Qishloq joylar geografik tadqiqotlarning ob’ekti sifatida. Geografiya fanlari tizimida qishloq joylar -bu kompleks tadqiqot ob’ektlaridan biridir. Ularni nafaqat geograflar, balki iqtisodchilar, sotsiologlar, ekologlar ham o’rganadi. Boshqa soxa vakillaridan farli, o’laroq, geograflar, eng avvalo qishloq joylarni, ularning komponentlarini (tabiat, aholi, xo’jalik) alohida olingan holda, hamda bir butunlikda, ya’ni majmuali tarzda rivojlanishining xududiy qonuniyatlarini o’rganishga asosiy e’tiborni qaratadilar.
Qishloq joylar ilmiy — tadqiqotlarning kompleks va o’ziga xos ob’ekti bo’lishiga shubha yo’q. CHunki, ular katta — katta maydonlarni, muayyan tabiiy shart —sharoit va mineral xom ashyo salohiyatini, aholi, uning joylashuv tizimi va ijtimoiy tuzilmalarini, xos ijtimoiy hamda ishlab chiqarish salohiyatini o’zida mujassamlashtirgan hududlar yig’indisidan iboratdir.
Hozirgi davrda qishloq joylar bir butun, kompleks tarzda o’rganilgan tadqiqotlarni yetarli deb bo’lmaydi, ammo iqtisodiy va ijtimoiy geografiya va turdosh fanlar doirasida uning komponentlari (turli darajada va aspektlarda) tadqiq etilgan. Ayniqsa, o’tgan asrning 80 — yillariga kelib, qishloq joylarni (xuddi shahar joylari kabi) xar tomonlama o’rganishning zarurligi ko’pchilik mutaxassislar (S.A.Kovalev, A.I.Alekseev) tomonidan ta’kidlangan edi.
Agarda, jamiyatning hududiy tashkil etilishini shartli ravishda shahar va qishloq joylarga ajratsak, u holda ularni nafaqat aloxida — alohida, balki kompleks va o’zaro aloqadorlikda ilmiy —tadqiq etish mantiqan maqsadga muvofiqd,ir.
Qishloq joylar — bu shaharlardan tashqaridagi aholi yashaydigan barcha joylardir (Kovalev, 1980, 6.173). Qishloq joylarga berilgan bunday qisqa va lo’nda ta’rifni V.A.Maksimov (1992, b. 8 ) yanada rivojlantirgani xolda, uni tabiiy sharoit va resurslar, qishloq aholisi va uning o’ziga xos turmush tarzi, odamlar mehnati natijasi — turli tuman asosiy fondlar, qishloq aholisining ishlab chiqarksh faoliyati kabilar bilan boyitdi (1 — rasm).
Qishloq joylarning birlamchi ijtimoiy vazifalaridan biri qishloq xo’jalik maxsulotlarini yetishtirishdan iborat. Bu esa qishloq xo’jaligi va u bilan bog’liq barcha ishlab chiqarish tarmoqlarini avvalroq ilmiy o’rganilishiga asos bo’ladi. Ammo, shunga qaramay, qishloq joylarning asosiy ijtimoiy mohiyatini faqatgina, qishloq xo’jaligi yoki qishloq aholisi bilangina tushuntirish ham mantiqan to’la ma’no kasb etmaydi. Buning uchun ularning tabiiy, ijtimoiy — iqtisodiy, demografik va xatto ekologik xususiyatlarini ham to’la qamrab olish kerak. Bularning barchasini o’zida mujassam etgan tom ma’nodagi ilmiy tadqiqotlar bugungi kun talabiga javob bera oladi.
Qishloq joylar mavjud barcha belgilari va rivojlanish xususiyatlariga ko’ra mintaqaviy tafovutlarga ham ega. SHuningdek, ular turlicha vazifalarni ham bajaradilar. Qishloq joylarning asosiy vazifalaridan biri — bu (1) qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qisman uni qayta ishlashdan iborat. Ushbu vazifa boshqalarga ko’ra ko’proq qishloq joylar uchun xosligi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, qishloq xo’jaligi yerlari, o’rmon xo’jaligi va yog’och tayyorlash, ovchilik, baliqchilik kabi tarmoqlar asosan qishloq joylarda mujassamlangan. Qishloq joylarning rekreatsiya funktsiyasi (2) — ko’proq shahar aholisiga xizmat qiladi. Qishloq joylar shaharliklar uchun dam olish maskanlari rolini o’ynasa, qishloq aholisining o’zi uchun yashash joylaridan iborat bo’lib hisoblanadi. Hozirda xo’jalikning muhim tarmog’iga aylanib borayotgan rekreatsiya xizmatining ko’plab muassasalari (dam olish zonalari, uylari, bolalar lagerlari, turbazalar, sanatoriya va pansionatlar) qishloq joylarda vujudga keltirildi.
Qishloq joylar kommunikatsiya elementlarining «koridori» vazifasini (3) ham bajaradi. Zero, avtomobil, temir yo’l, quvur yo’llari, daryo transporti, elektr uzatish liniyalari ham aynan qishloq joylar orqali o’tadi. Ularning ish sharoitlarini ta’minlab turish ham qishloq joylarning muhim vazifalaridan biridir.
Qishloq joylar shaharlarni mehnat resurslari bilan ta’minlashda (4) ham muhim ahamiyatga ega. Qishloq joylarda ayrim «shaharlik» xo’jalik tarmoqlari (5) ham joylashgan. Ular jumlasiga, qazib oluvchi (qurilish materiallarini qazib oluvchi kar’erlar, konlar) va qayta ishlovchi sanoatning ayrim kichik korxonalari kiradi. Bunday korxonalar o’z xajmlarining kichikligi sababli shahar xosil qilishga ojizlik qiladilar. O’rmon xo’jaligi va yog’och tayyorlash ham qishloq joylarga xos funktsiyalardan (6) biridir. Qishloq joylarning tabiatni muhofaza qilish funktsiyasida (7) -S.A..Kovalev ikki turini ajratadi: 1) tabiatni muhofaza qiluvchi tadbirlar (qo’riqxonalar, zakazniklar, milliy parklar); va 2)shahar chiqitlarining «qabristoni» sifatida. Qishloq joylar ovchilik va baliqchilik xo’jaliklarini (8) rivojlantirishda ham katta ahamiyatga ega. SHuningdek, T.I.Zaslavskaya ularning «tarixiy — madaniy» funktsiyasini (9) ham ajratadi (1978, s.3O). Bunda u qishloq aholisining tabiiy takror barpo bo’lishi va uning madaniy —ma’naviy extiyojlarini qondirilishini ta’kidlagan.
Qishloq joylarning jamiyatda tutgan o’rni, roli va ahamiyati ularning bajaradigan vazifalaridan ham ayon bo’ladi. Yuqorida ularning tashqi vazifalari aytib o’tildi, xolos. SHunga qaramay, ular turli — tuman va bir —biridan farqlanadi. Ularni o’zaro bog’lovchi, uyg’un xolda rivojlanishini ta’minlovchi hududiy birikma esa qishloq joylardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |