Ekskursiya ob’ektlarini baholash mezonlari
5.1. Ekskursiya ob’ektlarini tasniflashning ahamiyati
Ekskursiya xizmatida ob’ektlarni ko‘rsatish uning asosiy elementi hisoblanadi. Ob’ektlarning to‘g‘ri tanlanishi, soni, ko‘rsatish ketma-ketligi ekskursiya xizmatining sifatiga ta’sir etadi. Ekskursiya xizmati ob’ektlari sifatida quyidagilarni tanlash mumkin:
xotira maydonlari – mahalliy xalq hayotidagi tarixiy voqea joylari, jamiyat va davlatning rivojlanishi bilan bog‘liq joylar va h.k.;
bino va inshootlar, memorial yodgorliklar - mashhur shaxslar hayoti, arxitektura yodgorliklari, turar joy va jamoat joylari, sanoat inshootlari va h.k.;
ko‘rgazmalar - davlat va xalq muzeylari, rassomchilik galereyalari, doimiy va davriy ko‘rgazmalar va h.k.;
arxeologiya yodgorliklari - shaharlar, qadimiy karvonsaroylar, qo‘rg‘onlar, yo‘llar, qo‘riqxonalar, sardobalar, kanallar va h.k.;
san’at asarlari - tasviriy san’at, dekorativ san’at namunalari, haykaltaroshlik, bog‘lar va h.k.
Demak, ekskursiya xizmati mavzusini yoritishga yordam beruvchi har qanday predmet, joy, shaxs, hodisa ekskursiya xizmati ob’ekti bo‘lishi mumkin.
Ekskursiya xizmati ob’ektlarini quyidagicha tasniflash mumkin:
Tarkibiga ko‘ra–bir rejali (rassomchilik ishlari, ko‘llar, o‘simliklar, hayvonot bog‘lari) va ko‘p rejali (arxitektura ansambllari, o‘rmon, maydonlar, ko‘chalar);
Funksional vazifasiga ko‘ra –asosiy ya’ni, mavzuni yoritishga xizmat qiladigan va qo‘shimcha, asosiy ob’ektlarning biridan ikkinchisiga harakatlanish oralig‘ida ko‘rsatiladigan ob’ektlar.
Saqlanganlik holatiga ko‘ra–to‘liq saqlangan, bizning davrgacha ma’lum o‘zgartirishlar kiritilgan, qisman saqlangan, saqlanmagan.
Yangi ekskursiya mavzusi ustida ishlayotgan ijodiy guruhning vazifasi mavzuni to‘liqroq yoritadigan va tashqi ko‘rinishi bilan jalb qiladigan ob’ektlarni tanlashdir. Ob’ektlarning to‘g‘ri tanlanishi uni ekskursantlar tomonidan yaxshi qabul qilinishiga va mavzuni to‘liq yoritishga yordam beradi. Imkon qadar har bir mavzuning o‘z ob’ekti bo‘lgani ma’qul.
Agar ob’ektning g‘aroyibligini hisobga olgan holda uni boshqasi bilan almashtirishni iloji bo‘lmasa, (Samarqanddagi «Registon» maydoni, Toshkentdagi «Mustaqillik» maydoni) unda ushbu ob’ektlar uchun alohida ekskursiya xizmatini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir. Bu ob’ektlarni ko‘rsatish jarayonida ekskursiya mavzularida aytilmagan o‘ziga xos xususiyatlariga chuqurroq to‘xtalib o‘tiladi va ko‘rsatish, hikoya qilish jarayonida mavzudan kelib chiqib, har safar turli hajmdagi ma’lumotlardan foydalanish mumkin. Shundagina bunday ob’ektlarni takroriy ko‘rish ekskursantlarda qiziqish yo‘qolmaydi.
Ekskursiya xizmati metodikasi ob’ektlarni ko‘rsatishda ketma-ketlikni ta’minlashni talab qiladi. Ob’ektlarni ko‘rsatishda gid harakatlarining ketma-ketligi taxminan quyidagicha bo‘ladi:
aniqlash, gid ekskursantlarga qanaqa predmet (ob’ekt) ko‘rsatilishini aniqlaydi;
tavsiflash, gid ob’ektning o‘ziga xos jihatlarini tavsiflaydi;
yaratilish maqsadi, gid ob’ektning mazmun mohiyati haqida hikoya qiladi;
ekskursiyali tahlil, taqqoslash, gid ob’ektning alohida qismlarini izohlab o‘tadi;
ma’lumot berish, gid yodgorlik, me’moriy inshoot muallifi, qurilgan yili, sababini hikoya qiladi;
tarixiy voqeani baholash, gid ob’ekt bilan bog‘liq voqea, hodisani hikoya qilib beradi, mohiyatini yoritadi.
Ob’ektlarni ko‘rsatishda sanab o‘tilgan bosqichlardan foydalanish taassurotlar kuchayishini ta’minlaydi, xulosa va umumlashtirishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |