6-mavzu. Amir Temur va Temuriylar davlati.
Reja:
1. XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahrda ijtimoiy-siyosiy vaziyat. Amir Temurning siyosiy kurash maydoniga kirib kelishi.
2. Amir Temur davlatining tashkil topishi va uning harbiy yurishlari.
3. Temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda ijtimoiy-siyosiy ahvol.
Foydalanlgan manba va adabiyotlar:
1. Ахмедов Б. Амир Темур. - Т., А. Қодирий нашриёти, 1995.
2. Ахмедов Б. Тарихдан сабоқлар. - Т., Ўқитувчи, 1994.
3. Ашраф Ахмад. Улуғбек Муҳаммад Тарағай. - Т., 1994.
4. Амир Темур жаҳон тарихида. Т., Шарқ, 1996.
5. Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи. - Т., Чўлпон, 1994.
6. Мўминов И. Амир Темурнинг Ўрта Осиё тарихида тутган ўрни. - Т.: Фан, 1993.
7. Муҳаммаджонов А. Амир Темур ва темурийлар даври. - Т.: Фан, 1996.
8. Салоҳиддин Тошкандий. Темурнома. - Т., Чўлпон, 1991.
9. Ўлжаева Ш. Амир Темур дипломатияси. - Т., Ижод Пресс, 2018.
10. Шамсутдинов Р., Каримов Ш., Убайдуллаев У., “ Ватан тарихи”., 1-жилд, Т., Шарқ, 2010.
11. Шарофиддин Али Яздий. Зафарнома. Т. Камалак, 1994.
12. Темур тузуклари. Форсчадан А. Соғуний ва Х. Кароматов тарж. – Т., 1991.
1. 1348 yil Chig’atoy naslidan bo’lgan Tug’luq Temur Mo’g’uliston xoni qilib ko’tariladi. Mo’g’uliston amirlari ulusning g’arbiy qismi — Movarounnahrni ham bosib olishga harakat qildi. Bir necha bor Movarounnahr ustiga yurish qilib, uni talab qaytdi. Mo’g’ullar istibdodi va zulmiga qarshi xalq harakati boshlandi. Mana shunday bir davrda sohibqiron Amir Temur siyosat maydoniga dastlabki qadamlarni qo’ymoqda edi. Amir Temurning otasi Amir Tarag’oy va amakisi Hoji Barloslar barlos qabilasining yirik mulkdor amirlaridan edi. Temur yoshligidan yaxshi ta’lim va tarbiya olgan. U o‘smirlik yoshidayoq Qur’onni yoddan bilgan (odatda Qur’onni yodlashga musulmonlar 40-50 yoshga kirgach muvaffaq bo‘lishgan). Temur nafaqat diniy, balkim dunyoviy fanlar: tarix, falsafa, geografiya, hisob va boshqa fanlardan yaxshi xabardor bo‘lgan. U qilichbozlik, nayzabozlik, chavandozlik, shikor san’atini mukammal egallaydi. 17 yoshidan boshlab Temur otasining mulkini boshqara boshlaydi va mamlakat siyosiy hayotining faol ishtirokchisiga aylanadi.
Temurning katta siyosat maydoniga chiqishi 1360 yilda sodir bo‘ladi. Xuddi shu 1360 yilda mayda bo‘laklarga bo‘linib ketgan Movarounnahrni Mo‘g‘ulistonga bo‘ysuntirishni niyat qilgan Tug‘luq Temur yurtimizga 100 ming kishilik qo‘shin bilan bostirib keladi va amalda qarshiliksiz hudud bekliklarini egallay boshlaydi. Kesh hokimi Hoji Barlos vahimaga tushib Balxga qochib ketadi. Uning xizmatida bo‘lgan Temur qarshilik ko‘rsatish behuda ekanligini tushunadi va Tug‘luq Temur huzuriga borishni taklif qiladi. Hoji Barlos ko‘nmagach u o‘z xizmatini Tug‘luq Temurga taklif etadi. Temur shunda 24 yoshda edi. Movarounnahrda ozgina fursat hukmdorlik qilishi davomida Temur o‘zini adolatli, haqgo‘y, xalq uchun jonkuyar rahbar sifatida ko‘rsata bildi va el orasida katta obro‘ qozondi. SHu orada Amir Qozog‘onning nabirasi Uljoy Turkon og‘aga uylanishi uning nufuzini yanada oshiradi. Temurning mavqei oshib borayotganligidan xavflangan Tug‘luq Temur Movarounnahr hukmdori etib o‘g‘li Ilyosxo‘jani tayinlaydi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, yangi vaziyatda Ilyosxo‘janing o‘rinbosari va qurolli kuchlar qo‘mondoni qilib tayinlangan Temurning faoliyat doirasi harbiy ishlar bilan cheklangan edi. Qurolli kuchlar asosan mo‘g‘ullardan iborat bo‘lib, turli harbiy qismlarning qo‘mondonlari Tug‘luq Temurga shaxsan sadoqatli amir va beklardan tayinlangan bir sharoitda u qurolli kuchlarga real rahbarlik qila olmas edi. Temur shu buyruq bilan amalda rahbarlikdan butunlay chetlashtirilgan edi. Temur albatta bu vaziyatdan qanoat hosil kilmasligi tabiiy edi va shu sababli, Temur unga xizmat qilishni istamadi va Balx hokimi Amir Husayn bilan ittifoq tuzdi. Amir Temur Amir Husaynning singlisi O’ljoy Turkon og’oga uylangach, ularning ittifoqi qarindoshlik aloqalari tufayli yanada mustahkamlandi.
1361 yilning oxiri-1366 yillarda Temur Amir Husayn bilan ittifoq tuzib mo‘g‘ullarga qarshi hokimiyat uchun kurashadi. 1363 yil Tug’luq Temur vafot etib, Mo’g’ulistonda xonlik taxtini Ilyosxoja egallaydi. O’sha yili Amudaryoning chap sohilidagi Qunduz shahri yonida mo’g’ullar bilan bo’lgan 1-jangda Amir Temur g’alaba qozondi. 1365 yilda Mo‘g‘ulistonda o‘z hokimiyatini mustahkamlagan Ilyosxo‘ja Movarounnahrga yo‘l oladi. Temur va Husaynning birlashgan qo‘shinlari CHinoz bilan Toshkent o‘rtasida uni qarshi oladilar. “Jangi loy” deb atalgan to‘qnashuv, Amir Husaynning chap qanotdagi o‘z qo‘shinlarini asossiz jangdan chiqarishi oqibatida Movarounnahrliklarning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Husayn bilan Temur 3000 askarni jang maydonida qoldirib janubga chekinadilar. B.Ahmedov ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Husayn Movarounnahrni butunlay tark etib, Shimoliy Afg‘onistonda yashirinadi. Temur esa Keshga borib shahar devorlarini mustahkamlaydi va qo‘shini safini to‘ldira boshlaydi.
Bu mag’lubiyat dushmanga Movarounnahrga, xususan, uning markaziy shahri Samarqandga tomon yo’l ochib berdi. Mo’g’ullar Movarounnahrning markaziy viloyatlarida odatiy talon-torojni yana davom ettirdilar. Bunday og’ir bir siyosiy vaziyatda hokimiyatsiz qolgan mamlakat aholisi, garchi o’z holiga tashlab qo’yilgan bo’lsa ham, ona yurt mudofaasini o’z qo’liga olishga va mo’g’ullar hujumini qaytarishga kirishdi. Sarbadorlar nomini olgan qo’zg’olonchilar (madrasa talabasi Mavlonozoda, paxta tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi Naddof va mergan Xurdak Buxoriylar boshchiligida) mo’g’ullarga Samarqand shahrida qaqshatqich zarba berdilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, so’ngra esa butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldi. Sarbadorlar g’alabasi to’g’risidagi xabar Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetdi. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo bo’yida o’tkazib, 1366 yil bahorida ular Samarqandga yo’l oldilar va shahar yaqinidagi Konigil mavzeida to’xtadilar. Har ikkala amir sarbadorlarning dushman ustidan qozongan g’alabalaridan mamnun bo’lganliklari va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida, ular qatl etiladi. Faqat Mavlonozodani Amir Temur o’z himoyasiga olib qutqarib qolinadi.
Bu vaqtda Samarqandda Amir Husayn hukmdorligi tiklansada, xalq orasida Temurning nufuzi juda ham baland edi. Natijada, ikki amir o‘rtasida “Loy jangida” tug‘ilgan ishonchsizlik dushmanlik munosabatiga aylandi. Husayn Balxga qaytib uning qal’a devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan ko‘p sonli askar ham to‘playdi. Temur ham Keshga qaytib, Kesh va Qarshi viloyatlarining hukmdori bo‘ladi. 1370 yil mart oyida Amir Temur yaxshi qurollangan qo’shini bilan Keshdan chiqib, Balxni qamal qilib, shaharni egalladi, Movarounnahrning hukmdori Amir Husayn qatl etildi. O’sha yili Balxda qo’shin boshliqlarining qurultoyida Amir Temurning hukmronligi rasman qaror topadi. Temur CHig‘atoy ulusining vorisi va davom ettiruvchisi deb e’lon qilindi. Lekin shu bilan birgalikda, mo‘g‘ul zodagonlarining qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun xonlik taxtiga Suyurg‘atmish o‘tqazildi, Temur esa Amir, Ko‘ragon unvonlari bilan qanoatlandi. U ko‘ragon (xon kuyovi) unvoniga Amir Husayn haramidagi Saroymulkbegimga uylanish orqali erishdi. Avvalambor bu davrda Amir Temurga mustahkam poytaxt zarur edi. Shu maqsadda u 1370 yilda Samarqandga keldi. Bu yerda u shahar devorlari, qal’alar va saroylar bino qilishga kirishdi. Ayni paytda u holdan toygan mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etdi.
2. Movarounnahrga hukmron bo‘lgan Temurning asosiy vazifasi kuchli markazlashgan davlat hokimiyatini barpo etishdan iborat bo‘lib, bu birinchi navbatda raiyat, ya’ni oddiy fuqaro manfaatlaridan kelib chiqar edi. SHuning uchun u o‘z siyosatini amalga oshirar ekan ziroat va tijorat ahliga, hunarmandlarga suyanar edi. Amir Temurning buyuk saltanat barpo qilish yo‘lidagi harakatini shartli ravishda ikki davrga bo‘lish mumkin. Birinchi davr - 1370 – 1388 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Amir Temur avvaliga Movarounnahrni, keyin esa parchalangan Chig‘atoy ulusini birlashtirib markazlashgan qudratli davlatga aylantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi.
Ikkinchi davr - 1389-1405 yillarni qamrab oladi. Bu davrda mamlakat tarkibiga hozirgi janubiy Qozog‘iston, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, SHimoliy Hindiston, Iroq, Suriya, Kavkaz orti va SHimoliy Kavkaz respublikalarining hududlari kiritiladi. Natijada Amir Temur davlati jahonshumul ahamiyatga ega bo‘lgan imperiyaga aylanadi.
Mamlakatning imperiyaga aylanish jarayoni oson kechgan emas. Bu vazifani uddalash uchun Amir Temurga 35 yil davomida qator harbiy yurishlarni amalga ishirishga to‘g‘ri kelgan. Bu yurishlar qo‘yilgan vazifalar, amalga oshirish usullari bilan bir-biridan farq qilgan. Sovet davri kitoblarida Temurning xarbiy yurishlari bosqinchilik xarakteriga ega ekanligi, bosib olingan hududlarda katta o‘lja olinganligi va bu harbiy yurishlarning asosiy maqsadi ekanligi qayd qilingan. Biroq Temurning harbiy yurishlari zamirida mamlakat sarhadlari yaxlitligiga erishish, uni ximoya qilish, xavfsizligini taminlash maqsadi yotganligini alohida ta’kidlash lozim. Albatta, o‘lja olingan, o‘ljaga qo‘shinning qiziqishini xam inkor etib bo‘lmaydi. Lekin, o‘lja olish, mahv etilgan raqib mulkini to‘lasincha o‘zlashtirish, o‘sha davr taomiliga to‘g‘ri kelar edi. O‘lja olishning shar’iyligi Quronda xam qayd etilgan edi. O‘lja olish Temur yurishlarining maqsadlaridan biri edi. Lekin, xech bir yurishida o‘lja uning asosiy maqsadi bo‘lgan emas. Masalan, 1395 yildagi yurishda olingan o‘ljaning 25%lik o‘z ulushidan Temur navkarlar foydasiga butunlay voz kechgan edi.
1372 yilda Amir Temur Xorazmga birinchi bor yurish qildi. Xorazmliklar mag’lubiyatga uchragan bo’lsalar ham, Amir Temurga bo’ysunmadilar. Shu boisdan, Amir Temur Xorazmga 5 marta yurish qilib, nihoyat, 1388 yilda uni butunlay qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi. Markazlashgan buyuk saltanat barpo etish yo’lida keyingi yurishini Temur dastavval Xurosondan boshladi. 1381 yil u Hirotni, 1381-84 yillarda Eronning katta qismini egalladi. Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom(Suriya) ustiga 3 marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda «uch yillik», «besh yillik» va «yetti yillik» urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik (1386-88) harbiy yurishlar oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston va Van ko’li atrofidagi yerlar egallandi. So’ng shimolga yurish boshlab, huzuriga homiylik istab kelgan Oq O’rda xonzodalaridan To’xtamishga bir necha bor harbiy yordam berdi. 1379 yilda To’xtamish Amir Temurning homiyligida Oq O’rda, keyinroq Oltin O’rdani qo’lga kiritgandan so’ng, Amir Temur kutgandek uning ta’siri va panohi ostida qolmadi. To’xtamish oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurgizib, kezi kelganda hatto Amir Temurga qarshi ish ko’ra boshladi. Hatto 1387-88 yillarda To’xtamish Amir Temurning navbatdagi harbiy yurishi vaqtida fursatdan foydalanib, Movarounnahrga hujum qildi.Oltin O’rdaning qayta birlashtirilishi va uning kuchayib borishi Amir Temur davlati uchun nihoyatda xavfli edi. Bu xavfni bartaraf qilish uchun Amir Temur To’xtamishga qarshi 1389, 1391 va 1394-95 yillarda 3 marta katta yurish qildi. 1391 yilning 18 iyunida bu yerda 3 kun qirg’inbarot jang bo’lib, u To’xtamish qo’shinining batamom mag’lubiyati bilan tugadi. Amir Temur va To’xtamish qo’shinlari o’rtasida so’nggi shiddatli jang 1395 yilda Shimoliy Kavkazda Terek daryosi vodiysida sodir bo’ldi. Shundan so’ng Amir Temur o’zining diqqat-e’tiborini butunlay Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo yarim oroli, Hindistonni zabt etishga qaratdi.
Amir Temur «besh yillik urush» (1392-96) davrida Astrobod va Mozandaronni qo’lga kiritgach (1392 y.), tog’li Eronning asosiy shahri Omulni, so’ngra Loriston va Huzistonni zabt etdi. 1393 yil Janubiy Eron fath etilgach, Muzaffariylar davlati barham topgan. Amir Temur Ozarbayjonni batamom bo’ysundirish uchun katta qo’shin bilan bir necha bor yurish qilishga majbur bo’ldi. Nihoyat, 1397 yilda Ozarbayjon Amir Temurga butunlay taslim bo’ldi.
1398 yilning may oyida Amir Temur 92 ming askar bilan Amudaryodan o’tib Hindistonga yurish qildi. Avgustda Qobul shahrini zabt etgach, Hind daryosidan o’tib, dekabr boshlarida Dehliga yaqinlashadi. Panipat yalangligida sodir bo’lgan jangda Amir Temur qo’shinlari zafar quchadi.1399 yilning boshlarida Amir Temur 15 ming askar bilan Dehliga kirib bordi. O’lja olingan boyliklar bilan malakali binokor usta va hunarmandlar Samarqandga jo’natildi, qolgan qismi amir va lashkar boshliqlariga bo’lib berildi. Amir Temur qo’shin tortib Gang daryosi sohillarigacha bordi. O’sha yerdan orqaga qaytib, 1399 yilning bahorida Samarqandga yetib keldi.
Poytaxtda Amir Temur qisqa vaqt dam olgach, G’arbiy Osiyoga yangi safar hozirligini ko’rib qo’shinlari bilan yo’lga chiqdi. 1400 yilning yozida Suriyaga yurish qildi. Avval Halab (Aleppo) va Bayrut shaharlari olinib, 1401 yilning boshlarida bir oylik qamaldan so’ng Damashq taslim bo’ldi. Shunday qilib 1399—1404 yillardagi harbiy yurishlar natijasida Shomning Halab, Xums, Baalbek, Damashq kabi yirik shaharlari va arab Iroqining Ubuliston o’lkasi bilan Bag’dod zabt etiladi. Usmonli turk imperiyasi sultoni Boyazid I Yildirimga tegishli Kamoh qal’asini, so’ngra Anqarani qamal qiladi. Amir Temur bilan Boyazid qo’shinlari o’rtasida jang 1402 yilning 20 iyulida Anqara yonida boshlandi. Jangda Sulton Boyazidning qo’shini batamom tor-mor etilib, o’zi asir olindi. 1404 yil mayida Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytib keladi va o’zining Xitoyga bo’ladigan harbiy yurishiga taraddud ko’radi. 1404 yilning oxirida qahraton qishda u yaxshi qurollangan 200 minglik qo’shin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqadi. Lekin Xitoy ustiga yurish Sohibqironning O’trorda vafoti (1405 yil 18 fevral) tufayli amalga oshmay qoladi.
Shunday qilib, Amir Temur o’zining 35 yillik hukmronligi davrida Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar va Orol dengizidan Fors qo’ltig’iga qadarli g’oyat katta hududni o’z ichiga olgan ulkan bir saltanatni vujudga keltirdi. Bundan tashqari, yana u Osiyoning jan.-g’arbiy qismlari, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim.-g’arbda quyi Volga, Don bo’ylari, shim.-sharqda Balxash ko’li va Ili daryosi bo’ylari hamda jan.-sharqda Shimoliy Hindistongacha bo’lgan mamlakatlarni birlashtirib, mustahkam, qudratli davlat barpo etgan va unda adolat qaror topdirib, fan, madaniyat, shaharsozlik rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishga muvaffaq bo’ldi.
3. Amir Temur o‘zining ulkan mamlakatini suyurg‘ollarga bo‘lib idora qilgan. Amir Temur Movoraunnaxrdan tashqari barcha xududlarni 4 ulusga bo‘ladi. Muxammad Jaxongirga Balx viloyati beriladi. Jaxongir vafot etgach ulus tarkibiga Afg‘oniston, Pokiston va SHimoliy Xindiston xududlari kiritilib Pirmuxammadbekka inom etiladi. Umarshayxga Eronning Janubiy qismi - Fors viloyati (markazi SHeroz), Mironshohga Ozorbayjon, Iroq va Armaniston ulusi (markazi Tabriz), SHoxruxga Xuroson, Jurjon, Mozondaron, Seyiston ulusi (markazi Xirot) berilgan edi. Uluslar Markaziy xokimiyatga bo‘ysunsalarda, amalda mustaqillikka ega bo‘lganlar. Tobelik soliqning malum bar qismini markazga yuborish, harbiy yurishlarda o‘z qo‘shini bilan ishtirok etishdan iborat bo‘lgan xolos. Shu sababli ham, Temur davlati uning vafotidan so‘ng osonlik bilan parchalanadi. Amir Temurning motam marosimlari tugar-tugamas, vorislar o’rtasida toju taxt talashuvi boshlanadi. Amir Temurning vasiyatiga muvofiq, Pirmuhammadni taxtga o’tqazish tarafdorlari kuchli bo’lsa-da, biroq Mironshohning o’g’li Xalil Sulton Mirzo 1405 yilning 18 mart kuni Samarqandni egallab, o’zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e’lon qildi.
Natijada taxt uchun urush boshlanadi va Temuriylar saltanati mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib ketadiyu SHohruh Mirzo otasining vasiyatiga amal qilib Pirmuxammadbek tomoniga o‘tadi. Taxt uchun kurash 4 yil davom etadi. Bu orada Pirmuxammadbek 1407 yil 29 fevralda o‘z vaziri Pir Ali Toz tomonidan bo‘g‘ib o‘ldiriladi. Mironshoh Mirzo 1408 yil 21 aprelda Ozarboyjonda Qora YUsufga qarshi bo‘lgan jangda xalok bo‘ladi. O‘zini adolatli xukmdor, qat’iyatli, shijoatli, mohir sarkarda sifatida ko‘rsatgan va otasining vasiyatiga amal qilganligi sababli halq orasida nufuzi oshgan SHoxrux Mirzo o‘zaro urushlarda g‘olib chiqadi. SHoxrux Mirzodan engilgan Xalil Sulton u bilan sulh shartnomasi imzolashga majbur bo‘ladi. Bitimga ko‘ra Xalil Sulton Movaraunnahr taxtiga davogarlikdan voz kechadi va Ray viloyatiga xokim etib tayinlanadi.Oradan ikki yil o‘tgach u 1411 yil 4 noyabrda og‘ir xastalikdan vofot etadi. Boshqa malumotlarga ko‘ra Xalil Sulton zaxarlab o‘ldirilgan.
Samarqandni egallagach Shoxrux Temur davlatini tiklashga kirishadi.U Movaraunnahr, Xuroson, Shimoliy Afg‘oniston va Ozarboyjon xududlarini qamrab olgan davlat tuzadi. Akalarining avlodlariga g‘amho‘rlik ko‘rsatib, o‘z qanoti ostiga oladi. Bu uning oliyjanob odam ekanligini ko‘rsatadi. Movaraunnaxr xukmdorligi Ulug‘bek Mirzoga (1394-1449), Hisor xukmronligi Muxammad Sulton o‘g‘li Muxammad Jaxongir Mirzoga (1394-1435), Farg‘ona Umarshayx Mirzo o‘g‘li Ahmad Mirzoga (1383-1425), SHimoliy Afg‘oniston xududlari Pirmuxammadbek o‘g‘li Qaydu Mirzoga beriladi. Temuriyzodalarning barchasi xam Shoxruxga sadoqat bilan xizmat qilmaydi. Masalan, Qaydu Mirzo o‘z ulusida mustaqil xokimiyat o‘rnatish uchun kurash boshlaydi. Lekin mag‘lubiyatga uchraydi va 1417 yilda qo‘lga olinadi SHoxrux uni kechirib Hirotda saqlashga buyuradi. Qaydu Mirzo Hirotdan qochib yangidan kurash boshlaganidan so‘ng qo‘lga olinib Ixtiyoriddin qalasidagi zindonga tashlanadi va shu erda olamdan o‘tadi. Shoxrux davrida mamlakatda tinchlik va osoyishtalik xukm suradi. Temuriylar davlati uzoq vaqt davomida SHoxrux Mirzo tomonidan idora qilingan bo‘lsada, amalda bu ulkan mamlakat ikkita davlatdan iborat edi. Biri poytaxti Xirot bo‘lgan Shoxrux Mirzo davlati, ikkinchisi markazi Samarqand bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek davlati.
Mirzo Ulug‘bek xukmronligi saltanatning rivojidagi muhim davrni tashkil qiladi. Xukmdorning ichki siyosati mamlakat tinchligi, dahlsizligi va osoyishtaligini taminladi. Bu esa uning iqtisodiy, madaniy va manaviy ravnaqiga olib keldi. Ulug‘bek bobosi singari jangu jadallarga qiziqmadi. Faqat zarurat yuzasidan xarbiy yurishlar tashkil qildi. Masalan, 1414 yilda Farg‘ona xukmdori Ahmad itoatdan chiqqach, unga qarshi qo‘shin tortadi. Bu yurish vaqtida Ulug‘bek nafaqat Farg‘ona balki Sharqiy Turkistonni xam o‘z tasarrufiga oladi.
Mamlakatning shimoliy sarhadlari Ulug‘bekni g‘oyatda tashvishlantirar edi. Oltin O‘rdada feodal tarqoqlik vaziyati Ulug‘bek davlati uchun juda havfli edi. SHuning uchun u Oltin O‘rda taxtiga o‘z odamini o‘tqazishga intiladi. Baroqxon Ulug‘bek yordamida Oltin O‘rda taxtiga, Shermuxammadbek Mo‘g‘iliston taxtiga o‘tiradilar. Biroq ular Ulug‘bekka itoat etishdan bosh tortadilar. Ulug‘bek g‘azablanib ularga qarshi qo‘shin tortadi. SHermuxammadbek 1425 yilda mag‘lub qilinadi. Lekin Baroqxonga qarshi 1427 yil fevralidagi jang Ulug‘bekning mag‘lubiyati bilan yakunlanadi. Ulug‘bekning bu mag‘lubiyati Amir Temurning To‘xtamishxon ustidan qozongan g‘alabalari natijalarini chippakka chiqaradi. Sirdaryo bo‘yidagi shaxarlar ustidan ko‘chmanchi o‘zbeklar xukmronligi o‘rnatiladi. O‘zbek ulusining kuchayishi ana shundan boshlanadi. Samarqandga kelgan Shoxrux mag‘lubiyat sabablarini tahlil qilib bir necha amirni jazoga tortadi. Qattiq tanbeh olgan Ulug‘bek Samarqandda qoldiriladi. Ana shu davrdan boshlab Ulug‘bek mirzo o‘z umrini mamlakat osoyishtaligini taminlashga va ilm fanga bag‘ishlaydi.
Shoxrux 1447 yil 12 martda nevarasi Sulton Muxammad isyonini bostirish vaqtida Ray shaxrida vofot etadi.. Temuriylarning toju taxt uchun kurashi yangidan avj oladi. Taxtni o‘sha davr taomiliga ko‘ra Ulug‘bek egallashi kerak edi. Lekin Shoxrux davrida nufuzi juda katta bo‘lgan Gavxarshodbegim SHoxruxning uchinchi o‘g‘li Boysunqur Mirzo farzandi Alauddavla valiahd bo‘lishi tarafdori edi. Natijada Alauddavla va uning ukasi Abulqosim Bobur Ulug‘bekka qarshi xarakat boshlaydilar. 1447-1448 yillar davomida kechgan jangu-jadallarda Ulug‘bek qo‘shini zafar quchadi. Alauddavla tamomila mag‘lubiyatga uchratiladi. Qo‘shinini saqlab qolgan Abulqosim Bobur o‘z ulusi xududlarini tark etadi. Xujumni davom ettirish o‘rniga Ulug‘bek Mashxadga qaytadi. Buni dushmanlari chekinish deb o‘ylaydilar va bu ularga quvvat bag‘ishlaydi.
Lekin bu Ulug‘bekning yagona xatosi emas edi.Urushda Abdulatif qaxramonlik ko‘rsatganligiga qaramay, Ulug‘bek g‘alabani o‘g‘li Abdulazizga bag‘ishlaydi. Buning ustiga u Abdulatifni SHoxrux tomonidan unga inom etilgan Ixtiyoriddin qalasiga kiritmaydi va qaladagi xazina, boyliklarni o‘zining o‘ljasi deb elon qiladi. Natijada, ota bolaning munosabati buziladi. Bu orada Ulug‘bekka Abulxayrxonning Samarqand xududlariga bostirib kirganligi, shaxar va qishloqlarni talayotganligi xaqida xabar beradilar.Ulug‘bek Samarqandga jo‘naydi Xirot xokimi qilib Abdulatif tayinlanadi. Abulqosim Bobur Mirzo Ulug‘bek qo‘shini yo‘lda ekanligida, unga kutilmaganda zarba berib, katta talofat etkazadi. Buning ustiga Amudaryodan kechib o‘tayotganda Ulug‘bek qo‘shiniga ko‘chmanchi o‘zbeklar xujum qiladilar. Asosiy kuchlaridan ajralgan Ulug‘bek qishni Buxoroda o‘tkazadi.
Abulqosim Bobur Abdulatifning Xirotda bir o‘zi qolganligidan foydalanib unga qarshi qo‘shin yuboradi. Abdulatif Xirotni tashlab Balxga qochadi va shu erda otasiga qarshi isyon ko‘taradi. U xatto Abulqosim Bobur bilan otasiga qarshi ittifoq tuzadi. 1449 yil bahorida Abdullatif otasiga qarshi Amudaryo sohillarida 3 oy davomida jang xarakatlari olib boradi. Bu orada Samarqand xokimi bo‘lib qolgan Abdulazizning noo‘rin harakatlari, amirlarning noroziligini kuchaytiradi. Natijada, Ulug‘bekning ahvoli og‘irlashadi. 1449 yilda Samarqand yaqinidagi Dimishq qishlog‘idagi jangda Abdulatif Ulug‘bek qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratadi. Ulug‘bek Abdulatif xuzuriga kelib, xokimiyatdan voz kechishini, qolgan umrini ilm fanga bag‘ishlashini bildiradi. Lekin, o‘g‘li uni Makkaga borishi xaqida farmon beradi. Ulug‘bek yo‘lga chiqqach, uning orqasidan Abbos ismli shaxs o‘z navkari bilan kelib, Ulug‘bekning boshini tanasidan judo qiladi. Bu voqea 1449 yil 25 oktyabrda sodir bo‘ladi.
Tez orada Abdulaziz xam o‘ldiriladi. SHundan so‘ng Abdulatifga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Uning tanasidan judo qilingan boshi 1450 yil 9 mayda Ulug‘bek madrasasi peshtoqiga ilib qo‘yiladiyu Bo‘sh qolgan Samarqand taxti uchun yana kurash boshlanadi. Abulxayrxon yordamida qo‘shin to‘plagan Abusaid (Mironshox avlodi) 1451 yilda taxtni egallaydi. Lekin, Abusaid dastlab faqat Movaraunnaxr xukmdori bo‘ladi. Xuroson esa Abulqosim Bobur ixtiyorida qoladi. 1456 yilda Abulqosim Bobur olamdan o‘tgach, Abusaid Xirotni egallaydi va saltanatni birlashtiradi. Xuddi shu vaqtda Xusayn Bayqaro xam taxt uchun kurashni boshlaydi. Abu Said 1469 yilda oqquyunli turkmanlar bilan bo‘lgan jangda o‘ldirilgach, u Xirot shaxri axolisining Abusaid o‘g‘illari Maxmud mirzo va Axmad mirzoga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanlaridan xabar topadi va shaxar aholisi yordamida taxtga o‘tiradi. Natijada Temuriylar davlati yana ikkiga bo‘linadi.
Xusayn Boyqaro davrida (1469-1506) Xuroson sharqdagi eng yirik, siyosiy va iqtisodiy mavqei yuqori bo‘lgan davlatlardan biriga aylanadi. Uning tarkibiga Xuroson, Xorazm, Sharqiy va Shimoliy Eron xududlari kirgan edi. Mamlakatga Xusayn Bayqaro 38 yil xukmronlik qiladi.
Xusayn Bayqaro taxtga o‘tirgach, o‘z qaramog‘idagi barcha viloyat va tumanlar mamuriy boshliqlarini yangilaydi. Qozilik va dodhohlik lavozimlariga adolatli, insofli kishilarni qo‘yadi. Masjid va madrasalar rahbarligiga jalb qilingan etuk va o‘qimishli ulamoyu fuzalolardan mamlakatda tartib o‘rnatishda yordam berishlarini so‘raydi. Qonunni buzgan kishilarni kim bo‘lishidan qatiy nazar qattiq jazolaydi. Bu borada u xatto o‘z o‘g‘lini xam ayamaydi. Afsuski, Xusayn Boyqaro umrining oxirigacha mamlakatni birday qatiyat va shijoat bilan boshqara olmadi.Umrining oxirida boqi beg‘am, maishatparast, kayfu safoga mukkasidan ketgan xukmdorga aylanadi. Natijada siyosiy barqarorlikka barxam berilib mamlakat urush girdobiga tortiladi.
Movarounnahrda ham Abusaidning o‘g‘illari dastavval Sulton Axmad mirzo (1469-1493), so‘ngra Sulton Maxmud mirzo (1493-1494), Boysunqur Mirzo(1494-1497) va nixoyat Maxmudning o‘g‘li Sulton Ali mirzo(1497-1501) lar davrida siyosiy tarqoqlik va beboshliklar misli ko‘rilmagan darajada kuchayadi. Bu xol Dashti Qipchoq ko‘chmanchi o‘zbek qabilalarining Markaziy Osiyo xududlaridan Temuriylar sulolasi vakillarini quvib chiqarib, o‘lkani egallab olishlariga qulay imkoniyatlar yaratadi.
Seminar mashg'uloti materiali
Mavzu: Amir Temur saltanatining ma’muriy va harbiy tuzilishi.
Reja:
1. Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi va markazlashgan Temur saltanatining tashkil topishi.
2. Amir Temur saltanatining ma’muriy tuzilishi. “Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvi.
3. Markaziy hukumatning uch bosh davlat muassasasi: Dеvoni oliy (oliy ijroiya organi), Dеvoni mol (moliya ishlari boshqarmasi) va Dеvoni tovochi (harbiy ishlar boshqarmasi). Vazirliklar.
4. Amir Temur saltanatining harbiy tuzilishi. Tеmur qo‘shinlarining piyoda va otliq askarlari. «O‘nliklar», «yuzliklar», «mingliklar» va «o‘n mingliklar» («tuman»).
Amir Temur elimizning asl farzandi, uning chinakam xoloskori, shonu shuhratini jahonga mashhur etgan buyuk siymodir. Amur Temur Kesh shahri yaqinidagi Xo’jailg’or qishlog’ida (hozirgi Yakkabog’ tumani hududida) 1336 yil 9 aprel kuni o’z zamonasining nufuzli barlos urug’laridan biri Tarag’ay Barlos oilasida dunyoga keldi. Tarag’ay Bahodir o’g’liga yoshligidan ham dunyoviy, ham diniy ilmlar olishi uchun tegishli sharoit yaratib bergan. Ikkinchi tomondan esa tug’ma iste’dod va o’tkir xotira sohibi bo’lgan Amir Temur turli soha ilmlarini o’zlashtirishda g’oyatda tirishqoqlik bilan harakat qilgan. O’rta asr tarixchilari uning tarix, she’riyat, tibbiyot, matematika, astranomiya, me’morchilik borasidagi salohiyati haqida ko’plab ma’lumotlar qoldirganlar. Temur yoshligidan tengqurlari orasida jasurligi bilan ajralib turgan, harbiy ishni yaxshi ko’rgan, yaxshi chavondoz va mohir mergan bo’lgan. Turk va fors tillarini yaxshi bilgan. Ko’chmanchilar, chorvadorlar, o’troq aholi va shahar hayotidan yaxshi xabardor bo’lgan. Temurga yoshligidan o’z davrining mashhur ilm va tariqat bilimlari sohiblari bo’lgan shayx Amir Said Kulol, Abu Bakr Taybodiy, Sayid Baraka singarimuborak zotlar ustozlik qilganlar. Ayni paytda Temur yoshligidan harbiy ishlarni puxta o’rganib, bu sohada ham o’z mahoratini oshirib borgan.
XIV asrning 50-60 yillarida Movarounnahrdafeodal tarqoqlik g’oyatda kuchayib, o’zaro kurash yanadakeskinlshadi Temurbek tarixan o’ta murakkab vaziyatda, XIV asrning 60-yillarida siyosat maydoniga chiqdi. Bu davrda mo’g’ul hukumdorlari o’rtasidagi toju taxt, davlat va mol-dunyo uchun bo’lgan kurashlar shu darajada kuchayib ketib Chig’atoy ulusiga qarashli hududlarda feodal tarqoqlik avj oladi. Natijada Chig’atoy ulusiga qarashli Movarounnahr xududida o’nlab mustaqil bekliklar vujudga keladi. Xondamirning yozishicha, ulus 10 ga yaqin mustaqil bekliklarga bo’linib ketgan. Samarqand viloyatida Amir Bayon Sulduz, Keshda Amir Xoji Barlos, Xo’janddaAmir Boyazid Joloir, Balxda Uljaytu Sulduz, Hisori Shodmon chegarasida Amir Husayn va Amir Yassaviylar o’zlarini tanho hukmdor debe’lon qiladilar. Shahrisabzda Xoji Barlos (Temurning amakisi), Xo’jandda Boyazid Jaloir, Balxda Amir Husayn va boshqalar o’zlarini hokimi mutloq deb hisoblashardi va bir-birlari bilan yovlashib, saltanatni talon-taroj qilar edilar Bir tomondan, mo’g’ul xonlari tomonidan o’tkazilayotgan zug’umlar, ikkinchi tomondan esa mahalliy hokimlar o’rtasidagi to’xtovsiz davom etayotgan nizo va urushlar o’lkani mushkul ahvolga solib, oddiy xalq ommasining turmushini og’irlashtiribgina qolmasdan, ayni zamonda boy va zodagonlarning ham manfaatlariga putur etkazadi. Shu boisdan ham o’lkada feodal tarqoqlikka barham berish, markazlashgan kuchli davlat hokimiyati barpo etish va mo’g’ullarning istibdodidan ozod bo’lishga intilish g’oyasi tobora kuchayib boradi. Xalqning ana shu istak va orzusini birinchilar qatorida tushungan amirlardan biri Temurbek bo’ldi. O’zaro ichki ziddiyatlar qizigan, mug’ullar zulmiga qarshi mahalliy aholi harakatlari boshlangan bir davrda mamlakatda yangi siyosiykuch etilmoqda edi.
Shunday vaziyatda mo’g’ul xoni To’g’liq Temur 1360-1361 yillarda Movarounnahrga hujum qilib, o’lkada mo’g’ullar hukmronligini saqlab qolishga kirishganda o’zaro urushayotgan xonlaru-beklar unga qarshilik ko’rsatisha olmadi. Yosh Temur ham bunga jur’at qilolmadi, aksincha oldiga o’z ona yurtini ozod qilishdek aniq maqsad qo’yib uning xizmatiga kirdi. Shunday paytda Temurbek yurt omonligini ko’zlab, mo’g’ul xoni huzuriga keldi. Mo’g’ullar xizmatiga kirgan Temur tezda xon nazariga tushdi. Natijada Temurdan minnatdor bo’lgan To’g’liq Temur uni qo’rquvdan Shahrisabzni tashlab Xurosonga qochgan amakisi Xoji Barlos o’rniga Shahrisabz hokimi qilib tayinladi. Bu esa 25 yoshli Temurga o’z maqsadini amalga oshirishda juda zarur edi. Shunday qilib, Amir Temur siyosat maydoniga keldi.
To’g’liq Temur Movarounnahrni taslim qilib, o’g’li Ilyosxo’jani bu erga hukmdor qilib tayinlagach, Temur unga xizmat qilishdan bosh tortdi. Bu yo’lda u o’ziga hamkor izlab, mo’g’ul qozonxonning nevarasi, Balx hokimi amir Husayn bilan aloqa o’rnatib mo’g’ullarga qarshi birgalikda kurash boshladilar. 1365 yilda Ilyosxo’ja katta qo’shin bilan Temur va Husayndan o’ch olish maqsadida Movarounnahrga bostirib keladi. Temur va Husayn ham tayyorgarlik ko’rib Ilyosxo’jani Chinoz yaqinida qarshi oldi. O’rtada qattiq jang bo’ldi va u tarixga “Loy jangi” nomi bilan kirdi, chunki shu kuni kuchli jala yog’ib, qo’shinlar va otlar loyga botib ketishadi. Jangga birinchi bo’lib Temur qo’shini kiradi. Husayn qo’shini esa zahirada turadi. Hal qiluvchi lahzada, Temurning qo’li baland kelib, g’alaba yaqinlashib kelganda Husaynning qo’shini qat’iyasizlik qildi va g’alaba boy berildi. Temur va Husayn qo’shinlari bilan Samarqandga, undan Balxga chekinishdi. Ilyosxo’ja o’z g’alabasini mustahkamlash maqsadida Samarqandga yo’l oldi, lekin bu erda sarbadorlar ozodlik va mustaqillik yo’lida o’zini qurbon qilishga tayyor turganlar, ya’ni “boshini dorga tikkanlar” Samarqand himoyasini o’z qo’llariga oldilar. Hunarmandlar, dehqonlar, do’kondorlar va ma’rifat faollaridan iborat bo’lgan Samarqand sarbadorlariga madrasa talabasi Mavlonzoda, paxta savalovchi Abu Bakr Kalaviy, mohir mergan Xudaki Buxoriylar rahbarlik qilishdi. 7 yoshdan 70 yoshgacha bo’lgan oddiy xalq sarbadorlarni qo’llab quvvatladi. Shahar ko’chalarida g’ovlar qo’yilib, mudofaa inshootlari mustahkamlandi. Bunday tayyorgarlikni ko’rmagan mo’g’ullar tor ko’chalarga kirib qolgach, yuqoridan yog’ilgan kamon o’qlari, tosh, yog’och, qaynoq suv, qora moylardan sarosimaga tushib, katta talafot bergan holda chekinishga majbur bo’ldilar. Sarbadorlar to’la g’alaba qilib, shaharda o’z boshqaruvini joriy qildilar. Sarbadorlar g’alabasidan xabar topgan Husayn bilan Temur Samarqandga qaytishdi, hokimiyatni olishdi. Amir Husayn bosh vazir, Temur esa uning o’ng qo’li bo’ldi. Biroq ular sarbadorlarni ziyofatga chaqirib qirib tashlashdi. Temur Mavlonzodani saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi. Shu vaqt hokimiyat taqsimotida Temur bilan Husayn o’rtasida ixtiloflar kuchaydi. Temur bilan Husayn o’rtasidagi ziddiyat to’rt yil davom etib, nihoyat 1370 yilda Temurning g’alabasi bilan tugadi. Husayn o’ldirildi. Balx Temur qo’liga o’tdi. Shu payt Balxni olgan Temur huzuriga Makkalik shayx Sayid Baraka kelib, unga buyuk davlat tuzish yo’lidagi harakatiga fatvo berdi va hokimiyat ramzi sifatida nog’ora va bayroqni topshirdi. So’ng bir umrga Temurning ma’naviy homiysi bo’lib qoldi. Temur 1370 yili hokimiyatga chiqdi. Amalda Temur Movarounnahrda yagona hukmdor bo’lsada, o’zini amir deb hisoblab, chingiziylardan Suyurg’otmishni xon deb ko’tardi. qo’shin sarkardalar qurultoyi esa Amir Temurni Movarounnahrning yagona hukmdori deb e’lon qildi. Bu orada Amir Temur chingiziylar malikasi, Chig’atoy xonining qizi, Husaynning beva qolgan xotini - Saroymulkxonim (Bibixonim)ga uylandi va shu sababli “Ko’rag’on” (sohibqiron) xonning kuyovi unvonini va podsholik qilish huquqini oldi.
Amir Temurning buyuk saltanat barpo qilish bobidagi sa’y-harakatini shartli ravishda ikki davrga bo’lish mumkin: Birinchi davr 1370-1388 yillarni o’z ichiga oladi. Bu davrda Amir Temur asosan turkiy xalqlardan tashkil topgan Chig’atoy mulkini markazlashgan qudratli davlatga birlashtirish uchun kurashadi.
Ikkinchi davr 1388-1405 yillardir. Bu davrda Amir Temur o’z davlatining hududini kengaytirish va buyuk saltanat barpo etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. 1370-1405 yillar mobaynida, ya’ni 35 yil Samarqand taxtini boshqargan Amir Temur o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishadi. Jumladan, u shu davr mobaynida 30 martadan ortiq harbiy yurishlar uyushtiradi va biror marta ham engilmaydi, dunyodagi 28 mamlakatni fatx etadi. Amir Temur tuzgan saltanat sarhadlari janubda Arabiston yarim orolidan shimolda to Moskva knyazligiga qadar, sharqda Xitoy hududlaridan qarbga tomon o’rta Yer dengizi va Misr davlatlari erlarini o’z ichiga olgan xududlarga qadar cho’zilib ketgan edi. Amir Temur davlatining boshqaruv tizimi ikki qismga-qonun chiqaruvchi va ijroiya tizimlariga bo’lingan. qonun chiqaruvchi tizim qurultoy deb atalib, u asosan yirik turk qabilalarining yo’l boshchilari ishtirokida o’tgan va oliy hukmdor paytida chaqirilgan. qurultoy urush va sulh, davlatning ichki va tashqi siyosatini istagan belgilash kabi masala muammolarni muhokama qilgan va qonunlashtirilgan.
Ijroiya tizimi devonlar va boshqa oliy davlat idoralaridan iborat bo’lgan. Davlatning ijroiya tizimi (devonlar) qurultoy qabul qilgan qarorlarni, podshoh farmonlarini va davlatning kundalik yumushlarini hayotga tadbiq etgan.
Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha Temur davlatini asosan quyidagi to’rt vazir boshqargan.
1. Mamlakat va raiat vaziri-mamlakatning muhim va kundalik ishlarini ado etgan; U raiatning ahvolini, mamlakat obodonchiligi va mumiy ahvolini, riatning farovonligini, mamlakatning umumiy ahvolini nazorat qilib turuvchi vazir bo’lgan. Uni bosh vazir (vaziri a’zam) deb atashgan. U bosh bo’lgan muassasa esa devoni oliy deb atalgan.
2. Sipoh vazirligi- sipohiylarning umumiy ahvoli – ularni harbiy yurishlar oldidan to’plash, joylashtirish, oziq-ovqat va harbiy aslaha bilan ta’minlash maosh va nafaqalarini o’z vaqtida etkazib berish bilan shug’ullangan. U bosh bo’lgan muassasadevoni tavochi deb atalgan.
3. Uchinchi vazir egasiz qolgan er-suv, mol-mulkni haqiqiy merosxo’rlari topilguncha tasarruf qilib turish, shuningdek, savdogarlardan olinadigan boj-xiroj va yaylovdagi mol-qo’ydan olinadigan zakotni undirish bilan shug’ullangan. Uning devoni devoni sarkor deb atalgan.
4. Bu vazir saltanat ishlarini, ya’ni davlat idoralarining sarf-harajatlarini, umuman xazinadan ketgan barcha harajatlarning hisob-kitobi bilan shug’ullangan. Uning devoni–devoni mushrif (maxsus nazoratchilar devoni) deb atalgan.
Shuningdek, chegara erlari va tobe mamlakatlarni boshqarish ishlariga ma’sul etib yana uchta vazir tayinlangani «Temur tuzuklari»da aytilishicha ulardan biri xorijiy mamlakatlar bilan olib boriladigan munosabatlarga boshchilik qilgan oliy davlat muassasasi – devoni insho yoki devoni rasoil deb atalgan.
Din va shariat bilan bog’liq bo’lgan masalalar, shuningdek, sud ishlari qozi va shayxulislom qo’lida bo’lgan.
Amir Temur davrida davlat ishlarini ado etadigan quyidagi oliy lavozimlar: otaliq, arzbegi, a’lam, bakovulboshi, daftordor, jarchi, munshiy, muftiy, muxtasib, soxibi devon, tavochi, farrosh, xazinador, eshik og’aboshi kabi lavozimlar ta’sis etilgan.
Temurning tashqi siyosati. Sohibqiron qaysi bir mamlakatga lashkar tortib borishidan qat’i nazar, u adolatni himoya qilgan insof va diyonat uchun jangga kirgan. Aksariyat hollarda kelib chiqqan urushlar Amir Temurning Raqiblari adolasizligi, insof diyonasizligi, imonsizligi aybi bilan kelib chiqqan. Ana shu ma’noda Amir Temurning Xorazm bilan bo’lgan munosabatlari yorqin misol bo’la oladi. Hazrat Sohibkiron Markazlashgan davlat tuzib mo’g’ullarni Movarounnahr hududidan haydab chiqargach, Xorazm masalasini adolatli hal qilishga kirishadi. AmirTemur Boyazid bilan o’zaro diplomatik yozishmalar olib borish bilan bir qatorda Turkiya bilan bo’lajak to’qnashuvda Trapezund va Konstantinopol harbiy kemalaridan foydalanishga harakat qiladi. O’zaro yordam masalasida Amir Temur Konstantinopol noibi Ioaan VII bilan ham yozishmalar olib boradi. Amir Temur Fransiya qiroli Karl VI (1360-1422) Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413) Kastiliya va Leon qiroli Genrix III lar bilan diplomatik aloqalar o’rnatib , yozishmalar olib boradi. Vizantiya imperatoridan boj olib uni bevosita buysundirish bilan kifoyalangan Amir Temur 1402 yilning yozida Fransiya va Angliyaga maxsus elchilar orqali Karl VI va Genrix IV nomlariga maktublar yullaydi. Fransiya qiroli Karl VI 1403 yilning 15 iyunida Amir Temurga yo’llanganllan javob maktubidan ma’lum bo’lishicha Amir Temur takliflari Fransiya tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingan.
Amir Temur valiaxd etib nabirasi Pirmuhammadni tayinlagan edi. Biroq Mironshohning o’g’li Halil Sulton Mirzo 1405 yilning 18 martida Samarqandni egallab, o’zini “Movarounnahrning oliy hukmdori” debe’lon qildi. Bir necha yil to’xtovsiz davom etgan urushlar natijasida bir qancha temuriy shahzodalar, shu jumladan valiaxd Pirmuhammad olamdan utdi. qudratli saltanat larzaga keldi va u parchalanish sari yuz tutdi. 1409 yil Temurning kenja o’g’li Shoxruh Movarounnahrva Xurosonni egallab, Movarounnahrni to’ngich o’g’li Ulug’bek ixtiyoriga beradi. O’zi esa Hirotga qaytib, Xuroson davlatini idora qila boshlaydi. Ulug’bek Samarqand taxtini egallagan paytida 15 yoshli uspirin yigit edi.Shuning uchun Shoxruh tajribali amir Shohmalikni unga otaliq qilib tayinlaydi. Ikki yildan so’ng, ya’ni 1411 yildan boshlab Ulug’bek to umrining ohirigacha (1449) Movarounnahr mamlakatini tanho boshqaradi. Ulug’bek asosiy faoliyatini davlatni idora qilish, ilm fanni ravnaq toptirish, mamlakat obodonchiligini yaxshilashga bag’ishladi. Ulug’bek noiloj xollardagina qo’shin tortishga majbur bo’lgan. 1414 yili u Farg’onada Amir Ahmad isyonini, 1425 yilda mo’g’ullar harakatini bostirdi. 1427 yilgi Dashti qipchoqhukmdorlaridan Baroq o’g’longa qarshi yurishi Ulug’bekka nihoyatda qimmatga tushdi. 1428 yil Abulhayrxon boshchiligida Dashti qipchoq davlati bilan ko’p bor to’qnashuvlarga to’g’ri keldi. Buning oqibatida esaasta-sekin Movarounnahr davlatining parchalanish va zaiflashish jarayoni yuz berdi.
XV asr oxiri, ayniqsa uning so’ngi choragida mamlakatda ijtimoiy-siyosiy beqarorlikning kuchayishiga Temuriy shohzodalarning o’zaro kelishib bir fikrga kelmaganliklari, ular o’rtasidagi toj-taxt uchun doimiy kurashning mavjudligi sabab bo’ldi.
Jumladan, 1450 yilda Samarqand taxtiga Mirzo Ulug’bekning jiyani va kuyovi Mirzo Abdulloning o’tirishi, Buxoroda esa Shohruh Mirzoning nevarasi Abulqosim Bobur qo’lida bo’lishi yagona mamlakat parchalanganligining isboti edi. Afsuski, bu shahzodalar kelishishga intilmadi, aksincha bir-birlari taxtiga da’vo qila boshladi. Natijada nizolar kuchaydi, ko’plab qurbonlar bo’ldi, o’zaro urushlar avj oldi. Masalan: Mirzo Abdullo Alouddavla va Abu Saidga qarshi kurashdi. Oqibatda 1451 yildaSamarqand yaqinidagi Sheroz qishlog’idagi jangda Abu Said Mirzodan engilib o’ldirildi.
Shundan so’ng ham tinchlik bo’lmadi. Endi buyuk bobosi davlatini tiklash uchun kurash Abu Said Mirzo (Movarounnahr) va Abulqosim Bobur (Xuroson) o’rtasida bordi. Nihoyat, 1457 yilda Abulqosim vafotidan so’ng Abu Said Mirzo vaqtincha bo’lsada Temuriylar davlati har ikki qismi (Movarounnahr va Xuroson) ni birlashtirishga muvaffaq bo’ldi.
Biroq, Abu Said Mirzo qancha harakat qilmasin bu hududni saqlab qola olmadi. U Mamlakatdagi siyosiy tarqoqlikni to’la tugata olmadi. Xuroson, Eron, Xorazm deyarli mustaqil edi. Xurosonda Temuriy shahzoda Sulton Husayn Boyqaro Hirot taxti uchun kurash boshladi. G’arbiy Eron erlari uchun kurashda oqquyunli turkmanlar Abu Saidga qattiq qarshilik ko’rsatadi. Oqibatda 1469 yilda Abu Said oqqo’yunli turkmanlar bilan bo’lgan jangda o’ldiriladi. Shundan so’ng Xurosonda hokimiyat Sulton Husayn Boyqaro(1469-1506) qo’liga o’tib ketdi. Saltanat yana ikkiga bo’lindi. Movarounnahrda taxtga o’tirgan Abu Saidning o’g’illari Sulton Ahmad (1469-1494), Sulton Mahmud (1494-1496) va uning o’g’li Sulton Ali Mirzolar uquvsiz chiqishdi, ayshu-ishratga berilib davlat ishlarini tashlab qo’yishdi.
Anna shu tariqa, mamlakat parchalanish sari yo’l tutdi. Xususan, Movarounnahr hukmdori Sulton Ahmadning uquvsizligi, sustkashligi va savodsizligi tufayli feodal tarqoqlik avjiga chiqdi. Bundan foydalanib Dashti qipchoqdagi o’zbek qavmlari tomonidan uyushtirilgan yurishlar Movarounnahrni yanada tang ahvolga mahkum etdi. XV asrning 90-yillarida Farg’onaning yosh hukmdori, Umarshayx Mirzoning o’g’li Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) temuriylar hukmronligini qaytadan mustahkamlash yo’lida bir necha bor qat’iy harakat qildi. Biroq uning bu urinishlari ham kutilgan natijaga olib kelmadi.
Ma'ruza matni
Do'stlaringiz bilan baham: |