Badiiy adabiyot rivoji. O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniyati xususida gap borar ekan, bunda uning muhim tarkibiy qismi, xalq dahosi mahsuli bo’lgan badiiy adabiyot va uning ajoyib namoyandalarining serqirra ijodi to’g’risida to’xtalib o’tmasdan bo’lmaydi. O’lkamizning noyob tarixiy - tadrijiy taraqqiyoti bilan bu davrda bir tomondan, rasmiy til maqomiga aylangan arab tilida, ikkinchi tomondan an'anaviy fors-tojik tilida va nihoyat, uchinchidan, milliy til sifatida shakllanib, rivojlanish sari yuz tutgan turkiy (eski o’zbek) tilda nafis adabiy asarlar yaratilib, ma'naviyatimiz hazinasi boyib bordi. Bu esa mintaqamizda muhim yashagan xalqlar, elatlarning katta, betakror yutuqi bo’ldi. Zotan, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, "har qanday sivilizatsiya ko’pdan-ko’p xalqlar, millatlar, elatlar faoliyatining va samarali ta'sirining mahsulidir".
IX-XII asrlar adabiy jarayonining rivojiga jiddiy hissa qo’shgan, badiiy so’z qadrini yuksakka ko’targan daho adiblar to’g’risida so’z yuritganda Ahmad Yugnakiy, Maxmud Qoshg’ariy, Yusuf xos Xojib, Ahmad Yassaviy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nosir Xusrav singari aziz siymolar nomlari beixtiyor ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi. Ularning har birining mangulikka muhrlangan hayotbaxsh ijodi necha asrlar silsilasidan o’tib, zamon kishilar shuri, qalbiga estetik huzur, quvonch bahishlab, ularni yuksak orzu maqsadlar sari ilhomlantirib keladi.
Turkiy (eski o’zbek) adabiyot shakllanishining ilk sarchashmalarida turgan o’tmishdosh adiblarimizning yirik namoyandalaridan biri Ahmad Yugnakiy (VIII asr)dir.
Eski o’zbek adabiyotining asoschilaridan sanalgan Mahmud Qoshg’ariy (XI asr) ijodi ham O’rta Osiyo Uyg’onish davri madaniy taraqqiyotida muhim o’rin egallaydi. Uning merosi o’sha davr badiiy adabiyoti rivojida ham, turkiy xalqlarning etnik tarkibi, jug’rofiy joylanishi, ularning rango-rang urf-odatlari, udumlari, o’ziga xos an'analari, to’y-ma'rakalari va boshqa ko’plab hayotiy jihatlarini o’rganish, ilmiy tadqiq etishda ham birdek ahamiyat kasb etadi. Allomadan bizga qadar yetib kelgan yagona "Devonu lug’atit turk" ("Turk tilining lug’ati") asarining boy mazmuni bilan tanishish kishini yuqoridagi xulosaga olib keladi. Darhaqiqat, Turkiy xalqlar, elatlar yashaydigan keng hududlarni kezib, ishonchli manbalar asosida jonli materiallar to’plab, o’sha xalqlar to’g’risida noyob qomusiy ma'lumotlarni o’z asari orqali keyingi avlodlarga armug’on etgan Mahmud Qoshg’ariy nomi mangu barhayotdir.
Mahmud Qoshgariyga zamondosh Yusuf xos Xojib (XI asr) ijodi ham o’ziga xos badiiy sayqali, yuksak mahorati bilan ajralib turadi. Adib nomini xalqlararo mashhur qilgan narsa, bu uning "Kutadgu bilig" ("Baxt va saodatga eltuvchi bilim") asaridir. Ushbu kitob turkiy xalqlar, elatlar hayoti haqida yozilgan asar bo’lib, unda davrning juda ko’p o’ta muhim muammolari, ahloq, odob va ma'rifat masalalari katta mahorat bilan yoritilgan.
Turkiy adabiyotning yuksak parvozini Ahmad Yassaviy (1041-1167) ijodisiz tasavvur etib bo’lmaydi. U tasavvuf ilmida benazir peshvo, "Yassaviya" tariqatining asoschisi, chuqur ma'rifiy, dunyo qarashlik mazmuniga ega durdona asar "hikmatlar"ning muallifidir. Alisher Navoiy ta'biri bilan aytganda, "Turkiston mulkining ulug’ Shayx ul-mashoyixi" xazrati Xoja Ahmad Yassaviy juda ko’plab mutasavvuf donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. "Yassaviya" tariqatining bir qator asosiy qoidalari (odoblari)ga nazar tashlar ekanmiz, bunda insonlarning Alloh Visoliga etishish yo’lida tinimsiz izlanishlari, hayotning turli-tuman sinov-sinoatlariga dosh berishlari, o’z e'tiqodlarida sobit, ezgulik, haq, haqiqat yo’lida hamisha sa'y-harakatlarda bo’lishlari kerakligiga alohida urg’u berilganligi ayon bo’ladi. Shu boisdan turkiy adabiyotning go’zal namunasi - "hikmatlar"da "Yassaviya" ta'limotidagi poklik, halollik, to’g’rilik, mehr-shafqat, o’z qo’l kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo’lida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg’or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.
O’rta Osiyo xalqlari Uyg’onish davri adabiyotini forsiyzabon ijodkorlar ijodi bilangina qo’shib tasavvur etish mumkindir. Bu o’rinda Somoniylar davrining tengi yo’q zukko shoiri Abu Abdulloh Ro’dakiy (860-941) ijodi alohida ko’zga tashlanib turadi. Gap shundaki, juda ko’p nufuzli manbalarda aytilishicha, fors-tojik tilida ijod qilgan shoirlarning birortasi ham unga teng keladigan darajada asarlar bitmaganlar. Ba'zi olimlarning fikricha Rudakiy bir million uch yuz ming misragacha she'r yozgan. Biroq afsuski, shoirning boy adabiy merosidan bizgacha attigi ming bayt she'riy asarlar yetib kelgan, xolos.
Rudakiy asarlari, ayniqsa uning ruboiylari shu qadar ta'sirchan, ohangdorki, ular kishilar qalbini o’ziga beixtiyor mahliyo etadi. Shoir tabiat go’zalliklarini jozibali tarannum etish barbarida odamlarni yurt, Vatanni sevishga, unga farzandlik burchi bilan astoydil xizmat qilishga da'vat etadi. Uning ruboyilarida ifodalangan teran falsafiy fikrlar, hayotiy lavhalar bugungi avlod kishilari uchun ham ibrat bo’lib xizmat qilishi shubhasiz. Xullas, Mavlono Rudakiy ijodiyoti asrlar osha o’z qadr-qimmatini yo’qotmay, insoniyat ahliga estetik zavq bag’ishlab kelayotgan tuganmas sarchashmadir.
Bu davr adabiyotining daho san'atkorlaridan yana biri Abulqosim Firdavsiy (940/941-1030)dir. Uni yorug’ olamga mashhur, nomini tillarda doston qilgan, abadiylikka muhrlangan narsa-bu allomaning - betakror "Shohnoma" asaridir. Negaki bu shoh asarda Eron va Turon xalqlarining ming yilliklar qa'riga borib taqaladigan uzun ko’hna tarixi, tutash taqdir - qismatlari, jangu jadallari, mislsiz qahramonliklari katta mahorat bilan ifodalangan. 60 000 baytdan (uning ming bayti Daqiqiy qalamiga mansub) iborat bunday salobatli yirik epik asarning dunyoga kelishi Firdavsiyning badiiy ijoddagi ulkan jasoratidir. Shoir Movarounnaxr, Xuroson va Eronning katta o’tmishiy tarixiga murojaat qilib, uning qat-qatiga yashiringan noyob injularni shodaga chizib, xalq og’zaki ijodi durdonalarini chuqur o’rganib, ularni o’z zamonasining yetilgan dolzarb masalalari, vazifalari bilan uyg’unlashtirib, shunday buyuk asar yaratdiki, mana necha asrlardirki, u bashariyat ahlining doimiy nazarida va nigohida bo’lib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |