2-bob. Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari I. Mehnat bozori konyunkturasi o‘zgarishiga mos holda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan agrar ta’lim tizimini takomillashtirish Yaqin istiqbol va kelajakdagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, oliy va professional ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim jarayoniga raqamli va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish hamda ushbu jarayonga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish, mehnat bozoridagi tendensiyalar o‘zgarib borishini hisobga olgan holda, mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridir.
Iqtisodiyot tarmoqlari va mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablari hamda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va fan dasturlari hamda darsliklarni yangilash, zamonaviy, yuqori samarali axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish asosida talaba va o‘quvchilarning amaliyotini tashkil etishni tubdan takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasidagi oliy va professional ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning istiqbolli maqsadlari quyidagilardan iborat:
qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida yo‘nalishlar va hududlar kesimida malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;
qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda oliy va professional ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish. Bunda:
mehnat bozori tahlillari asosida tayyorlangan xulosalarga tayanib, oliy va professional ta’lim muassasalarining kadrlar tayyorlash va o‘quv rejalarini hamda o‘quv fanlari dasturlarini takomillashtirish;
qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy va professional ta’lim muassasalarining barcha yo‘nalishlarida “Agrokonsalting” kursi doirasida o‘quv jarayonini tashkil etish;
maqsadli yo‘nalishlarda oliy va professional ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish;
o‘quv-metodik materiallarni tayyorlash, jumladan o‘quv jarayoniga New Extensionist Learning Kits (agrokonsultantlarning yangi avlodini o‘qitish) vositalarini joriy etish;
Milliy markazda hamda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi xo‘jalik subyektlarida talaba va o‘quvchilarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish;
oliy va professional ta’lim muassasalarining o‘quv laboratoriyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish hamda yangilarini qurish va jihozlash;
qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini samarali tashkil etish Dasturini ishlab chiqish;
Milliy markaz va uning hududiy agroxizmatlar markazlarida yangi xizmat turlarini keng joriy etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
Milliy markaz va uning hududiy agroxizmatlar markazlarida faoliyat olib borayotgan va jalb qilingan xodimlarni KPI tizimi asosida baholash mexanizmini joriy etish;
agroxizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda, o‘quv va amaliy seminar hamda treninglarni tashkil etish hamda Training of Trainers (TOT) dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini, jumladan Milliy markaz va uning hududiy agroxizmatlar markazlari bazasida tashkil etish;
professor-o‘qituvchilar almashinuvi va ularning kasbiy harakatchanligini ta’minlash nazarda tutiladi.