III. Ilmiy axborot va maslahat tizimi asosidagi agroxizmatlar tarmog‘ini rivojlantirish Agrar soha tashkilotlari uchun qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini va qishloq hududlarini ijtimoiy rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish, agroxizmatlar tarmog‘ini yaratish va kengaytirish, ta’lim, ilm-fan, innovatsion faoliyat va ishlab chiqarishning integratsiyasini yanada chuqurlashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Gollandiyaning Vageningen Universiteti bilan hamkorlikda Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida jahon standartlari asosida yetakchi davlatlarning ilmiy markazlari va institutlari andozasida, milliy qishloq xo‘jaligi manfaatlariga asoslangan Ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.
Ilmiy-tadqiqot markazi qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha moliyalashtirish manbalari va mexanizmini takomillashtirishni inobatga olgan holda, Qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha Milliy dasturni (keyingi o‘rinlarda — Milliy dastur) ishlab chiqadi va ilmiy loyihalarning bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish ishlarini amalga oshiradi.
Milliy dastur quyidagi strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi:
oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlarining sanitar-gigiyenik xavfsizligini ta’minlash;
global iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlari va prognozini hisobga olgan holda yer va suv resurslarini barqaror boshqarish;
qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, jumladan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bozorlari hamda bozor infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni kengaytirish va importni optimallashtirish;
agrar soha taraqqiyotini prognozlash va rejalashtirish, monitoring va baholash, shuningdek, qishloq xo‘jaligida bilimlar va innovatsiyalar tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini boshqarish;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda — Milliy markaz) binolari va infratuzilmasi obyektlarini, shuningdek, sinov va ko‘rgazma maydonchalari inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni amalga oshirish;
Milliy markaz huzuridagi hududiy agroxizmatlar markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda ularning moddiy-texnika bazasini zamonaviy texnik vositalar va texnologiyalar bilan rivojlantirish;
qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi faoliyatini xalqaro standartlar darajasida samarali tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida xorijiy ekspertlar guruhini jalb etish;
agroxizmatlar ko‘rsatish tartibini takomillashtirish maqsadida “raqamli axborot va maslahat xizmatlari” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish;
agrar sohadagi tadbirkorlik subyektlarining xizmat turlariga va innovatsion ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyojlarini baholash;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada rivojlantirish maqsadida “daladan iste’molgacha” tamoyili asosida xalqaro standartlarni keng joriy etishga ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun onlayn rejimida axborot-maslahat va agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish hamda mahsulot yetishtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘zida qamrab olgan mobil platformalarni yaratish;
agroxizmatlar ko‘rsatish jarayonini real vaqt rejimida masofadan videokuzatish, monitoring qilish hamda agroxizmatlar ko‘rsatishning sifati va tezkorligini baholash tizimini joriy etish;
yetakchi xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishi va rivojlanishini, zararkunanda va kasalliklar bilan zararlanishini hamda ozuqa elementlariga bo‘lgan talabini sun’iy yo‘ldoshlarning (Sentinel, Aist va boshqalar) spektr tahlillari orqali o‘rganishni yo‘lga qo‘yish;
davlat va xususiy mulkchilik, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan konsalting xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy, moliyaviy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish;
Milliy markaz va uning hududiy agroxizmatlar markazlari faoliyatiga agrar soha olimlari va malakali mutaxassislarni tizimli ravishda jalb etish, agroxizmatlar ko‘rsatuvchi mutaxassislarning ma’lumotlar bazasini yaratish va doimiy yangilab borish;
ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va transfer qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari va treninglar tashkil etish orqali Milliy markaz hamda uning hududiy agroxizmatlar markazlari mutaxassislari va maslahatchilarining malakasini oshirish.