Signal va strelkalarni elektr markazlashtirish
Elektr markazlashtirish qurilmalari quyidagilarni ta’minlashi kerak:
strelka va svetoforlarning o’zaro tutashuvi;
strelka kesilishi nazoratini, mazkur marshrutni chegaralovchi svetoforni yopish bilan amalga oshirishni;
boshqaruv appraratida strelkalar holatini, strelka seksiyalari va yo’l bandligini nazorat qilishni;
strelka va svetoforlarni marshrut yoki alohida boshqarish, manyovr svetoforlari ko’rsatkichlari bo’yicha manyovr harakatlarini amalga oshirish, kerak paytda strelkalarni mahalliy boshqaruvga o’tkazish imkoniyatini.
Elektr markazlashtirish qurilmalari quyidagilarga yo’l qo’ymasligi kerak:
band yo’lga belgilangan marshrutda kirish svetoforini ochish;
harakat tarkibi ostida strelkani o’tkazish;
strelkalar kerakli holatga qo’yilmaganda, berilgan marshrutga tegishli svetoforni ochish;
belgilangan marshrutni chegaralovchi svetofor ochiqligida, qarshi svetoforni ochish yoki marshrutga kiruvchi strelkani o’tkazish.
Markazlashtirilgan strelkalarning uzatma va tutashmalari quyidagilarni ta’minlashi kerak:
strelkalarning eng chetki holatlarida krestovina qo’zg’aluvchan o’zagini usovikka, ostryakning rama relsiga qattiq jipslashuvini;
jipslashgan ostryak va rama relsi yoki qo’zg’aluvchan o’zak va usovik orasidagi tirqish 4 mm va undan ortiq bo’lganida strelka ostryaklari yoki krestovina qo’zg’aluvchan o’zagining tutashishiga yo’l qo’ymaslikni;
rama relsi yaqinidagi ostryakni kamida 125 mm masofaga surishni.
9-Avtomatik va yarim avtomatik yo’l blokirovkasi.
Reja:
Avtomatik blokirovka.
Yarim avtomatik blokirovka.
Peregonlar, odatda, yo’l blokirovkasi bilan, ayrim uchastkalarda esa aloqa va signalizatsiyaning mustaqil vositasi sifatida qo’llaniladigan avtomatik lokomotiv signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo’lishi kerak. Bunda poezdlarning peregon bo’ylab ikki yo’nalishda harakatlanishi lokomotiv svetoforlarining signallari bo’yicha amalga oshiriladi.
Avtomatik va yarim avomatik blokirovka qurilmalari ular ajratayotgan blok-uchastka (stansiyalararo yoki postlararo peregon) ning harakat tarkibidan bo’shamaguniga qadar chiqish va o’tish svetoforining ochilishiga, shuningdek, asosiy elektr ta’minotdan zahiraviysiga yoki aksincha o’zgarishlar natijasida svetoforning o’z-o’zidan yopilishiga yo’l qo’ymasligi kerak.
Avtomat va yarim avtomat blokirovka bilan jihozlangan bir yo’lli peregonlarda, stansiyada chiqish svetofori ochilgandan keyin, ushbu peregonga qarama-qarshi tarafdan poezd jo’natish uchun qo’shni stansiyaning chiqish va o’tish svetoforlarini ochish imkoniyati istisno qilinishi kerak.
Xuddi shunday signallarning o’zaro bog’liqligi har bir yo’lda ikki taraflama harakatlanish uchun avtomat va yarim avtomat blokirovka bilan jihozlangan ikki yo’lli va ko’p yo’lli peregonlarda ham bo’lishi kerak.
Avtoblokirovka bilan jihozlangan ikki yo’lli qo’ymali bir yo’lli uchastkalarda, shuningdek, avtoblokirovka ko’rsatkichiga binoan harakat bir yo’nalishda amalga oshiriladigan yuk hajmi katta liniyalarning ikki yo’lli va ko’p yo’lli peregonlarida (noto’g’ri yo’l bo’ylab) qarama-qarshi yo’nalishda lokomotiv svetofor signallari bo’yicha harakatlanishni ta’minlovchi qurilmalar ko’zda tutilishi mumkin. Bu qurilmalar qo’llaniladigan texnik qarorlarga ko’ra doimo ishlaydi yoki ta’mirlash, qurilish va tiklash ishlari davrida yoqiladi.
Avtomat blokirovkada barcha svetoforlar ular ajratgan blok-uchastkaga poezdning kirib kelganida, shuningdek, ushbu uchastkalarning rels zanjirlari butligi buzilganda avtomat ravishda man etish ko’rsatkichini ko’rsatishlari kerak.
Yo’l blokirovkasi bilan jihozlangan uchatskalarda joylashgan stansiyalarda bu qurilmalar xo’jalik poezdlari uchun kalit-jezllarga, poezdlarni surish yana orqasiga qaytib keluvchi suruvchi lokomotivlar bilan amalga oshiriladigan yarim avtomat blokirovkali uchastkalarning stansiyalarida esa – ular uchun ham kalit-jezllarga ega bo’lishi kerak.
Avtomat blokirovkali bir yo’lli liniyalarda, shuningdek, har bir yo’lda ikki taraflama avtoblokirovkali ikki yo’lli peregonlarda, manyovr tarkibning stansiya chegaralaridan tashqariga chiqishi mumkin bo’lgan manyovr ishlari amalga oshiriladigan stansiyalarda avtomatik blokirovka qurilmalari ularga bog’liq manyovr svetoforlari bilan to’ldiriladi.
Avtomatik va yarim avtomatik blokirovka bilan jihozlangan liniyalarda joylashgan stansiyalarda quyidagi qurilmalar bo’lishi kerak:
band yo’l uchun belgilangan marshrutda kirish svetoforining ochilishiga yo’l qo’ymaydigan qurilma;
boshqarish apparatida yo’l va strelkalarning bandligini nazoratini ta’minlovchi qurilmalar.
Yarim avtomatik blokirovkada, stansiyalarda quyidagi qurilmalar bo’lishi mumkin:
jo’natish marshrutidagi ajratilgan strelka uchastkalarining bo’shlik nazoratini, ularning nosozligi tufayli o’chirishga imkon beruvchi;
yopilib qolgan svetoforning qayta ochilishini ta’minlovchi, agar poezd amalda undan o’tib ketmagan bo’lsa;
poezdning to’liq tarkibda kelishini avtomat tarzdagi nazoratini ta’minlovchi.
Avtomatik blokirovka avtomatik lokomotiv signalizatsiya va dispetcherlik nazorati qurilmalari bilan, yarim avtomatik blokirovka esa yaqinlashish uchastkalarida avtomatik lokomotiv signalizatsiya bilan to’ldirilishi kerak.
Poezdlar harakatining dispetcherlik nazorati qurilmalari avtoblokirovka bilan jihozlangan uchastkalarda (bir yo’lli peregonlarda) belgilangan harakat yo’nalishi, blok-uchastkalarning, oraliq stansiyalarda asosiy va qabul qilish-jo’natish yo’llarining bandligi, kirish va chiqish svetoforlari ko’rsatkichlarining nazoratini ta’minlashi kerak.
Ushbu bandda sanab o’tilgan talablardan tashqari, yangidan tatbiq etilayotgan dispetcherlik nazorati tizimlari SSB qurilmalari texnik holatini nazoratini ta’minlashi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |