyealar to’g’risida rahbariyatga xabar bermaydilar. Shuning uchun strategiyani yurituvchilar o’zlarini kutilmagan favqulodda hodisalardan saqlash uchun ishonchli axborot kanallari bilan ta’minlashga majbur bo’ladilar. Bunga ish joylarini aylanib ko’rish va har xil boshqarish pog’onasidagi xodimlar bilan gaplashish orqali erishish mumkin.
Aylanib ko’rish usuli tajribada har xil qo’llaniladi.
“Hewlett – Packard” muntazam muloqotda bo’lish uchun har bir bo’linmada mansabdor shaxslar va oddiy ishchilarning norasmiy uchrashuvlarini tashkil etadi. Kompaniyani asoschilaridan biri Bill Xyulett o’z ofisini tark etib, tashkilotni aylanib ko’rib, o’z ishchilari bilan suhbatlashib, savollar berishni odat tusiga aylantirgan edi. U ushbu usulning foydasini sezdi va kompaniyaning boshqa menejerlari uchun me’yoriy holga aylantirdi.
Mc Donald`s kompaniyasining asoschisi Rey Krok korxonalarga muntazam ravishda tashrif buyurib, sifatni, xizmat ko’rsatishni, tozalikni va narx-navoni shaxsan tekshirar edi. U o’z restoranlarining yonida joylashgan yengil mashinalar turadigan joyda chiqindilar uyumiga duch kelgani va shaxsan o’zi «limuzindan» tushib, axlatni tozalashga kirishgani hamda restoran jamoasiga tozalik to’g’risida g’aroyib ma’ruza o’qigani haqida afsonalar yuradi.
Ixchamgina sanoat kompaniyasining prezidenti o’zining ko’p vaqtini korxonada o’tkazadi. U ishchilar bilan salomlashadi, hazillashadi, ularning fikrlarini va takliflarini eshitadi, 2000 ishchiga har birini nomini aytib murojaat qiladi.
Marriott korporasiyasining mehmonxonalarini Bill Mariottning o’zi shaxsan tekshiruvdan o’tkazadi. U mehmonxona mijozlaridan xizmatlar va servis to’g’risidagi shikoyat va takliflarini shaxsan unga jœnatishlarini sœraydi. Shikoyatlar bo’yicha u mehmonxona menejerlariga telefon qilib, gaplashadi.
Ko’pchilik kompaniyalarning menejerlari norasmiy muloqotlarga katta ahamiyat beradilar. Ular voqyea va hodisalardan xabardor bo’lish kerak deb hisoblaydilar. Ofisdan chiqmaydigan rahbarlar o’z atrofiga tanqid qilmaydigan va gap qaytarmaydigan shaxslarni to’plashga harakat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |