Tanishuv bosqichini tashkil qilish
Treningdagi asosiy bosqichlardan biri – guruh a’zolarining bir-biri bilan va trenerlar bilan tanishuv bosqichidir. Bu bosqich trener tomonidan taklif etiladigan turli xil o‘yinlar orqali amalga oshiriladi. Demak, tanishuvni turli xil usulda tashkil etish mumkin, lekin tanishuv bosqichining mohiyati bitta bo‘ladiki, har bir ishtirokchi o‘zini bu yerda qanday tanishlarini yoki uni qanday nom bilan atashlarini istasa, o‘zini shunday tanishtirishi mumkin.
Bu bosqichni trener ishtirokchilar shunchaki bir-birlarining ismini bilishi bilan bog‘lik bo‘lgan rasmiyatchilik deb qabul qilmasligi kerak. Ishtirokchilarning tanishuv bosqichi - ularning o‘tkazilayotgan mashg‘ulotta va ayni paytdagi muhitga moslashish jarayoni bo‘lib, ulardagi hayajon va noqulaylik holatlarini bartaraf etishning eng qulay va yaxshi yo‘lidir.
Mashg‘ulot avvalida trener o‘zini auditoriyaga tanishtirib, qaysi tashkilot, muassasadan ekanligini va o‘zi haqdagi ba’zi ma’lumotlarni (yoqtirgan rangi, qiziqishlari va h.k.) aytadi. Trener haqida ishtirokchilarda paydo bulgan ilk tasavvur keyingi ishlar natijasiga, trener va guruh a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar xarakteriga va albatta, mashg‘ulotning yakuniga, samaradorligiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Tanishuvda ishtirokchilar doira yoki boshqa shakllarda o‘tirishlari mumkin.
Tanishuv bosqichini tashkil qilish uchun juda ko‘plab o‘yinlar mavjud bo‘lsada, umuman trening jarayonlarida quyidagi uch xil usulda tanishuv ko‘prok qo‘llanadi.
1. Intervyu usuli. Bunda ishtirokchilar trener tomonidan juftliklarga bo‘lib chiqiladi. Juftliklarga bo‘linganlaridan so‘ng ular bir-birlaridan intervyu oladilar. Buning uchun ularga 10-15 minut vaqt beriladi. Bu vaqt davomida ular bir-birlaridan qanday ma’lumotlarni so‘rashlari lozimligi trener tomonidan tavsiya etilgan savollar asosida bo‘lishi ham yoki ishtirokchilarning o‘z ixtiyoriga, istagiga havola etilishi ham mumkin. Sheriklar bir-birlari to‘g‘risida ma’lumot to‘plab bo‘lganlaridan so‘ng har bir juftlikni navbat bilan maxsus joyga taklif etiladi va har bir ishtirokchi o‘zining sherigini guruh a’zolariga iloji boricha batafsilroq tarzda tanishtirishi lozim bo‘ladi.
2. Videoyozuv usuli — bunda trener tomonidan har bir ishtirokchi alohida jihozlangan xonaga chaqiriladi va u guruh a’zolariga o‘zi hakda nimalarni aytib berishni istasa, shuni gapiradi. Barcha ishtirokchilar o‘zi haqdagi ma’lumotlarni videotasmaga tushirib bo‘lganlaridan so‘ng, ularning hammasi xonaga taklif etiladi va tasma yozuvi qo‘yib beriladi.
3. Kartochkalar usuli —har bir ishtirokchi trener tomonidan tarqatilgan maxsus kartochkaga o‘zi to‘g‘risida nima ma’lumotni berishni istasa, o‘shani yozadi. Kartochkalarni tablichkaga o‘xshatib hamma o‘z oldiga qo‘yib qo‘yishi, oldiga yoki orqasiga ilib olishi ham mumkin. Hamma bir-birining kartochkasini o‘qib o‘zaro tanishadi.
Tanishuv bosqichida i
shtirokchilar bir-birlarining ismini bilish bilan birga, har bir ishtirokchi o‘zining ismi, hayotidagi muhim narsalar haqida o‘ylab ko‘rish va buni ovoz chiqarib aytish imkoniga ega bo‘ladi. "Qor uyumi" o‘yini orqali tashkil etiladigan tanishuvlar esa qo‘shnisining aytganini takrorlash uchun eshitishning, ayniqsa o‘zidan oldingi kishini eshitishning qiyinligini his qilish imkonini beradi. Ko‘pchilik ishtirokchilar o‘zidan oldingi ishtirokchi nima deganligini eshitmaydi, chunki u eshitishdan ko‘ra o‘zi nima deyishi kerakligi haqida o‘ylaydi. Muhokamada trener tomonidan ishtirokchi "Diqqat markazida" bo‘lganida o‘zini qanday his qilgani so‘raladi.
Ko‘pincha treninglarda tanishuv jarayonida ishtirokchilardan ismini aytish bilan birga muloqotga kirishish jarayoniga salbiy va ijobiy ta’sir etuvchi jihatlarini ham aytib o‘tish so‘raladiki, bu ma’lumot trener uchun har bir ishtirokchining individual jihatlarini bilishga ham xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |