1-mavzu: Birinchi jahon urushidan keying davrda Xitoy.
REJA :
Birinchi jahon urushi yillarida Xitoy
Xitoy Birinchi jahon urushidan so‘ng.
Chan Kayshi mamlakat hukumati tepasida.
Yapon agressiyasining boshlanishi.
Yapon bosqinchiligiga qarshi 1937-1945 yillardagi milliy ozodlik urushi.
Birinchi jahon urushi yillarida Xitoy
Birinchi jahon urushi boshlangan zahoti mamlakat prezidenti Yuan Shikay Xitoyning betarafligini e’lon qildi. Xitoy hukumati urushayotgan davlatlarni harbiy harakatlarni uning hududiga o‘tkazmaslikka chaqirdi. Lekin bu chaqiriqqa hech kim qulok solmadi. 1914 yilning 22 avgustida Yaponiya o‘zining 30 ming kishilik ekspeditsion Korpusini Sindao bandargohiga yaqin bo‘lgan joyga tushiradi. Shandun yarim oroli ikki oy davomida uning nazorati ostida bo‘ldi. Yapon hukumatining rejalarida bu vaqtda maksimum vazifa sifatida Xitoyning barcha hududlari ustidan nazorat o‘rnata borish va uning hududidan Antanta mamlakatlarini ham siqib chiqarish g‘oyasi paydo bo‘lgan edi.
1915 yilning 18 yanvarida Yaponiya Yuan Shikayga “21 talab” nomini olgan ultimatumni taqdim etadi. Uni bajarilgan taqdirda Xitoyning Yaponiyaga butunlay qaram davlatga aylanib qolish xavfi tug‘iladi. Bunday vaziyatda Yuan Shikay murakkab holatga tushib qoldi. Chunki Xitoy Yaponiyaga harbiy jihatdan qarshi turishga anchagina zaiflik qilardi. 1915 yilning 9 mayida Yuan Shikay ingliz va Amerika vakolatli vakillarining maslahatiga ko‘ra “21 talab”ning tuzatishlar kiritilgan variantini qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu kun Xitoyda bir qator jamoat tashkilotlari tomonidan milliy sharmandalik kuni deb e’lon qilindi.
1916 yilning 6 iyunida Yuan Shikay to‘satdan yurak xurujidan vafot etdi. Uning o‘limidan so‘ng markaziy hokimiyat yanada zaiflashdi va asta-sekin Xitoyning u yoki bu viloyatidagi general-militaristlar qo‘lida to‘plana bordi. Xitoy tarixining inqirozli davrlarida bo‘lgani kabi mamlakatning siyosiy hayotida yana va ko‘p vaqtlarga harbiylar birinchi o‘ringa chiqib oldilar. Parlament goh tarqatib yuborilar, goh qaytadan chaqirilar, ammo uning roli ikkinchi darajali bo‘lib qolgan edi. Xitoy inqilobi yetakchisining ahvoli ham shunday holatda bo‘lib, bir uni prezident etib saylashsa, bir lavozimdan tushirishadi, amalda hamma narsa u yoki bu regionda real hokimiyatga ega bo‘lgan militaristlarning irodasiga bog‘liq bo‘lib qolgan edi.