Mohlaroyim Nodira hayoti va ijodi
(1792 -1842)
REJA:
-
Shoira Nodira hayoti va ijodi haqida
-
“Ehtiyoj”, “Etib ket” radifli g’azallar
-
Shoira “Firoqnoma”si haqida
O'zbek adabiyoti rivojida salmoqli o'rin tutgan bu shoiraning asli ismi Moihlaroyim bo'lib, „Nodira" uning taxallusidir. Mohlaroyim Andijon hokimi Rahmonqulbiyning qizidir. Rahmonqulbiy ming urug'ining e'tiborli kishilaridan edi. Mohlaroyim o'z davrining kibor oilalariga xos yuksak tarbiya ko'rdi. Husni va aqli haqidagi gap-so'zlar atrofga yoyila bordi. Uning ta'rifini eshitgan Marg'ilonning yigirma uch yoshli hokimi, Qo'qon xoni Norbo'tabiyning o'g'li Umarbek 1808- yilda unga uylanadi. 1810- yilda esa, Umarbekning akasi, Qo'qonda xon bo'lib turgan Olimxon o'ldiriladi va Umarbek akasining o'rniga xon qilib ko'tariladi. Ular Qo'qonda o'n ikki yil birgalikda baxtiyor hayot kechiradilar. Muhammad Alixon va Sulton Mahmud ismli farzandlar ko'radilar.
1822- yilda Amir Umarxon vafot etadi. Bu yo'qotish Nodiraga qattiq ta'sir qiladi. Shunga qaramay, u o'zini qo'lga olib, otasi o'rniga xon bo'lib ko'tarilgan o'n to'rt yashar Muhammad Alixonning yonida maslahatchi va ko'makchi bo'lib turadi. Shoiraning zamondoshlaridan biri u haqda shunday yozgan edi:
Hure bu sifat kelur oz,
Xurshid kabi jahonda mumtoz.
Olam aro baski, hukmrondur,
Bilqisi mamoliki jahondur...
Fazl ahliga berdi ancha poya,
Mehridin alar boshida soya.
Ayladi Amir ruhini shod,
Adl ila qilib jahonni obod.
Bu satrlar „Uzlat", ,,Mahjur" taxalluslari bilan ko'plab asarlar yozgan shoir Nodiraning „Haft gulshan" („Yetti gulshan") dostonidan olindi. Ushbu doston Nodiraga bag'ishlangan edi. Shoir uning ilm-fan ahliga e'tiborini, va ayniqsa, adolatini alohida ta'kidlab, „jahon mamlakatlarining Bilqisi" deb ta'riflaydi. Bilqis asli parilar zotidan bo'lib, Sulaymon payg'ambarning umr yo'ldoshi bo'lgan deb naql qilinadi. U kishining nomlari Qur'onga ham kirgan.
Nodira davlatni idora qilishda ko'proq atrofidagi fozila va shoira ayollarga suyandi. O'zi ham qalam egasi boigani uchun she'r ahlini o'ziga juda yaqin tutdi. „ Barno" taxallusi bilan o'zbek va tojik tillarida she'rlar yozgan Dilshod otin Nodiraga bag'ishlovlarida uning bu boradagi murabbiy va homiyligini alohida ta'kidlagandi. Shoir Nodirning „Haft gulshan" asarida shunday satrlar bor:
Yig'ibon har tarafdin necha xotun,
Barisi fazl-u donish ichra otun
Bari Zebunisodek erdi shoir,
Bari Maryam kabi zuhd ichra mohir.
Barining fahmi bir-birdin fuzunroq,
Barining ilmi bir-birdin uzunroq.
Nodira 1842- yilda ikki xonlik o'rtasidagi janjallar qurboni bo'ldi. Buxoro amiri Nasrulloxon Nodira xatti-harakatlarida „kufr" ko'rdi va Qo'qonda shariatni tiklamoq iddaosi bilan mamlakatga bostirib kirib, shoiraning o'g'illari: Muhammad Alixon, Sulton Mahmudxon va o'n ikki yoshli nabirasi Muhammad Aminni Nodirabegim ko'zi oldida qatl etdi. So'ng Nodiraning o'zini ham azoblab o'ldirtirdi.
Nodira, avvallo, yuksak salohiyatli shoira edi. Uning she'rlarini e'tirof etish, unga naziralar yozish, muxammaslar bog'lash o'z zamonasidayoq boshlangan. Uning faoliyatiga, ijodiga oid ma'lumotlar bir qator tarixiy va adabiy asarlarda uchraydi. XX asrdan boshlab, u haqda maxsus ilmiy-tadqiqot ishlari paydotbo'la boshladi. Shoiraning „Nodira", „Komila", „Maknuna" (yashirin) taxalluslari bilan o'zbek va tojik tillarida ijod etgani va asarlarining umumiy miqdori o'n ming misra atrofida ekani aniqlandi. Nihoyat, u haqda adabiyotshunos M. Qodirovaning maxsus monografiyasi maydonga keldi.
Nodira she'riyati qizg'in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojialar bilan to'la hayotining o'ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she'riyatning bosh mavzui ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi. Nodira she'riyatining bosh qahramoni ko'pincha Amir Umarxondir. Barcha ta'rif va tavsiflar, ishtiyoq va intilishlar ungadir. „Ey!” deb boshlanadigan barcha xitoblar unga qaratilgandir. Bu she'riyatning ijodkori goh baxtidan masrur, goh baxtsizligidan mahzun Nodirabegimdir.
Shoira sig'inadigan yagona Alloh — ishq. Uning toat-u ibodati, namoz-u niyozi ham — muhabbat. U o'z she'rlarida „ishq namozini ado" etishini aytadi. Hatto bir she'rida muhabbatni odamiylikning asosiy o'lchovi hisoblashini bildiradi:
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.
Zamondoshlari Amir Umarxon bilan Nodirabegim turmushining baxtli kechganini xabar qiladilar. Umarxon ko'p jihatdan mukammal bir kishi bo'lgani ma'lum. U shoir sifatida „Amir", „Amiriy" taxallusi bilan go'zal she'rlar bitgan, devon tartib qilgan edi. Shijoati va botirligini shundan ham bilsa bo'ladiki, tarixiy manbalar uning arslon bilan yakkama-yakka olishib, yengib chiqqanini ma'lum qiladi. Shoiraning umr yoidoshini bu qadar suyishi va undan iftixor etishi bejiz emasdi. Yorning o'zi u yoqda tursin, xabarchisMiam unga bir dunyo quvonch bag'ishlardi:
Marhabo, ey payki sulton, marhabo,
Hudhudi mulki Sulaymon, marhabo.
Tal'ating farrux, muborak maqdaming
Qildi kulbamni guliston, marhabo.
Xo'b kelding, yaxshi keltirding xabar,
Aylading dardimga darmon, marhabo...
Yorning o'ziga esa, shoira joni-jahonini fido qilishga tayyor:
Ne g'amdur menga ishq aro, Nodira,
Agar boisa, jononga jonim fido.
Amir Umarxonning vafoti unga juda qattiq ta'sir etadi. Shoira she'riyatiga tuganmas g'am, hijron ohanglari kirib keladi:
Nodira ahvolidin ogoh o'lung,
Ey musohiblarki, qolmish yorsiz
deb yozadi bir she'rida. Hijron azobini tortgan ma'shuqa kayfiyati ifoda etilgan mashhur she'rlaridan biri quyidagi satrlar bilan boshlanadi:
Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,
Seli g'amdin bu imorat bo'ldi vayron oqibat.
Shoira o'zining hijrondan o'rtanishlarini kuylar ekan, ishqning so'fiyona mohiyatini ham unutmaydi. Ushbu g'azalidagi bir baytda shunday yozadi:
Zohido, ishq-u muhabbat ahlini ma'zur tut, Yor ko'yida na bo'ldi shayx San'on oqibat.
Nodiraning „Ayru", „Talx" (achchiq), „Dud" radifli she'rlari ham ayriliq haqida. Shoira ularda goh ajaldan dod soladi, goh falakning notantiligidan, davronning bevafoligidan shikoyat qiladi. Goh dunyoda baxti to'kis biror odam yo'qligini o'ylab, taqdirga ko'ngandek bo’ladi. Lekin yorini ko'nglidan chiqara olmay:
Nigori gulbadanimni tushimda ko'rsam edim,
Labi shakkarshikanimni tushimda ko'rsam edim
deya faryod qiladi shoira. U o'tmishni, oshiq bilan birga kechgan baxtiyor kunlarni eslaydi, o'shalar bilan tasalli topgandek bo'ladi. U bilan xayollarida gaplashadi, usiz o'tgan kunlarini, hijronning dilni yoquvchi iztiroblarini aytib, ko'nglini bo'shatmoqchi bo'ladi.
Nodiraning „Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit" misrasi bilan boshlanadigan g'azali, chamasi Amir Umarxonning tiriklik chog'ida yaratilganga o'xshaydi. Unda kuyunchak dil izhori o'z ifodasini topgan, yonginasida turgan yorining vaslidan bebahralik qiynoqqa solgan ayol fig'oni mahorat bilan aks etgan:
Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shah-u, men benavo, lutf ayla, faryodim eshit.
Sevishgan kishilar o'rtasidagi munosabatning nozik va sirliligi, ko'pincha tushunarsiz va chigalligi shu satrlarda yaqqol ko'rinadi. Keyingi baytlarda shoiraning hijroni qay darajada azob berayotgani quyuq mubolag'a bilan tasvir etiladi. G'azalning beshinchi baytida birdaniga, go'yo tasodifan shoiraning hayotiga bevosita daxldor bo'lgan hayotiy manzara „yarq" etib ko'zga tashlanadi:
Barcha yor-u oshnodin aylading begonalig',
Necha kunlar bo'ldi hargiz qilmading yodim eshit.
She'rning bu bayti an'anaviy ifodalar, shoirona lutflar, oshiqona navozishlarni emas, balki qandaydir bir sababga ko'ra e'tibordan qolgan ma'shuqaning oshig'iga astoydil murojaatiga, iltijosiga ko'proq o'xshaydi. Ayniqsa, she'rning quyidagi misralari samimiyati, hayotiyligi bilan ajralib turadi:
Kelki, bir soat seni ko'rmoq uchun ushtoqmen,
Telba bo'ldim sendin ayru, ey parizodim, eshit.
Nodiraning „Qilmag'il, zinhor izhor ehtiyoj" so'zlari bilan boshlanadigan g'azali Umarxonning vafotidan so'ng yozilganga o'xshaydi. She'rdagi ayrim ishoralar, shoiraning o'z mahzun holatini, muhtojligini bildirmaslikka chaqirishi shunday deyishga asos berganday bo'ladi:
Qilmag'il, zinhor izhor ehtiyoj,
Kim, aziz elni qilur xor ehtiyoj.
Odam qadrini har nedan ustun qo'yishga intiladigan Nodira do'stdan muhtojligi (ehtiyoj)ni bildirmaslik, aytmaslikni o'tinadi. Negaki, muhtojlik aziz kishini xor qiladi. Keyingi baytda shoiraning hayotga faylasufona nazar tashlashi sezilib turadi:
Hech kim olamda forug'bol emas,
Har kima o'z miqdoricha bor ehtiyoj.
Chindan ham olamdagi odamki bor ehtiyojmand, ya'ni nimagadir muhtoj. Birov baxtga, birov davlatga, birov e'tiborga, boshqasi muhabbatga, kimlardir Alloh visoliga, o'zgasi nafsga ehtiyojmand. Muhtojlik shunday kuchki, undan forig' bo'lgan odam yo'q:
Ko'zlarim aylar yuzingni orzu,
Kim erur ko'zguya diydor ehtiyoj.
Shoiraning ko'zlari yoryuziga muhtoj, go'yoki yuz ko'zguga muhtoj bo'lganidek. Shoira yordan qismatini yengillatishni kutadi, imdod umid qiladi. Axir, yor oldida ag'yorlar bilan ma'shuqa teng bo'lmasligi kerak. Begonadan oshiqni farqlay bilish lozim:
Qil ravo, albatta, oshiq hojatin, Boqmag'il, arz etsa ag'yor ehtiyoj.
Nodira inson qadri, uning g'ururi ko'p narsalardan baland bo'lishi kerak deb biladi. Shuning uchun ham yorga qarata:
Gar tilarsen obro' ahbob aro, Aylama zinhor izhor ehtiyoj
deydi. Odam qadrini yuksak tutish, uning g'ururini ehtiyojlardan afzal bilish mazmuni shu tariqa she'riy ko'rinish kasb etadi.
Nodiraning „Yorning vasli emas ozorsiz" satri bilan boshlanadigan g'azali tuyg'ular samimiyati, ayriliq tasvirining tabiiyligi, badiiy ifoda yo'sinining soddavashligi bilan alohida e'tiborga sazovordir. G'azal lirik qahramonning o'z qismati haqida o'ylar ekan, jo'ngina hayotiy hodisadan teran ma'no qidirishi bilan boshlanadi:
Yorning vasli emas ozorsiz,
Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.
G'azalda ishq, yor timsollari tasavvufiy ma'no kasb etmaydi. Unda hayotiy yo'qotishlar og'ushidagi chorasiz ayol anduhlari ifoda etiladi:
Ul parivash vaslidin bo'ldim judo, Rohati dil qolmadi dildorsiz.
Tuyg'ular — samimiy, ifoda — aniq, so'zlar — chin. Faqat shoira an'anaga ko'ra yor timsolini „parivash" atamasi orqali ifodalagan. Chunki she'riyat tarixida ayolning o'z iztiroblarini o'z tilidan bayon etish tajribasi mavjud emasdi. Buning ustiga, turkona hayo, odob singari qadriyatlar ham bunga izn bermasdi. G'azalning uchinchi baytida odatga sodiq qolingan, ya'ni she'rga ag'yor timsoli kirib keladi:
Yor uchun ag'yor dardin tortaman, Ko'rmadim bir yorni ag'yorsiz.
Nodira hayot haqiqatlarini shunchaki bayon qilmaydi, ag'yorlar zulmidan jo'ngina yozg'irib qo'ya qolmaydi. Balki shu asnoda go'zal badiiy manzara, musiqiy ohang hosil qiladi. Uchinchi baytning har misrasida „yor" va „ag'yor" so'zlarining kelishi ham zid ma'nolarni ifodalashi, ham bir o'zakdan yasalgan so'zlar ekanligi bilan badiiy effekt hosil qiladi.
G'azalning maqta'sida tasvir samimiyati yangi bosqichga ko'tariladi. Ungacha yorsiz jonda tinim, tanda rohat qolmagani, qahramonning ko'rinishiga, qomatiga ishonmaslik lozimligi, chunki uning qomati bog'dagi harakatsiz sarvday o'lik ekani bildirilgan baytlardan so'ng ahvolimdan ogoh bo'ling degan o'tinchning berilishi g'azal ta'sir kuchini keskin oshiradi:
Nodira ahvolidin ogoh bo'ling,
Ey musohiblarki, qolmish yorsiz.
Nodiraning „Kel, dahrni imtihon etib ket" misrasi bilan boshlanadigan g'azali favqulodda teran fikrlarga boyligi, ifodaning kutilmagan tarzda yorqinligi bilan kishini o'ziga tortadi. She'rning lirik qahramoni dunyoni imtihon etishga, „Sayri chamani jahon etib ket"ishga chorlanadi. U — ko'ngil kishisi, ishq ahlidan. Shu bois ham o'zgalarning g'amiga befarq bo’lolmaydi:
Bedardlarningjafolaridin Faryod etib, fig'on etib ket.
Faryod-u fig'on shu qadar adoqsizki, qahramonning ko'ngli emas, ko'zi ham o'zgalarga saboq berish darajasiga yetgan. Shu bois hatto ko'z yosh hayrat sabog'ini uning ko'zidan „ravon qilish"i, ya'ni olishi mumkin:
Ey ashk, ko'zimning maktabidin Hayrat sabaqin ravon etib ket.
Nodira faqat fig'on chekish bilangina kifoyalanmaydi. Ba'zan isyon qilgusi, mavjud tartiblarni o'zgartirgisi keladi. Bu holni g'azalning quyidagi misrasida yaqqolroq tuyish mumkin:
Olam chamaniki bevafodir, Bir oh bilan xazon etib ket.
Lirik qahramonning ishqi shunchalar kuchliki, uning ko'nglida tuyg'u emas, olov porlaydi. U birgina oh bilan bevafo olam chamanini sarg'aytirib, qovjiratib qo'yishi hech gap emas. Shoira ishq sirini birovga aytib bo'lmasligini biladi. Bilgani bois g'azalda deydi:
Fosh etma ulusqa ishq sirrin Ko'ngulda ani nihon etib ket.
Darhaqiqat, oqillar yuksak tuyg'ular haqida begonalar bilan sirlashmaydilar. Nodirabegim shaxsiy tuyg'ularini, faqat o'ziga xos iztiroblarini aks ettirar ekan, nihoyat umuminsoniy masalaga yetib keladi. U odam umrining mazmuni, tirikligining qadri haqida o'yga toladigan faylasuf shoira ekanini ko'rsatadi:
Maqsad na edi jahona kelding, Kayfiyatini bayon etib ket.
Shoiraning muhabbat lirikasida uning „Xating ishtiyoqin savod ayladim" deb boshlanadigan bir tarji'bandi ham muhimdir.
Xating ishtiyoqin savod ayladim, Ko'zumning qorasin midod ayladim. Meni baski devona qildi g'aming, Junun ahlig'a ittihod ayladim.
Ko'rub tushda yuzingni beixtiyor,
Fig'on chektim andog'ki, dod ayladim.
Rafiqim jigarxasta afgorlar,
Alar birla ahli vidod ayladim.
Senijud-u ehsona targ'ib etib, Xitobingni xayruljavod ayladim.
„Xat" deb qiz bola labi ustidagi mayin tukka ham, maktubga ham aytiladi. „Savod aylamoq"da ham bir necha ma'no bor. Biri — yozmoq. Ikkinchisi — qora qilmoq. Uchinchisi — suyanmoq. She'rda har uch ma'noga ham o'rin bor. Satrning birinchi ma'nosi: xating ishtiyoqini yozaman. Ikkinchi ma'nosi: xating ishtiyoqiga suyanaman. „Midod" siyohdir. Ko'zimning qorasini siyoh qilib yozdim, demoqda shoira. Xat, savod, midod she'rda ajoyib tanosub yaratadi. Bunday mutanosiblik tarji'bandning misol keltirilgan birinchi bandidagi har bir satrida bor. Keyingi misralarda muhabbatning shavqi kuchaygani qahramonni junnun ahliga birlashtirgani, yorning yuzini tushda ko'rganda. chekkan ohi faryodga aylangani holati juda ta'sirli berilgan.
Shoiraning hijron she'rlari orasida „Firoqnoma" asari iztirobli tug'yonlari bilan alohida ajralib turadi. She'r muashshar, ya'ni o'nlik bandlar shaklida yozilgan. She'r falakdan shikoyat bilan boshlanadi. Har bir band:
Hech kim, yo rab, jahonda yoridin yrilmasun,
Jondin ortiq mehribon dildoridin ayrilmasun,-
satrlari bilan yakunlanadi.
Darhaqiqat, shoira og'ir judolikka uchragandi. U o'z yorini avji muhabbat pallasi — o'ttiz yoshida yo'qotgan edi. She'rda firoq iskanjasida to'lg'anayotgan qalb, falak sinovlari oldida ojiz-u notavon oshiq holati g'oyat ta'sirli chizilgan:
Ohkim, behad menga javr-u jafo aylar falak, Furqat ichra qismatim dard-u balo aylar falak, Yordin ayru mango ko'p mojaro aylar falak, G'am ila guldek yuzimni kahrabo aylar falak, Bevafodur oqibat, kimga vafo aylar falak, Hasrat-u, dard-u, alamga mubtalo aylar falak, Yorni, albatta, yoridin judo aylar falak,
Gul bila bulbulni bebarg-u navo aylar falak, Hech kim, yorab, jahonda yoridin ayrilmasun, Jondin ortuq mehribon dildoridin ayrilmasun.
Aytish kerakki, Nodira ijodiyoti motamsaro she'rlardangina iborat emas. Unda hayotbaxsh ranglar, shodon ohanglar ham ancha. Qolaversa, u davlat arbobi ham edi. Ayniqsa, Amir Umarxon vafotidan keyin Muhammad Alixon esini taniguniga qadar davlat ishlarini yuritish uning izmida qoldi. Shu jihatdan, shoiraning davlat yumushlari borasidagi qarashlari muhim ahamiyatga ega. Nodiraning ijodida ham shohlik, davlat tutumi haqida aytilgan fikr-mulohazalari bor. Devondagi she'rlari orasidan „Abas" radifli bir asar ham o'rin olgan. „Abas" - bekor, befoyda degan ma'nolarni bildiradi. Shoira she'rni keng, falsafiy miqyoslarda boshlab, gapni shohlikka buradi va shunday deydi:
Fuqaro holig'a gar boqmasa har shoh, anga
Hashmat-u, saltanat-u, rif at-u, shon, barcha abas.
Shoh uldurki, raiyyatga tarahhum qilsa,
Yo'q esa, qoidai amnu amon, barcha abas.
10-mavzu
Do'stlaringiz bilan baham: |