5. Milliy hisoblar tizimi, uning maqsadi va vazifalari.
6. Oʻzbekistonda oʻtgan yildagi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha
yuqori oʻsish sur’atlarining ta’minlanishi.Oʻzbekistonda yalpi milliy mahsulotni
koʻpaytirish omillari va yoʻllari.
1. Milliy iqtisodiyotning qaror topishi va uning makroiqtisodiy koʻrsatkichlari
Barchamizga ma’lumki, oʻtmishda Oʻzbekiston iqtisodiyoti sobiq ittifoq iqtisodiyotining
tarkibiy qismi hisoblanib, uni mustaqil milliy iqtisodiyot deb boʻlmas edi.
1991-yil sentyabridan buyon oʻtgan qisqa davr mobaynida iqtisodiy mustaqillikni qoʻlga
kiritib, mamlakatimiz hududidagi barcha tabiiy, mineral xomashyo boyliklardan, butun iqtisodiy
resurslar va quvvatlardan oʻz xalqimiz va uning kelajagi manfaatlari yoʻlida foydalanish
imkoniyatiga ega boʻldik.
Milliy iqtisodiyot koʻplab oʻzaro bogʻliq iqtisodiy unsurlardan iborat boʻlgan murakkab
iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Mazkur unsurlar oʻrtasidagi amalda tarkib topgan
munosabatlarning butun majmui iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini tavsiflab beradi.
Milliy iqtisodiyot – barcha tarmoqlar va sohalarni, mikro- va makrodarajadagi
iqtisodiyotlarni, funktsional iqtisodiyotni, koʻplab infratuzilmalarni oʻz ichiga olgan yaxlit
iqtisodiyotdir.
2. Yalpi milliy mahsulotning mazmuni, tarkibiy qismlari va harakat shakllari
Ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijasida mamlakat miqyosida milliy mahsulot yaratiladi.
Milliy mahsulot – mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy hajmidir. U
barcha moddiy va nomoddiy ne’matlar ishlab chiqarish hamda xizmatlarni oʻz ichiga olib,
hozirgi bizning mamlakatimiz qoʻllayotgan milliy hisoblar tizimida yalpi ichki mahsulot (YaIM)
deb yuritiladi. Milliy mahsulot koʻrsatkichi oldingi davrlarda, masalan oldingi sobiq Sovet
ittifoqi iqtisodiyotida jami ijtimoiy mahsulot (JIM) deb, boshqa koʻpgina mamlakatlarda esa
yalpi milliy mahsulot (YaMM) deb yuritilar edi. Yalpi milliy mahsulot – bu oʻz mamlakati yoki
xorijda joylashgan milliy korxonalar tomonidan yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy
hajmining jami qiymatidir.
Yalpi ichki mahsulot – ma’lum vaqt davomida, masalan, bir yilda yaratilgan va bevosita
iste’molchilarga borib yetadigan barcha tayyor mahsulot va koʻrsatilgan xizmatlarning bozor
narxidagi qiymatidir.
YaMM va YaIM oʻrtasidagi farq u qadar ahamiyatli emas. Bu farq rivojlangan
mamlakatlarda YaIMning ±1%ni tashkil etadi. BMT statistika xizmati asosiy koʻrsatkich sifatida
YaIMdan foydalanishni tavsiya etadi.
Yaqin vaqtlarga qadar AQSH va Yaponiyada YaMM koʻrsatkichi qoʻllanilar edi,
endilikda bu mamlakatlar ham YaIM koʻrsatkichini qoʻllay boshladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: