Yapon bosqinchiligiga qarshi 1937-1945 yillardagi
milliy ozodlik urushi.
Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi olib borgan milliy ozodlik urushi uzoq va og‘ir bo‘ldi. Bu urush ulkan miqyosda 8 yil, ya’ni 1937 yil iyulidan 1945 yil sentabriga qadar davom etdi. Yapon qo‘shinlari qisqa vaqt ichida Xitoyda ulkan hududlarni, shu jumladan yirik shaharlarni bosib olishga muvaffaq bo‘ldilarki, natijada gomindanchi hukumat o‘z qarorgohini ikki marta o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi (1937 yili Nonkindan Uxanga, 1938 yili esa Uxandan Chunsinga ko‘chirilgan).
1939 yilning 7 iyulida yapon bosqinchilari butun Xitoyni o‘z mustamlakalariga aylantirish uchun urush e’lon qilmagan holda katta urush boshladilar. Xitoy xalqi o‘z Vatanini qutqarish uchun kurashga otlandi. 8 iyulda XKP xalq ommasini milliy-ozodlik urushiga ko‘tarilishga chaqirdi. Bu chaqiriq butun Xitoyda ko‘tarinki ruhda qo‘llab-quvvatlandi. Gomindan hukumati yapon agressiyasiga qarshilik ko‘rsatish haqida bayonot berishga majbur bo‘ldi.
Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi milliy-ozodlik urushi boshlangan vaqtda mamlakat uchun halqaro ahvol murakkab va ziddiyatli harakterda edi. AQSH va Angliya Xitoyga hamdardliklarini bildirsalar-da, amalda Yaponiyaga stanoklar, neft, po‘lat, lom va boshqa strategik materiallar yetkazib berib yordam ko‘rsatayotgan edilar.
Uzoq Sharqda yapon agressiyasini kuchayib borayotganidan xavfsiragan sobiq SSSR 1937 yilning avgustida Xitoy bilan hujum qilmaslik haqida shartnoma tuzdi. Unga harbiy materiallar sotib olish uchun 1938-1939 yillarda AQSH kreditlariga nisbatan ikki marta ko‘p kreditlar berdi.
Urush boshlarida (1937 yilning iyul-avgusti) yapon agressorlari o‘zlarining harbiy ustunliklaridan foydalanib, Pekin va Tyanszinni egallab, Shimoliy Xitoyda hujumni davom ettirib, Shanxay – Nankin rayonidan hujum operatsiyalarini boshladilar.
Bunday sharoitda Xitoy xalqining muvaffaqiyatli kurashining muhim sharti yaponlarga qarshi yagona frontni vujudga kelishi va mustahkamlanishi edi. Barcha vatanparvarlik kuchlarini jipslashtirish maqsadida XKP o‘z hukumatini qaytadan qurish, qizil armiyani qayta tashkil etish, gomindanchilar hokimiyatini ag‘darish uchun kurashni to‘xtatish, yirik yer egalari yerlarini musodara qilishni bas qilishga rozi bo‘ldi. Bunda XKP rahbarligi xalq qo‘shinlarida va Shensi-Gansu-Ninsya rayonida saqlab qolinib, kompartiya millatni jipslashtirish manfaatlari yo‘lida gomindanni tanqid qilish, butun Xitoyda siyosiy rejimni demokratlashtirish uchun kurash huquqini o‘zida qoldirdi.
Xitoy xalqi keng ommasining qo‘llab-quvvatlashiga tayanib, XKP yaponlarga qarshi yagona milliy-vatanparvarlik frontini tuzilishiga erishdi. Gomindan nomidan qo‘lga qurol olib agressiyaga zarba berish zaruriyati haqida Chan Kayshi ham bayonot berdi, 1937 yilning sentabrida Xitoy matbuotida XKP Markaziy qo‘mitasi va Gomindan hukumatining ikkala partiya hamkorligi haqidagi bayonoti e’lon qilindi.
Yaponlarga qarshi yagona front 1924-1927 yillardagi yagona frontdan farq qilar edi. Avvalo gomindan endilikda xalq ommasi manfaatlarini emas, mulkdor-yirik zamindorlar, bankirlar, fabrikant va savdogarlarning manfaatlarini ifodalar edi. Shuningdek 1937 yili yagona frontning tashkiliy shakllari yaratilmagan, qolaversa uning bevosita maqsadi barcha imperiya mustamlakachi davlatlarga va Xitoy militaristlariga qarshi kurash emas, Yaponiyaga qarshi ozodlik urush olib borish edi. Biroq bu ikki raqobatlashuvchi kuchlar urushni yagona front bo‘lishiga qaramay, tarqoq holda o‘z xolicha olib borishni afzal bildilar.
XKP o‘z nazorati ostida bo‘lgan rayonlardagi hokimiyatini (Xitoyning shimoli-g‘arbiy provinsiyalarida) mustahkamlab bordi. Bu hududlarda 1940 yilga kelib turli ma’lumotlarga qaraganda 50-100 mln. kishi istiqomat qilardi. Odam soni 50 ming kishiga yetgan ikki armiya – sakkizinchi va to‘rtinchi armiyalar yapon bosqinchiligiga qarshi turgan Xitoy qurolli kuchlarining salmoqli qismini tashkil etardi. Bu vaqtga kelib, XKPda rahbarlikni amalda kommunistik Xitoyning bo‘lajak ko‘p yillik hukmdori Mao Szedun egallab olgan edi. Lekin e’tirof etish kerakki XKP rahbarligidagi ozod qilingan rayonlarda bir qator demokratik tadbirlar amalga oshirildi. Garchi XKP yirik zamindorlar erini musodara qilmasa-da dehqonlarning ahvoli yaxshilandi, jumladan pomeshchiklarga to‘lanadigan ijara haqi 25 foizga kamaytirildi, qarz uchun to‘lanadigan foizlar esa 10 foizdan oshmasligi lozim edi. Ilgari gomindanchilar tomonidan yig‘ib olinadigan ko‘plab soliqlar bekor qilinib, yagona progressiv–daromad solig‘i joriy qilindi. Ishchilarning mehnat sharoitlari yaxshilanib, ish haqi ko‘paytirildi.
Ozod qilingan rayonlar xalqi va qo‘shinlarining yapon bosqinchilariga qarshi kurashda o‘z boshidan kechirgan qiyinchiliklari gomindan hukumatining sotqinlik yo‘li bilan og‘irlashdi. Gomindan rahbariyati 1939, 1940, 1943 yillarda XKPga qarshi kompaniyalar uyushtirdi.
Gomindanchilar nazoratida bo‘lgan hududlardagi siyosiy reaksiyaning kuchayishi, xo‘jalik vayrongarchiligi, harbiy mag‘lubiyatlar xalq ommasi noroziligini qo‘zg‘atdi, Milliy burjuaziya va unga yaqin ijtimoiy qatlamlar manfaatlarini ifodalovchi siyosiy partiyalar va guruhlarni jonlantirdi. Ikkinchi jahon urushi oxirlarida gomindanchilar armiyasi 4 mln. 600 ming kishini tashkil qilsa-da, jangovarlik qobiliyatini yo‘qotgan, bir qadar jangovarlik layoqatiga ega bo‘lgan, amerikaliklar tomonidan o‘qitilgan va qurollantirilgan diviziyalar frontda emas, front ortida bo‘lib, yaponlar bilan emas XKP qurolli kuchlari bilan kurashga tayyorlanmoqda edi.
1945 yil avgustida sobiq SSSR Yaponiya bilan urushga kirib, Kvantun armiyasini tor-mor etib, Manjuriyani okko`patsiya qildi. Qo‘lga kiritilgan harbiy o‘ljalar Shimoliy Xitoydagi XKP bazalarini mustahkamlanishiga yordam berdi. Ikkinchi jahon urushi tugadi, biroq Xitoy zaminida tinchlik qaror topmadi, oradan ko‘p vaqt o‘tmay Xitoy xalqi yana bir dahshatli sinov-fuqarolar urushiga duchor bo‘ldi.
MUSTAHKAMLASH UCHUN SAVOLLAR:
1.Birinchi jahon urushi oxirida Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoli qanday edi ?
2.Xitoyda XX asr 20-yillaridagi inqilobiy jarayonlarning natijalari haqida fikr yuriting.
3.Chan Kayshi diktaturasining o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat ?
4.XX asr 30-40 yillarida XKP va Gomindan o‘rtasidagi munosabatlar Xitoyning bundan keyingi tarixiga qanday ta’sir ko‘rsatgan edi ?
5. Xitoy xalqining yapon bosqinchiligiga qarshi kurashini xalqaro tarixiy ahamiyati nimadan iborat ?
Do'stlaringiz bilan baham: |