Pul muomalasi tushunchasi va tarkibi
Pul muomalasi tovar ishlab chiqarishga asoslangan har qanday iqtisodiyotning, jumladan bozor iqtisodiyotining ham asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot, uni ayriboshlash, taqsimlash va iste’mol qilish bilan bog‘liq jarayonlar pul ishtirokida yuz berib, tovar ishlab chiqarish siklining ibtidosi pul bilan boshlanib, uning intiqosi ham pul bilan yakunlanadi. Yoki, iqtisodiyotning barcha bo‘g‘inlarida yuz berayotgan obyektiv iqtisodiy munosabatlar albatta pul ishtirokida amalga oshiriladi. Iqtisodiy subyektlar o‘rtasida pul orqali amalga oshiriladigan iqtisodiy munosabatlar pul muomalasi deyiladi. Pul yuz berayotgan iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etar ekan, u doimiy harakatda bo‘ladi, yangilanib turadi va muntazam takror aylanadi. Iqtisodiy jarayonlarni amalga oshirishda pulning ma’lum davrdagi harakatlar yig‘indisi pul aylanmasini tashkil etadi.
Naqd pul muomalasi naqd pul orqali amalga oshiriladigan iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, bunda iqtisodiy subyektlar o‘rtasidagi o‘zaro tovarlar va qimmatli qog‘ozlar oldi – sotdisi, ko‘rsatilgan turli madaniy va maishiy xizmatlar, sug‘urta, kommunal to‘lovlari, naqd pulda kreditlar olish va qaytarish, lotereya biletlari xarid qilish, korxona va tashkilotlar tomonidan ishchi va xizmatchilarga naqd pulda ish haqi to‘lash hamda boshqa majburiy to‘lovlar amalga oshiriladi.
Pul massasi va tarkibi Pul massasi – muomaladagi naqd pullar va naqd pulsiz oborotdagi pullarning yig‘indisidir. Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritayotgan mamlakatlarning pul oborotida faqat banknota va tanga ko‘rinishda emas, balki kredit, chek va elektron yozuvlar ko‘rinishida ishtirok etayapti. Shuning uchun iqtisodchilar ushbu pullarni pul massasi deb yuritishadi. Pul massasi mamlakatda muhim iqtisodiy ko‘rsatkich bo‘lib, uning hajmi jami ijtimoiy mahsulotning hajmi bilan muvozanatda (pulning aylanish tezligini inobatga olgan holda) bo‘lishi zarur. Pul massasining miqdori va uning tarkibi Markaziy bank tomonidan nazorat qilinadi. Markaziy bank pul-kredit instrumentlari orqali mamlakatda pul massasini oqilona me’yorini ta’minlaydi.Pul massasi tarkibi asosan ikkita komponentdan tashkil topadi.Muomaladagi naqd pullar – pul massasining yuqori likvidli mablag‘lari hisoblanib, istalgan paytda to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyatini beradi. Ushbu agregat muomaladagi banknot va tangalarni o‘z tarkibiga oladi.
Pul massasini miqdoriy o‘lchashga nisbatan 2 xil yondashuv mavjud: - transaksion yondashuv - bunda pullarning to‘lov vositasi va muomala vositasi sifatida harakatlanishi ko‘zda tutiladi. Shu sababli transaksion yondashuvda pul massasining aktiv qismi e’tiborga olinadi; - likvidli yondashuv - bunda pullar eng yuqori likvidli aktiv sifatida tan olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |