TRENINGNI BOShLANG‘ICh BOSQIChI
Treningni birinchi kuni.
Trening mashg‘ulotining boshlang‘ich bosqichi treningning samaradorlgini ta’minlashda asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu bosqich birinchi kundagi quyidagi bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
Guruhiy normalarni ishlab chiqish bosqichi
Tanishuv bosqichi
Kutishlarni aniqlash bosqichi
Guruhiy norma (tamoyil, qoida)larni ishlab chiqish bosqichi. Trening jarayonida albatta o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bosqich — guruhiy normalarni ishlab chiqish bosqichidir. Guruhiy normalar guruhda mashg‘ulotning dastlabki soatlaridanoq samimiylik, o‘zaro ishonch, o‘zaro hurmat muhitini vujudga keltirish maqsadida qabul qilinadi. Guruhiy normalarni ishlab chiqish jarayonida ishtirokchilar bilan bu normalarga albatta rioya qilish kerakligi to‘g‘risida kelishish va har bir a’zoning roziligini olish kerak. Bu qoidalarga rioya etish treningning maqsadiga erishish va qulay psixologik iqlimning yaratilishida katta ahamiyatga ega hisoblanadi.
Guruhiy normalar trener bilan guruh ishtirokchilarining hamkorligida ishlab chiqilishi shart. Mashg‘ulot jarayonida qanday qoidalarga amal qilish lozimligi to‘g‘risida guruh a’zolarining o‘zi takliflar, fikrlar berishi kerak va bu fikrlarini asoslab berganidan keyin qabul ilinadi. Buning uchun trener “Aqliy hujum” usulidan foydalangan holda fikrlar yig‘ishga harakat qiladi.
Ko‘pgina hollarda trenerning o‘zi yo‘naltiruvchi fikr sifatida birorta qoidani taklif etadi.
Trening jarayonida guruhda ishlarni tashkil qilishga doir normalar quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
* Intizomga qat’iy rioya qilish yoki “O-O qoidasi”. Bunda har bir guruh a’zosi mashg‘ulotga o‘z vaqtida kelishi, o‘z vaqtida ketishi kerakligi zarurligini his etishi lozim va bunga qat’iy amal qilishi kerak. Chunki trening mashg‘ulotiga biror bir a’zo kechikib kelganida odatda uni kutishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bunday holning bo‘lishi ba’zi ishtirokchilarning jahlini chiqarishi, g‘ashiga tegishi, mashg‘ulotlarning to‘xtab qolishi va noroziliklarga olib kelishi mumkin.
* "Maxfiylik". Trening jarayonida bayon etilgan kimningdir, aniqrog‘i biror-bir guruh a’zosining hayotiga oid ma’lumotlar, fikrlar, hissiyotlarning ifodalanishi, o‘yin va mashqlarni bajarish jarayonida noqulay holatlarga tushib qolishlar trening doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
* "Shu yerda va hozir". Guruhdagi muomala-munosabat mashg‘ulot jarayoniga bevosita aloqador, ya’ni hozirgi zamonga bog‘liq bo‘lishi zarur. Hattoki ishtirokchilardan birortasi o‘tgan zamondagi voqeani hikoya qilayotganda ham, uning shu yerda va ayni paytda nimani his qilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, trener ham, har bir ishtirokchi ham barcha muammolarini unutib, o‘zini faqat "shu yerda va hozir" holatida his qilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |