Birinchi jahon urushi va undan keyin sodir bo‘lgan voqealar Xitoy jamiyatining ichki ziddiyatlarini yana ham keskinlashtirdi. Yevropada urush harakatlari davrida Antanta davlatlarining Xitoyga bo‘lgan e’tiborlarini zaiflashganligidan foydalangan Xitoy milliy burjuaziyasining mavqeyi birmuncha mustahkamlandi. Shunga qaramay, chet el sarmoyasi eng muhim tarmoqlarda o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi, faqatgina uning Yaponiya mavqeyini kuchaytirish tomon qayta taqsimlanishi sodir bo‘ldi.
Chunonchi, bu vaqtda yapon sarmoyasi hissasiga ko‘mir ishlab chiqarishning yarmiga yaqini, temir rudasi qazib chiqarishning to‘rtdan uch qismi, po‘lat quyishning o‘ndan to‘qqiz qismi, ip gazlama materiallar ishlab chiqarishning qariyb 60 foizi to‘g‘ri kelar edi. Temir yo‘llar va banklarning ko‘p qismi ham ajnabiylar mulki ekanligicha qolmoqda edi. Tashqi savdo, aloqa vositalari va bojxona soliqlari ham ular tomonidan nazorat qilinardi.
Yerlarning sakson foizi qishloq aholisining qariyb o‘ndan bir qismini tashkil etgan yirik zamindorlar qo‘lida edi. Qishloqning to‘qson foiz aholisi yerlarning chorak qismidan kamiga egalik qilar, binobarin ko‘pchilik dehqonlar yerni asoratli shartlar bilan zamindorlardan ijaraga olib ishlashga majbur edilar.
Rossiyadagi Oktabr to‘ntarishi va undan so‘ng Xitoy bilan tuzilgan teng huquqli bo‘lmagan shartnomalarni bekor qilinishi (xususan Sovet Rossiyasining 1901 yilgi “boksyor protokoli” ulushidan voz kechishi) Xitoy siyosiy doiralari bir qismida va ziyolilar orasida mamlakatni chet el hukmronligidan ozod qilish ishida Rossiya yangi hokimiyatining yordamiga umid tug‘diradi.
Birinchi jahon urushining tugashi Xitoydagi inqilobiy jarayonlarning yangi bosqichini boshlab berdi. 1921 yili Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) tashkil topdi. 1922-1923 yillarda ishchi-dehqonlar harakatining o‘sishi, kasaba uyushmachilik harakatining rasmiylashuvi sodir bo‘ldi. 1923 yilning fyevralidan Guanchjouda Sun Yatsen hukumati mustahkamlanib olgandan so‘ng ozodlik harakati uchun qulay shart-sharoitlar vujudga keldi. Sun Yatsen Xitoy ozodligi va taraqqiyoti uchun kurashda faqat xalq ommasiga tayanishgina muvaffaqiyat keltirishi mumkin degan g‘oyaga kela borib, asta-sekin XKP va sobiq SSSR bilan hamkorlik qilish pozitsiyasiga o‘ta boradi, natijada u o‘zining uch xalqchil tamoyiliga siyosatning uch asosini qo‘shadi, bular XKP bilan ittifoq, sobiq SSSR bilan, ishchi va dehqonlar bilan ittifoqda bo‘lish tamoyillari edi. Gomindanning 1924 yil yanvarida bo‘lgan Xitoy kommunistlari ham ishtirok etgan I kongressida Gomindan va XKPning yagona fronti tuzilganligi e’lon qilinadi. 1924 yil 31 mayda sobiq SSSR bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida bitim tuziladi. Sun Yatsen o‘zining zamonaviy qurolli kuchlariga ega bo‘lmay turib maqsadga erishib bo‘lmasligini yaxshi tushunar edi. Natijada sovet harbiy maslahatchilari M.M.Borodin, P.A.Pavlov, V.K.Blyuxyerlar yordamida inqilobiy qurolli kuchlarni yaratish ishi yo‘lga qo‘yildi. Garchi 1925 yilning 25 martida Sun Yatsenning vafoti inqilob uchun katta yo‘qotish bo‘lgan bo‘lsa-da, asta-sekin Gomindan va XKP hokimiyatining bundan buyon kuchayishi uchun zamin yaratila bordi.
1925 yilning 1 iyulida Guanchjou hukumati o‘zini Xitoyning Milliy hukumati deb e’lon qilib, mamlakatni birlashtirish uchun kurash boshladi. 1926 yilning iyulida Gomindan qo‘shinlari o‘zlarining mashhur Shimoliy yurishlariga kirishdilar. Natijada Gomindan va XKP tomonidan nazorat qilinadigan hududlarga Nankin, Uxan va boshqa bir qator katta shahar va provinsiyalar qo‘shib olindi. Bu muvaffaqiyatlar bosh qo‘mondon bo‘lgan Chan Kayshining mavqeyini mustahkamlaydi. Chan Kayshi 1927 yili bahorda Shanxayda o‘z milliy hukumatini e’lon qiladi, bu esa aslida Gomindan partiyasining ichida kommunistlar bilan oraning buzilishi va Gomindan va XKP yagona frontini emirilishiga olib kelgan to‘ntarish bo‘lganligini bildirar edi.