4. Ikkinchi jahon urushi arafasida Italiya. Mamlakat iqtisodiyoti imperialistik agressiyaga tayyorlandi. Qurolli kuchlar ko‘paytirildi. Italiya va Fransiya o‘rtasida ziddiyat kuchaydi. Italiya bilan Germaniya o‘rtasida Avstriya masalasida nizo paydo bo‘ldi. Italiya Avstriyani o‘z ta’siriga olish uchun harakat qilar edi. Italiya fashistlari Avstriya hukumati va xeymverni qo‘llab-quvvatlar edi. 1934 yil iyul oyida Gitler Avstriyani bosib olishga urungan vaqtda Mussolini bunga e’tiroz bildirdi. Italiya fashizmi Yaponiya va Germaniya fashist agressorlari tomonidan Versal-Vashington tizimi (Italiya bu tizimdan norozi edi) poymol qilina boshlagan sharoitdan foydalanib, “Ulug‘ Rim imperiyasini” tuzishga kirishdi. “Buyuk Italiya” davlati butun O‘rta Yer dengizi bo‘ylarida o‘z ichiga olishi va u “Buyuk Italiya”ning ichki dengiziga aylanishi lozim edi. Bu davlat bir paytlar Rim imperiyasi tarkibiga kirgan barcha hududlarni birlashtirishni ko‘zda tutardi. Mussolini italiyaliklarni O‘rta Yer dengizini “o‘z dengizimiz”ga aylantirishga chaqirdi. 1934 yilda jadal sur’atlarda harbiy-dengiz floti va harbiy aviatsiyani qurishga kirishildi.
1935 yil 3 oktabrda Afrikada yangi mustamlakalarga ega bo‘lish, shuningdek, Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo‘llarida Angliyani zaiflashtirish maqsadida Italiya fashistlari urush e’lon qilmasdan, Xabashistonga qarshi urush boshladilar. Xabashiston qoloq, feodal mamlakat edi. Xabash xalqi bosqinchilarga qarshi qaxramonona kurashdi. Lekin kuchlar barobar emas edi. Agressorlar eng yangi texnika bilan qurollangan 600 ming kishilik armiyani Xabashistonga yubordilar va vaxshiylarcha qirg‘inchilik urushini olib bordilar, hatto zaharli gazlardan foydalandilar. 1936 yil may oyida Xabashiston Italiya tomonidan bosib olindi. Italiya-Xabashiston urushi vaqtida Italiya Germaniya bilan yaqinlashdi. 1936 yil iyul oyida Italiya va Germaniya fashistlari respublikachilar Ispaniyasiga qarshi isyon, keyinroq intervensiya uyushtirdilar. Italiya qo‘shinlari bir necha marta (ayniqsa, 1937 yil mart oyida Gvadalaxara yonida) jiddiy talofatga uchradi. Shu sharoitda Germaniya Italiyani halokatdan qutqarib qoldi. Italiya Germaniyaning Yevropa markazidagi yetakchilik rolini tan oldi. 1936 yil oktabr oyida Italiya bilan Germaniya o‘rtasida ittifoqlik shartnomasi (Berlin-Rim o‘qi) tuzildi. 1937 yil 6noyabrida Italiya, Germaniya bilan Yaponiya o‘rtasida tuzilgan “Antikommentern ahdnomasi”ga qo‘shildi va “Berlin - Rim - Tokio uch burchagi” vujudga keldi. Bu esa “kommunizmga qarshi kurash” niqobi ostida barcha demokratik harakatlarni bo‘g‘ish va yangi agressiyani amalga oshirish maqsadida tuzilgan fashist davlatlari ittifoqi edi.
Mussolini uni atrofida butun Yevropa birlashishi lozim bo‘lgan “doira” sifatida ta’rifladi. (“Berlin–Rim-Tokio doirasi” degan nom shundan kelib chiqdi). Ushbu bitimga ko‘ra Germaniya Efiopiyaning bosib olinishini tan oldi, xalqaro aloqalarda umumiy bo‘lgan yo‘nalish belgilandi, harbiy aviatsiyani rivojlantirishning yagona siyosati ishlab chiqildi. Bolqon va Dunaybo‘yi davlatlaridagi ta’sir doiralari chegaralandi.
1937 yil 11dekabrda Italiya Millatlar ittifoqidan chiqdi. 1938 yil mart oyida Mussolini hukumati Avstriyaning German fashistlari tomonidan bosib olinishiga rozilik berdi. 1938 yil sentabr oyida fashistik Italiya sharmandali Myunxen bitimini tayyorlashda ishtirok etdi. Bu bitim esa Gitler Germaniyasining Yevropadagi agressiyasiga keng yo‘l ochib berdi. 1939 yil aprelida Italiya Albaniyani bosib oldi. O‘sha yili 22 mayda Mussolini hukumati Germaniya bilan harbiy siyosiy ittifoq to‘g‘risidagi “Po‘lat bitim”ni imzoladi.