1.3. Pulning rivojlanish tarixi
Pul hozirgi kundagi ko‘rinishi, holati va darajasiga yetgunga qadar juda uzoq tarixiy davrni boshidan kechirdi. Yer yuzida puldan ayirboshlash vositasi sifatida foydalanib kelinayotganiga yetti ming yildan ortiq vaqt bo‘ldi13. Bu davr ichida dastlabki pullar tovar, buyum, oddiy metall va qimmatbaho metallar ko‘rinishidan hozirgi kunda keng foydalanib kelinayotgan qog‘oz, kredit, elektron, virtual pullar ko‘rinishigacha yetib keldi. Jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar takomillashib va rivojlanib borgani sari pulning shakli, pul ishlari va pul ishtirokidagi hisob-kitoblar ham doimiy ravishda takomillashib va rivojlanib kelmoqda. Pulning rivojlanishiga turtki bo‘lgan asosiy omillar quyidagilar hisoblanadi. 1.Tovar ishlab chiqarishning kengayishi va mehnat taqsimotining chuqurlashuvi. 2. Barcha shakllardagi mulk qiymatlarining o‘sishi. 3. Tovarlar oldi – sotdisi bo‘yicha aylanmalar hajmining ortishi.
O‘zbekiston hududida dastlabki metall tangalar miloddan ilgarigi VI asrda Ahmoniy shoh Doro I tomonidan zarb etilgan. Ushbu metall tangalarning og‘irligi 8,4 grammni tashkil etgan bo‘lib, “darik” deb nomlangan tilla tangalar ekanligi taxmin qilinadi. O‘sha vaqtlarda, ya’ni miloddan ilgarigi VI–IV asrlarda hozirgi O‘zbekistonning asosiy qismi, ya’ni Xorazm, Sug‘diyona va Sak qabilalari yashagan hududlar Ahmoniylar davlati tarkibida bo‘lganini hisobga olsak, ushbu “darik”lar O‘zbekiston zaminida amal qilgan bizga ma’lum birinchi tangalar bo‘lgan desak xato qilmaymiz.
Qog‘oz pullarning muomalaga kiritilishi.
Manbalarga ko‘ra, dastlabki qog‘oz pullar X asrning oxiri XI asrning boshlarida Xitoyda chiqarilgan. Xitoyda qog‘oz pullar muomalaga chiqishida mamlakatda qog‘ozning kashf etilganligi va bosma mashinalarining yaratilganligi muhim ahamiyat kasb etgan. Dastlab muomalaga chiqarilgan qog‘oz pullar “erkin tanga”, keyinchalik “qimmatbaho qog‘oz tangalar” deb yuritildi, ular mamlakatda erkin aylanadigan to‘lov vositalari bo‘lsada oltin yoki tovarlar bilan ta’minlanmagan edi. Qog‘oz pullar kvadrat shaklda bo‘lib, bir tomonida imperatorning nomi va dinastiyasi haqidagi ma’lumotlar, ikkinchi tomonida esa “G‘aznachilik boshqaruvi iltimosiga ko‘ra, hukumronlik qiluvchi imperator tomonidan tasdiqlangan va “bu qog‘oz tanga qiymatga ega va haqiqiy kumush tanga qatorida to‘lovga qabul qilinishi shart. Ushbu tartibni buzgan har qanday shaxsning boshi kesiladi” – degan mazmundagi so‘zlar bitilgan edi. Xitoyda muomalaga chiqarilgan qog‘oz pullarning hajmi ortib ketganligi va ularni tartibga solish mexanizmlari mavjud bo‘lmaganligi bois juda tez vaqt ichida qadrsizlanib ketadi. Natijada 1500 yillarga kelib qog‘oz pullarni muomalaga chiqarish bekor qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |