Kashkul — xayr-sadaqa yig'iladigan qovoqsimon idish.
Matbag' — nazr-niyoz, sha'mlar solib yurish uchun qovoqdan qilingan idish.
Rido — qo'ltiqdan o'tkazib bo'yinga bog'lanadigan xalta. Ko'pincha xudoyi qilingan nonlar solingan.
Mashrab she'riyati mazmun-mohiyatigina emas, janrlariga ko'ra ham rang-barangdir. Shoir mumtoz she'riyatimizdagi murabba', muxammas, musaddas, musabba', mustazod kabi xilma-xil janrlardan foydalanadi. Ularda Mashrab g'azaliyoti uchun xos bo'lgan bir qator badiiy xususiyatlar, majoziy tafsil (detal) va tamsil (obraz)lar rivojlantiriladi. Shoirning bu janrlardagi she'rlarida ham u dunyoga, ham bu dunyoga xos tafsillar hamda kechinmalar tasviri aks etgan:
Bulbuldayinkim faryod etarman,
Ishq daftarini bunyod etarman,
Ko'ngullarimni men shod etarman,
Yorga yetar kun bormu, yoronlar? —
deb yozadi shoir murabba'laridan birida. Tuyg'ular — tabiiy. Ifoda — sodda. Ohang — ravon. Ayni vaqtda, mazmun — teran va o'ta nurakkab. Muxammaslaridan biri esa shunday boshlanadi:
Xonumonidin judo bo'lgan kishidan dard so'rang,
O'rtanib qaddi duto bo'lgan kishidan dard so'rang,
Dard-u g'amga mubtalo bo'lgan kishidan dard so'rang, Bekas-u bemuttako1 bo'lgan kishidan dard so'rang,
Misli man bedastu po bo'lgan kishidan dard so'rang.
Muxammasning keyingi bandlarida shoir bu „dard"larining ustini ocha boshlaydi. Ma'lum bo'lishicha, uning eng katta „dardi" bekas" (kimsasiz)ligining, „bemuttako"ligining bosh sababi eng yaqin kishisidan ayrilganidir:
Termulub qoldim bu yo'lda hamsafardin ayrilib, Yo'l adoshub g'amdadurman rohbardin ayrilib, Baxt qaro keldim bu yo'lda yaxshilardin ayrilib, Andalib erdim, qolibman bol-u pardin ayrilib,
Men kabi baxti qaro bo'lgan kishidin dard so'rang.
Insoniy ayriliq tasviri shoirning boshqa muxammaslarida ham uchraydi. Mashrabning bir muxammasi shunday boshlanadi:
Ey, musulmonlar, netay, men yordin ayrilmisham, Fitnachashm-u sho'xi xush raftordin ayrilmisham, Bulbuli sho'ridaman, gulzordin ayrilmisham,
Qoshlari yo, ko'zlari xunxordin ayrilmisham,
Bir pari tal'at, shakarguftordin ayrilmisham.
Bu satrlarda ilohiy mazmundan ko'ra tabiiy, hayotiy tuyg'u- chinmalar ko'proq. Shoir tarjimayi holida ham bunga muvofiqlashadigan voqea-hodisalar oz emas. Qolaversa, mumtoz she'riyatimizda ijodkorning shaxsiy — intim tuyg'ulari hamisha ijtimoiy yoxud ilohiy mazmun bilan qo'shilib ketgan bo'ladi. Mashrabning ayrim muxammaslari ifodaning soddaligi, tasvirning moqiligi, tilning tushunarliligi bilan darrov o'quvchi e'tiborini tortadi. Shoirning „Yorning ko'yida men bormoq edim" deb boshlanadigan muxammasi shu jihatdan diqqatga molikdir:
Yorning ko'yida men bormoq edim,
Har necha javr-u jafo tortmoq edim,
Qonga to'lgan yuragim yormoq edim,
Oy sanamning ko'yida yurmoq edim,
Kokulini ko'zima surtmoq edim.
Shoir orzuni ifodalashi lozim bo'lgan -chi qo'shimchasidan atay foydalanmaydi. Shuning uchun ifoda o'ziga xoslik kasb etgan va xalq og'zaki ijodida bo'lgani kabi o'n bir bo'g'inli misralar yuzaga kelgan. Ifodaning shu taxlit sal kemtikroq bo'lishi she'r ruhiga qandaydir bir yengillik bag'ishlagan. Undagi timsollar tizimi ham Mashrabona murakkablikdan xoli bo'lib, odmi ko'rinish olgan. Muxammasning ohangi ham, mazmuni ham xalqona ruh kasb etgan:
Olmani qo'shsa bo'lurmu norg'a,
Haq rizo ko'ngulni qo'shg'ay yorg'a,
Bir nazar qilsang bu Mashrab zorg'a,
Yolborib arzim deyay dildorg'a,
Yastanib ko'yingda men yotmoq edim.
Shoirning „Va'da qildi bir kelay deb, ko'zga uyqu kelmadi"
misrasi bilan boshlanadigan muxammasi dastlab majoziy ishq tasviriga bag'ishlangandek taassurot qoldiradi. Hajmi anchagina katta, o'n ikki band, oltmish misrali bu she'rda banddan bandga o'tgan sari ifoda quyuqlashib, mazmun teranlashib, insoniy sevgining ilohiy qirralari ko'rinib boraveradi. Shu she'rni kuzatish asnosida chin oshiqning majoziy muhabbati qay tariqa ilohiy ishqqa evrilishini bir qadar payqash mumkin bo'ladi:
Va'da qildi bir kelay deb, ko'zga uyqu kelmadi, Termulub yo'lidaturdum, sho'xi badxo' kelmadi, Necha keldi shum raqiblar, ul pariro' kelmadi, Dardidin o'ldim, tabib, dardimga doru kelmadi, Men shahidi ishq bo'ldum, qatrai suv kelmadi.
Birinchi bandda ilohiy jazba, samoviy muhabbat, Yaratganga qo'shilish singari istaklarning nishoni ham sezilmaganday tuyuladi. Shoir o'zining sho'x va sitamkor yoridangina yozg'irayotganday bo'ladi. Ikkinchi bandda ham qahramonning oshiqona holati ko'rsatiladi. Uchinchi bandga borib, tasvir yo'nalishida o'zgarish, tasvirlarida ilohiy mohiyatga ishora seziladi:
Oh-u voh aylab, g'ariblik shahrida bemorman,
Gar olur bo'lsang bu jonim ol, sanam, bezorman, Pardani yuzdin ko'targil, oshiq-u diydorman... Muxammasning keyingi baytlarida tasvir keskinlik kasb etadi, shoir holatida junun, telbalik ustuvorlik qiladi. Shuning uchun ham oldin bir g'azalida aytgani „shakkoklik"ni yana qaytaradi:
Ko'rmasam bir dam seni, bayt ul-haramni naylayin?
Qolg'on Ibrohimdin ul eski do'konni naylayin?
Ham bihisht-u kavsar-u hur-u g'ilmonni naylayin?
Yetti aflok-u sakkiz jannat — makonni naylayin?
Bul sababdin, do'stlar, ko'ngulga yog'du kelmadi.
She'rning bu o'rinlarida ilohiy ishq shavqi avj nuqtaga ko'tariladi. Shu bois shoir goho telbalik qilganday, o'z o'rnini bilmaganday, payg'ambarimiz Ibrohim alayhissalomga, Ka'baga behurmatlik qilganday tuyuladi. Lekin so'fly oshiqning, o'zini bus-butun Alloh yo'liga bag'ishlagan qalandarning holatidan kelib chiqilsa, o'zidan kechgan, „men"ligini unutgan, Yaratganga qo'shilib ketgan kimsaning pokiza tuyg'ularini anglash, tuyish mumkin bo'ladi. Shoir o'zini fidoyi, begunoh hisoblamaydi. Shoirning:
Kuygusi tongla qiyomat' dod-u ohimni ko'rub,
Qolgusi mahshar eli2 hayron gunohimni ko'rub,
Tiyra bo'lg'ay yeru ko'k ro'yi siyohimni ko'rub, —
tarzidagi iqrori qahramonning samimiyatini ko'rsatadi va uni o'quvchiga yaqinlashtiradi.
Mashrab ijodida „Ne g'urbatlarni chektim, charx bebunyod dastingdan" deb boshlanadigan musaddas ham muhim o'rin tutadi. Unda shoirning adolatsiz qurilgan dunyo tartibotidan noroziligi, vafo ko'rsatib, bevafoliq topgani, hajr otashida qovrilgan yurakning fig'onlari aks etgani uchun ham:
Hama obod bo'ldi, bo'lmadim obod dastingdan,
Ki, men har qayga borsam, dod etarman, dod dastingdan
misralarini har band so'ngida takror keltiradi. Bu hoi she'rda lirik qahramon kayfiyatining to'liq ifoda topishiga imkon beradi. Garchi, musaddas — oltilikda olamiy ma'nolar, ilohiy muammolar aks etgan bo'lsa-da, tuyg'ular tug'yoni, dil iztiroblari, to'g'ri yo'lini topolmayotgan solikning fig'onlari tasvirlangan esa-da, so'zlar g'oyat soddavash, o'quvchi tomonidan oson hazm etiladigan tarzda qo'llanilgan. Eng qaltis onlarda ham Mashrab yaxshilikdan umid qiladi. Shu bois ham musaddas so'ngida: „Iloho, sen yetur himmat yo'lig'a xasta Mashrabni",— deya murojaat qiladi.
Isyonkor shoir she'riyatida mustazodlar ham o'ziga xos o'rin tutadi. Tuzilishiga ko'ra eng qaltis ruhiy holatlarni berishga mo'ljallangan bu poetik shakl Mashrab kabi tuyg'ulari ko'kka sapchigan ijodkor uchun qo'l kelishi tabiiy edi. Uning „Aytay senga dard-u alamim, ofati jonim, fikr ayla o'zungga" deb boshlanadigan mustazodi shoir holatini ifoda etishi jihatidan muhim ahamiyatga egadir. An'anaga ko'ra bu she'r ham ishqiy yo'nalishda. G'azal singari qofiyalanadigan bu she'riy turning misralardan keyin kelib, o'zaro qofiyalanadigan va sindirilganday tuyuluvchi qisqa satrlari shoirga eng keskin ruhiy holatlarni ham erkin ifodalash imkonini bergan:
Boshimga agar kelsa balo, sabr etadurman,
Sendin kecharim yo'q,
Qaydin kechayin, ko'nglumda to'ladur senga mehrim,
Men oshiqi shaydo.
Shoirning „Bul xasta vujudimni meni o'rtadi butkul, Ul zulfi parishon" tarzida boshlanadigan mustazodida ham sitamkor va bevafo ma'shuqa ko'yida abgor bo'lgan oshiq holati eng nozik sezimlariga qadar tiniq tasvir etilgan. Bu asarda oshiq va yor holati ko'proq tazod yo'li bilan berilganligi ular tabiatidagi muhim jihatlarni yorqin ko'rsatishga imkoniyat yaratgan:
Bul xasta vujudimni meni o'rtadi butkul,
Ul zulfi parishon,
Ul gul yuzining ishqida men volau bulbul,
Ul g'unchai xandon.
Bir rahm qilib so'rmadi holimni nechuk deb.
Ul orazi gulgun,
Yuz va'da qilib birga vafo qilmadi bir yo'l,
Ul va'dasi yolg'on.
Yor sifatlarining to'rt misrada ham „ul" so'zidan so'ng berilishi va ular o'z holicha salbiy ma'no tashimasalar-da, oshiqning abgor ahvoli sababchisi sifatida ma'shuqaning sitamkor, bevafo, berahmligini namoyon etishi shoir mahorati samarasidir.
Mashrab she'riyati mazmun teranligidan tashqari, badiiy jihatdan ham yetuk, mukammaldir. U so'zni g'oyat nozik his etadi, ohangni yaxshi ilg'aydi, tashbih-majozlardan samarali foydalanadi. Mana shu baytda ifodalangan holat murakkabligi va tasvir go'zalligi kishini hayratga soladi:
Man ayturman: „Ko'ngul uzgil!" Bu ko'nglum ko'ngul uzmaydur,
Ko'ngul ayturki: „Ey nodon, ko'ngul uzsam, uzilgaymu?!"
Shoir „ko'ngul" va „uz" so'zlari takroridan jozibali bir poetik manzara, sehrli so'z o'yini hosil qilgan. She'rda o'ziga xos bir „istig'no", „noz-karashma" bor. Uning bunday go'zal va ohangdor chiqishiga „takrir" va ,,tavzi'" san'atlari yordam bergan. Takrir biror so'zning o'rniga qarab takrorlanib kelishi natijasida tasvirni kuchaytirish ko'zda tutiladigan san'atdir. Baytda ko'ngul so'zi besh joyda kerakli ma'noni kuchaytirish maqsadida ishlatilgan. „Uz" hijosi esa „uzgil", "uzmaydur", „uzilgaymu" so'zlarining o'zagidan olingan bo'lib, ta'sirchanlikni oshirishga xizmat qilgan. So'z bosh bo'g'inining bu xilda „uzib olib" takrorlanishi mumtoz she'riyatda „tavzi'' san'ati deyiladi. Tavzi' ulashish, tarqatish ma'nolarini bildiradi.
Mashrab she'riyati, yuqoridagi misollardan ma'lum bo'lganidek, millionlab kishilar qalbidagi ezgu va olijanob tuyg'ularni, haqqa, haqiqatga bo'lgan tashnalikni topib ifoda etgan she'riyatdir. Shoir o'z asarlarida o'z tuyg'ularini shunchaki ifodalagan emas, balki baland pardalarda tarannum qilgan. Shu sababli ham bu asarlar asrlar ardog'ida keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |