2021 — 2025-yillarda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini ustuvor rivojlantirish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, agrar sohada bilimlarni tarqatish va innovatsiyalarni joriy qilish bilan bog‘liq xizmatlarni tashkil qilish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkonini beruvchi o‘simliklarning yangi navlari, ekinlarni parvarishlash hamda mahsulot yetishtirish bo‘yicha resurs tejaydigan intensiv agrotexnologiyalar amaliyotga izchil tatbiq qilinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinib, sohada bozor tamoyillari hamda moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi. Xo‘jalik yuritishning zamonaviy shakllari, jumladan klaster va kooperatsiyalar tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, logistika tizimini kengaytirish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, agrosanoat majmuida strategik tadqiqotlar va prognozlash ishlari tizimli tashkil etilmayotganligi sababli soha va uning tarmoqlarida mavjud muammolarni tahlil qilish asosida ilmiy asoslangan xulosalarga tayangan holda rivojlantirish istiqbollarini belgilash bo‘yicha yaxlit tizim yaratilishiga erishilmagan.
Natijada, qishloq xo‘jaligida ta’lim, ilm-fan, innovatsion faoliyat va ishlab chiqarishning chuqur integratsiyasini ta’minlash hamda ushbu tizimning samarali boshqaruv bo‘g‘inlarini shakllantirish zarurati paydo bo‘lmoqda.
2021 — 2025-yillarda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) ushbu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur Konsepsiyaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligida ta’lim, ilm-fan, innovatsion faoliyat va ishlab chiqarishning integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, yangi bilimlarni yaratish va qo‘llash, resurs tejaydigan innovatsion texnologiyalar, ilg‘or xorijiy va mahalliy fan yutuqlarini joriy etish, zamonaviy bilim va malakaga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi:
mehnat bozori konyunkturasi o‘zgarishiga mos holda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan agrar ta’lim tizimini takomillashtirish;
agrosanoat majmuidagi ilmiy muassasalarning ilmiy va innovatsion faoliyatini yanada rivojlantirish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi subyektlar uchun axborot va maslahat tizimi asosida ish yuritadigan agroxizmatlar ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |