1. Qozog‘istonning mustaqillik yillarida iqtisodiy, ma'naviy va madaniy taraqqiyoti.
Qozog’iston – industrial-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat 22,2%, savdo va umumiy ovqatlanish 18,1%, qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligi 12,7%, transport va aloqa 11,8% ni tashkil etadi.
Sanoatida yonilg’i-energetika, qora va rangli metallurgiya, oziq-ovqat, mashinasozlik va metalsozlik, kimyo va neft kimyosi, yengil, qurilish materiallari-sanoati yetakchi tarmoqlardir. Qora metallurgiya sanoati markazlari Temirtov, Oqto’ba, Qaraganda, Oqsuv shaharlari hisoblanadi. Rangli metallurgiya sanoati mis (Balxash va Jezqazgan kon-metallurgiya
kombinatlari), qo’rg’oshin-rux (Ust-Kamenogorsk, Chimkent), alyuminiy (Pavlodar) sanoatini o’z ichiga oladi; titan-magniy ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (temir-press uskunalari,
stanok, ekskavator, traktor, qishloq xo’jaligi mashinalari ishlab chikarish) korxonalari
Qarag’anda, Olmaota, Ostana, Pavlodar, Ust-Kamenogorsk shaharlarida joylashgan. Kimyo sanoati korxonalari mineral o’g’it, fosfor, plastmassa, sintetik kauchuk, kimyoviy tola va b. ishlab chiqaradi (Qoratov, Chimkent, Taroz, Aterov). Aterov, Pavlodar shaharlarida neftni qayta ishlash zavodlari bor. Qurilish materiallari sanoatida sement, ohak, g’isht, temir-beton konstruksiyalari ishlab chiqarish, yengil sanoatning ko’n-poyabzal, teri-mo’yna, jun, trikotaj,
ip-gazlama ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlangan. Oziq-ovqat sanoatida go’sht, yog’, qandshakar va konserva ishlab chiqariladi. Toshko’mir (Ekibastuz, Qaraganda havzalari), neft va
tabiiy gaz (Mangishloq ya.o.) temir rudasi (Sokolov-Sarbay koni), polimetall, mis, uran, xrom, qo’rg’oshin, nikel rudalari, rux, vismut, kadmiy, molibden, boksit qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 58,6 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (85,7% issiqlik elektr stansiyalarida). Irtish (Ust-Kamenogorsk, Buxtarma), Sirdaryo (Chordara), Ili (Qopchigay) daryolarida yirik GESlar bor.
Qishloq xo’jaligida mamlakat hududining 44% dan foydalaniladi; uning 19% haydaladi, 1% ga yaqini sug’oriladi. 1954 – 60 yillarda qo’riq va bo’z yerlarning o’zlashtirilishi natijasida Qozog’iston g’alla yetishtiruvchi yirik respublikaga aylandi. Lalmi va sug’oriladigan yerlarda g’allachilik bilan birga go’sht-jun qo’ychiligi va go’sht-sut chorvachiligi ham rivojlangan. G’allachiliqda, asosan, bug’doy yetishtiriladi. Shuningdek, paxta, kungaboqar, zig’ir, yemxashak ekinlari ekiladi. Mevachilik, tokchilik, polizchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, qo’y va echki, uy parrandasi, tuya va yilqi boqiladi. Transportida temir yo’llar uzunligi 13,5 ming km, avtomobil yo’llari uzunligi 87,4 ming km. Kaspiy va Orol dengizlari, Balxash ko’li, Irtish, Ural, Sirdaryo daryolarida kema qatnaydi. Truboprovod transporti rivojlangan. «Eyr Qazaqstan» havo yo’llari kompaniyasi mavjud. Qozog’iston chetga neft, tabiiy gaz, qora metall, mis, g’alla, ko’mir va b. chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat va sanoat mollari, mashina va jihozlar oladi. Tashqi savdoda Rossiya,
Ukraina, Qirg’iziston, Germaniya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi – tenge. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yil ikkala davlat o’rtasida diplomatik munosabatlari o’rnatildi. 1997, 2001, 2002 yillarda O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimovning Qozog’istonga, 1994, 1998 yillarda Qozog’iston Prezidenti N.Nazarboevning O’zbekistonga tashrifi bo’lib o’tdi. 1998 yil 31 oktyabrda ikki davlat o’rtasida imzolangan Abadiy do’stlik to’g’risidagi shartnoma davlatlar o’rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi. Davlatlar o’rtasida gumanitar sohadagi hamkorlik to’g’risidagi mana shu shartnoma, 1994 yil 10 yanvarda imzolangan Madaniyat, sog’liqni saqlash, fan, ta'lim, turizm va sport bo’yicha hamkorlikni chuqurlashtirish to’g’risidagi hukumatlararo bitim, 1998 yil 31 oktyabrda O’zR Xalq ta'limi vazirligi bilan Qozog’iston Respublikasining Ta'lim, madaniyat va sog’liqni saqlash vazirligi o’rtasida ta'lim sohasida hamkorlik to’grisidagi muassasalararo bitimiga muvofiq amalga oshiriladi. 2005 yilgacha ikki davlat o’rtasida ikki tomon uchun ahamiyatli bo’lgan 166 hujjat imzolangan, 2004 yil O’zR bilan Qozog’iston o’rtasidagi tovar aylanmasi 425,9 mln. AQSh dollarini, jumlad an, eksport 184,7 mln. AKSh dollarini, import 241,2 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Markaziy Osiyo mintaqasining yana bir davlatlari hisoblangan Qozog’istonda ham 1929 yil lotin alifbosi asosida qozoq yozuvi yaratildi. 1940 yil rus alifbosi asosidagi yozuvga o’tildi. 1992 yildan ta'lim tizimida islohotlar amalga oshirildi. Umumiy o’rta ta'lim maktablari kabi o’rta ma'lumot beradigan litsey, gimnaziya, hunar-texnika maktablari, kollejlar paydo bo’ldi. 2003 yil respublikada 108 gimnaziya, 63 litsey, litsey va gimnaziya sinflari bo’lgan 289 maktab, iqtidorli bolalar uchun mo’ljallangan 30 maktab ishladi. 312 hunar-texnika maktabida 89 mingdan ziyod, 382 kollejda 207 mingdan ortiq o’quvchi o’qidi. Qozog’istonda birinchi oliy o’quv yurti – Qozog’iston pedagogika instituti 1928 yil Olmaota shahrida ochilgan bo’lsa, 2005 yil Qozog’istonda 43 davlat oliy o’quv yurti ishladi. Yiriklari: Qozoq milliy universiteti,
yevrosiyo milliy universiteti, Qozog’iston milliy agrar universiteti, Qozog’iston milliy texnika
universiteti, Qozog’iston milliy konservatoriyasi, Qarag’anda universiteti, Olmaota
texnologiya universiteti va b. Qozog’istonda ilmiy tadqiqotlar Qozog’iston Respublikasi milliy fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institut va muassasalarida, mamlakat oliy o’quv yurtlari hamda turli vazirlik, muassasalar ixtiyoridagi soha ilmiy tadqiqot institutlarida olib boriladi. Qozog’istonda bir qancha kutubxona (eng yirigi Qozog’iston Respublikasi milliy kutubxonasi), klub muassasasi, 12 muzey (yiriklari: Qozog’iston Respublikasi davlat muzeyi, San'at muzeyi, Muxtor Avezov uy muzeyi, Abay Ko’nonboev memorial muzeyi va b.) bor. Qozog’istonda bir kancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: «Aqiqat» («Haqiqat» qozoq tilidagi oylik jurnal, 1921 yildan), «Atameken» («Vatan», qozoq tilidagi gazeta, 1991 yildan), «Vechernyaya Astana», rus tilida haftada 3 marta chiqadigan gazeta, 1991 yildan), «Jas alash» («Yosh millat», qozoq tilidagi kundalik gazeta, 1921 yildan), «Juldыz» («Yulduz», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1922 yildan), «Qazaqstan ayelderi»(«Qozog’iston xotin-qizlari», qozoq. tilidagi oylik jurnal, 1925 yildan), «Kazaxstanskaya pravda» («Qozog’iston haqiqati», rus tilidagi kundalik gazeta, 1920 yildan), «Narodnoe xozyaystva Kazaxstana» («Qozog’iston xalq xo’jaligi», rus tilidagi oylik jurnal, 1926 yildan), «Prostor» («Kenglik», rus tilidagi oylik jurnal, 1933 yildan), «Qazaqstannыn auыl sharuashыlыgы» («Qozog’iston qishloq xo’jaligi», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1936 yildan), «Ara» («Ari», qozoq tilidagi oylik jurnal, 1956 yildan). «Qozog’iston axborot agentligi» milliy kompaniyasi, ochiq aksiyadorlik jamiyati, 1921 yil tashkil etilgan, «Xabar» agentligi, aksiyadorlik jamiyati, 1996 yil tuzilgan. «Qozog’iston» respublika teleradiokorporatsiyasi, Qozog’iston radiosi (1920 yildan faoliyat ko’rsatadi) va «Qozog’iston» milliy telekanali (1958 yildan faoliyat yuritadi)ni birlashtiradi. «Xabar» teleradiokompaniyasi, 1995 yilda tashkil etilgan. Qozog’istonda radioeshittirishlar 1921 yildan, teleko’rsatuvlar 1958 yildan boshlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |