Bog'liq MTT da jismoniy tarbiya mashg`ulotlarini olib borish metodikasi (2)
35 Mavzu:Sakrash mashqlarining turlari va ularni o`tkazish metodlari Reja: 1 Sakrash mashqlarining turlari 2 Bolalarda sakrash qobiliyatini o‘stirish 3 Sakrashning har xil turlari Sakrash mashqlarining turlari va ularni o‘tkazish metodlari Sakrash asiklik tipdagi harakatdir. Unda sikllar takrori yo‘q va sakrashning butun jarayoni bir tugal harakatdan iborat. Sakrashlarning organizmga fiziologik ta’siri juda katta, shu- ning uchun bolalar bilan mashq o‘tkazayotganda to‘g‘ri belgilangan me’yorga rioya qilish, tayyorgarlik mashqlarini qo‘llash va barcha bolalarni diqqat bilan kuzatib borish zarur. Sakrashlar shug‘ullanayotgan bolalarning butun organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu mashqlarni bajarish vaqtida qon aylanish va nafas olish kuchayadi, oyoq, qorin va butun gavda muskullari rivojla- nadi, oyoq to‘qimlari va tomirlari mustahkamlanadi. Bolalarda sakrash qobiliyatini o‘stirishda ularni harakatchan, chaqqon va epchil qilib o‘stirishda sakrash mashqlari katta ahamiyatga ega. Ertalabki gimnastika va jismoniy mashg‘ulotlarga kiritilgan har xil sakrash turlari bu mashqlarning fiziologik ta’sirini kuchaytiradi. Sakrashning har xil turlari mavjud
1. Turgan joyida sakrash.
2. Yurib turib sakrash.
3. Turgan joydan oldinga sakrash.
4. Yugurib kelib uzunlikka va balandlikka sakrash.
5. Tepadan pastga qarab yoki chuqurlikka sakrash va bosh- qalar. Sakrash turlaridan biri hisoblangan arqoncha bilan o‘ynab sakrash keng tarqalgan. Sakrash to‘rt bosqichdan iborat 1. Tayyorlov bosqichi – dastlabki holatda turish yoki yu- gurib kelish. 2. Asosiy bosqich – depsinish. 3. Parvoz etish. 4. Oxirgi bosqich – yerga tushish. Turgan joydan sakrashdagi tayyorgarlik bosqichi quyidagicha bo‘ladi: cho‘qqayib, gavda umumiy og‘irlik markazi pasaytiriladi, qo‘llar juda kuchli siltash maqsadida orqaga uzatiladi, oyoq muskullari keyingi bosqichda yaxshi qisqarishi uchun cho‘ziladi. Yugurib kelib sakrashda – tezlanuvchan yugurish, bir oyoq bilan tiralib itarilish metodi qo‘llaniladi. Asosiy bosqich itarilish va parvozdir. Itarilish parvozning dastlabki tezligi va to‘g‘ri yo‘nalishini ta’minlaydigan yozuvchi muskullarning kuchli qisqarishi bilan bog‘liqdir; parvozko‘tarilish va yerga tushishga tayyorlanishda gavdaga kerakli holat baxsh etadi. Yakunlovchi bosqich – yerga tushish parvozning keskin chayqalmasdan va zarbsiz tugallanishidadir. Bunda muvozanatni saqlash uchun barcha harakatlar koordinatsiyasi zarur. Turgan joyidan (100 sm dan kam emas) va yugurib kelib (180–190 sm dan kam emas), uzunlikka sakrashda ikkala oyoqda, oyoq uchidan butun kaftga o‘tib yerga tushiladi. Turgan joyidan (ip, uncha katta bo‘lmagan kubik ustidan) va yugurib kelib (50 sm dan kam bo‘lmagan) balandlikka sakrashda avval oyoq uchida qo‘nilib so‘ng oyoq kafti to‘liq bosiladi, bu oyoq kaftining amortizatsiya rolini o‘ynashiga imkon beradi. Chuqurlikka sakrashda (sakrab tushishda) avval oyoq uchida tushiladi, so‘ng oyoq to‘la bosiladi. Yarim bukilgan oyoqlarda yumshoq tushish itarilish kuchi harakatini bo‘g‘indan bo‘g‘inga asta-sekin o‘tishini ta’minlaydi, ichki organlar va bosh miyani chayqalishdan, shuningdek, oyoq tagini qotib qolishdan saqlaydi. Tizimli mashqlar jarayonida bo- lalarda asta-sekin zarur harakat koordinatsiyasi shakllana boradi. Bunda propritseptiv sezish, vestibular apparat, ko‘rish bilan bog‘liq shartli reflektorli harakat reaksiyalari muhim rol o‘ynaydi. Sakrashlar bosh miya po‘stlog‘i rivojlanganligining muayyan darajasini oyoq va qo‘l suyaklarining mustahkamligini, qayishqoqligi va ko‘z mo‘ljalini talab qiladi. Ko‘rsatib o‘tilgan barcha sifatlarning rivojlanishi mashqlar jarayonida kechadi: ular miya po‘stlog‘ining harakat markazlarini chiniqtiradi, ular funksiyasini va shu asnoda harakatlarni idora qilish qobiliyatini yaxshilaydi.
Nazorat uchun savollar
1. Sakrash harakati qanday turdagi harakat va bola organizmiga qanday ta’sir qiladi?
2. Sakrash turlari nechta?
3. Sakrash nechta bosqichni o‘z ichiga oladi?