«Kenglik qiling» O'zbek millatining bugungi kamoloti, Vatanning uzil-kesil istiqloli Turdi Farog'iyning ezgu orzu-armonlaridan edi. O'zbek urug'larining tarixiy tarqoqligi, milliy kuchlarning parokandaligi shoirni qattiq qayg'uga solardi. Bu qayg'u qatralari uning she'riyati qatlariga qattiq o'rnashgan. Shoirning bir necha she'ri mazkur mavzu tevaragida jipslashadi va bir-birini to'ldirib, muallifning yaxlit nuqtai nazarini ifodalab turadi. «Tor ko'ngullik beklar...» ana shunday she'rlar turkumidandir. Turdi vatanparvarlik ruhidagi asarlarida vatandoshlarini goh tanqid, goh tanbeh, goh nasihat, goh hajv yo'li bilan ijtimoiy-milliy birlik va totuvlikka da'vat etadi. Yuqori ijtimoiy mavqeda turgan oqsoqol adibgina ulusning katta-kichigiga quyidagicha yuzma-yuz murojaat etishi mumkin:
Tor ko'ngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling,
To'qson ikki bovli o'zbek yurtidur,
tenglik qiling.
Badavlat va sarmoyador beklar orasidagi raqobat, ixtilof, nifoq, shaxsiyatparastlik, xudkomalik asrlar mobaynida milliy muhitning osoyishtaligi hamda totuvligiga raxna solib kelgan. Xalqda «Keng fe'l, ketmas davlat bersin» degan duo bor. Shoir ham tor ko'ngillik beklarni keng fe'l bo'lishga da'vat etadi. Haqiqatan, keng fe'llik bo'lsa, ketmas davlat o'z-o'zidan keladi. Shoir o'zbek yurtining bir-biriga qarindosh bo'lmish to'qson ikki urug'ini tenglikka chaqiradi. Shoir nazdida, to'qson ikki o'zbek urug'ining barini barobar ko'rish, ularning birortasini ajratmay, bag'rikenglik bilan teng tutish katta davlat garovidir.
Ayirmachilik, mayda mahalliychilik ofati tarixning talay sinovlarida o'zbek xalqiga pand bergan. Xalq tarixining bunday foje sahifalaridan xabardor Turdi jigarso'zlik bilan ahillikdan saboq beradi:
Birni qipchoqu, xitoyu, birni yuz,
` nayman demang,
Qirqu yuz, ming son bo'lib, bir xon
oyinlik qiling.
Turdining ushbu pandi hozir ham o'z qadr-qimmati, o'rni va kuchini saqlab qolmoqda. Negaki, biz o'zbeklar, inshoollo, yagona istiqlol bayrog'i ostida birlashdik, xalqimiz asriy orzusiga erishdi.
Birlikda hikmat ko'pligi uchun shoir uni g'azalning markaziy g'oyasiga aylantiradi. Ushbu g'oyani mustahkamlash va asoslash uchun yana bir bayt bitadi:
Bir yaqodin bosh chiqorib, barcha bir
to'ng'a kirib,
Bir o'ngurlik, bir tirizlik, bir
yaqo-yenglik qiling.
Turdi — fikriy she'riyat ijodkori. Shoir turli tasvir vositalarini qo'llash, san'atparastlik qilishdan ko'ra, she'ridagi g'oyaviy salmoqdorlikka ko'proq e'tibor bergan. Lekin mazkur bayt, asosan, g'oya ifodaviyligiga xizmat qilib turibdi. Shoir badiiy g'oyaning xalqchilligini ta'minlash uchun fikrga muvofiq xalqona ifodalar izlagan. Xalq og'zaki ijodiyotidan baytda bir yo'la birlikni anglatuvchi besh iborani tanlab qo'llagan.
Ular quyidagilar 1. «Bir yoqadan bosh chiqarmoq». Bu — besh iboraning eng mashhuri, U hozirgi nutqimizda ham keng qo'llanadi. 2. «Barcha bir to'nga kirmoq». Bu ham fikran, ruhan, maslakan birlashishni o'ng'ay ifodalay oladigan nisbatan mashhur iboralardan. 3. «Bir o'ngurlik» «o'ngur» so'zi hoziigi tilimizda, ba'zi shevalarda «etak» ma'nosini anglatadi. Xalqda yaxlitlikni ifodalovchi «bir etak» iborasi ham bor. Demak, «bir o'ngurlik» ham milliy birlikning o'ziga xos ifodasidir. 4. «Bir tirizlik». «Tiriz» — shevalardagi to'nning astarini anglatuvchi so'z bo'lib, u ham asosiy maqsadni ifodalashga xizmat qilgan. Keyingi bu ikki ibora, albatta, juda kam qo'llangan. Shuning uchun shoir ularni mashhur iboralarga chirmab bergan. 5. «Bir yaqo-yenglik qilmoq». Bu ibora xalq tilida ancha keng qo'llanib, u insonlarning biri yoqa, biri yeng bo'lib, bamisoli bir to'ndek birlik hosil qilishini anglatadi. «Barcha bir to'ng'a kirib» va «bir yaqo-yenglik qiling» iboralarining bir o'rinda — misralar oxirida kelishi, ostin-ustun joylashtirilishi ham ular o'rtasidagi mantiqiy aloqadorlikni, o'zaro bir-birini sharhlayajagini ko'zlab yaratilgan badiiy qurilmadir. Milliy birlik g'oyasini ilgari surgan ikki markaziy baytda «bir» so'zining sakkiz o'rinda qo'llanishi ham tasodifiy emas. Bu o'ziga xos lafziy-ma'naviy ta'kid usulidir. Shoirning mahorati shundaki, u urug'larning raqamlar bilan belgilangan nomlaridan ham so'z o'yini yaratib, g'oyaviy muddao ifodasiga yo'l topadi: «Qirqu yuz, ming son bo'lub, bir xon oyinlik qiling*. Asosiy g'oyaga shunday qo'shimcha ma'no yuklanadiki, urug'lar birlashsa, ularning nomlarini bildiruvchi raqamlar qo'shilsa, miqdor jihatidan ham katta kuch hosil bo'ladi-ku.
O'z bekligi mulkiga qanoat qilmay, hududini imkon qadar kengaytirishga, bir necha beklikni ishg'ol etishga ishqivozlik «tor ko'ngullik beklar»ning badnafslik illati edi. Turdi bunday tamoyilni keskin qoralaydi va beklarni bu yo'ldan qaytishga chorlaydi
Kim qo'yubdur uhdayi o'z mulkingizdin chiqmayin,
Ikki, uch, to'rt da'visin etmakni, ko'tahlik qiling.
O'zgalar mulkiga hirsu havas bog'lash, ko'z olaytirishdan ko'ra, avvalo, o'z bekligini uddalab obod etish g'oyasini ilgari surib, shoir beklardan istilochilik yo'lidan qaytishni talab etadi. Bu ham milliy birlik, osoyishtalik, totuvlikni ta'minlovchi omillardan biri edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |