Kontokorrent operatsiyalari Banklarning noa’anaviy operatsiyalaridan biri kontokorrent operatsiyalar hisoblanadi. Kontokorrent (overdarft) operatsiyalarda mijozlarning banklardagi talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lum miqdorda debet qoldiq (overdraft) qolishiga ruxsat beriladi. Albatta, bu iqtisodiy jarayon bank va mijoz o‘rtasida tegishli shartnoma asosida rasmiylashtiriladi, kontokorrent shartnomasiga binoan mijozning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlarida mablag‘lar mavjud bo‘lmagan holda, unga to‘lovlarni amalga oshirish uchun tegishli summani debet qoldig‘i hisobidan o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi. Kontokorrent (overdraft) operatsiyalarida mijozning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvarag‘ining aktiv qismida qolgan qoldiq asosida bank hisobiga tegishli foiz hisoblanadi. Mijoz tomonidan sotilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun kelib tushgan mablag‘lar uning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvarag‘i tushishi orqali debet qoldiq (overdraft) summasi yopiladi.
Kontokorrent (overdraft) operatsiyalarining qator afzalliklari mavjud bo‘lib, ularning asosiylari quyidagilar hisoblanadi: – mijozning qisqa muddatli moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi va qo‘shimcha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ketadigan vaqt va moliyaviy mablag‘larni tejash imkoniyatini beradi; – banklarga moliyaviy mablag‘larni ishonchli va samarali maqsadlarga joylashtirish imkoniyatini berish bilan birga, qo‘shimcha foyda olishga sharoit yaratadi.
Forfeyting operatsiyalari Forfeyting operatsiyalari asosan yirik banklar va kompaniyalar o‘rtasida uzoq muddatga, juda katta miqdordagi moliyaviy mablag‘larni to‘lashda qo‘llaniladigan operatsiyalar hisoblanadi. Forfeyting operatsiyasida, faktoring operatsiyasidagi kabi uch tomon ishtirok etadi. Birinchisi, mol etkazib beruvchi, ikkinchisi, mol sotib oluvchi va uchinchisi, vositachi – bank yoki moliyaviy muassasa. Forfeyting operatsiyalarining faktoring operatsiyalaridan asosiy farqi sifatida ushbu operatsiyalar uzoq muddatga (6 oydan 5 – 6 yilgacha) va yirik summalarga tuzilishini ta’kidlash mumkin. Forfeyting iqtisodiy termeni odatda majburiyatni sotib olish ma’nosida qo‘llaniladi, uni so‘ndirish tovar va xizmatlarni sotib olish jarayonida kelgusida yuz beradi. “a forfait” so‘zi frantsuzchadan vujudga kelgan bo‘lib, “huquqdan voz kechish” ma’nosini anglatadi. Forfeytingda pul mablag‘ini olishga talabgor bo‘lgan sotuvchi o‘tkaziladigan veksel inodassamentiga81 “to‘lovni qaytarish shartisiz” so‘zini qayd etish orqali to‘lov regressidan82 o‘zini himoya qiladi. Forfeyting vekslini sotuvchi asosan yirik eksporterlar hisoblanib, ular vekselni to‘lov hujjati sifatida aktseptlab sotilgan tovar yoki ko‘rsatilgan xizmatlarning summasini diskont asosida zudlik bilan to‘lash hisobiga barcha risk va majburiyatlar bilan birgalikda forfetterga (ya’ni vekseldagi summani to‘lab beruvchi va o‘zida qayd etib boruvchi bankka) o‘tkazadi.