Ikkinchi jahon urushi arafasida Angliya.
“Milliy hukumat”ning bosh vaziri Makdonald 1935 yil iyunida iste’fo berdi va konservatorlar lideri Bolduin bosh vazir qilib tayinlandi. 1935 yil noyabrida navbatdagi parlament saylovida Bolduin boshliq konservatorlar xalq xo‘jaligini tiklash va rivojlantirish, kollektiv xavfsizlik siyosatini yuritish kabi va’dalar berish yo‘li bilan g‘alaba qildilar. Konservatorlar keng jamoatchilik oldida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchun 1937 yilga qadar milliy leyboristlar va milliy liberallar bilan bir blokda bo‘ldilar va Bolduin boshchiligida ikkinchi konservativ “Milliy hukumat” tuzdilar. 1937-1940 yillarda Nevil Chemberlen ushbu konservativ hukumat tepasida turdilar.
Bolduin va Chemberlen boshliq konservativ tashqi siyosatda hukumatlar leyboristlar partiyasining qo‘llab-quvvatlanishi bilan Angliya-Germaniya, Angliya-Yaponiya ziddiyatlarini SSSR hisobiga bartaraf qilishga intildi. Boltiq dengizida Germaniyaning pozitsiyasini kuchaytirish maqsadida 1935 yil 18 iyunda Angliya Germaniya bilan dengiz bitimi tuzdi.
Angliya AQSH va Fransiya bilan birgalikda “aralashmaslik” siyosati niqobi ostida ish ko‘rib, fashist davlatlarining agressiyasini rag‘batlantirdi va 1935-1936 yillarda Italiyaning Xabashistonga qarshi, 1936-1939 yillarda Germaniya va Italiyaning Ispaniyaga qarshi intervensiya qilishlari va 1937 yilda Yaponiyaning Uzoq Sharqda Xitoyga qarshi urush ochish uchun keng imkoniyat yaratib berdi. Angliya, AQSH va Fransiya G‘arbda (mavjud holatni) saqlab qolish, fashizm agressiyasini Sharqqa-SSSRga qarshi qaratish uchun zo‘r berib urindilar. 1937 yil noyabrida Angliya hukumati lord Ralifaksni Germaniyaga yuborib, SSSRga qarshi Angliya, Germaniya Italiya va Fransiyadan iborat ittifoq tuzishni Gitlerga taklif qildi. Shu bilan birga Gitlerga Germaniyaning Dansigni, Avstriya va Chexoslovakiyani bosib olishga Angliyaning rozi ekanligini bildirdi. Angliyaning roziligi bilan Germaniya 1938 yil 12 martda Avstriyani bosib oldi.
Uch yil davomida N.Chemberlen Gitlerni ko‘p sonli yon berishlar yo‘li bilan “tinchlantirish” siyosatining tashabbuskori va ijrochisi bo‘ldi. N.Chemberlenning siyosiy maqsadi to‘rt davlat - Angliya, Germaniya, Italiya va Fransiya o‘rtasida bitim tuzishdan iborat edi. Uning fikricha, bunday bitim Yevropaning qolgan qismiga hukmini o‘tkazuvchi ittifoqning tuzilishiga olib kelardi. Shu sababli N.Chemberlen hukumatining tashqi siyosati Germaniya bilan murosa yo‘llarini izlashdan iborat bo‘ldi. Angliya hukumati, Chexoslovakiya hukumati bilan nemis fashistlari o‘rtasida vositachilik rolini o‘ynadi. Buning natijasida 1938 yil 29-30 sentabrda Germaniyaning Myunxen shahrida AQSHning qo‘llab-quvvatlanishi bilan to‘rt davlat - Germaniya, Angliya, Italiya va Fransiya hukumatlari rahbarlarining kengashi bo‘lib, sharmandali bitim tuzildi.
Keskinlashib borayotgan xalqaro ahvol Angliya, Fransiya va AQSH hukmron doiralari umid qilganidek rivojlanmadi. 1939 yil 1 sentabrda fashistlar Germaniyasi Polshaga hujum qildi. Shundan keyin Angliya va Fransiya hukumatlari xalq ommasi oldida uzil-kesil sharmanda bo‘lishligidan qo‘rqtilar. Natijada, Germaniya dunyoni qaytadan ta’sir doiralariga bo‘lish to‘g‘risida Angliya bilan kelishmay, Yevropa va jahonda o‘z hukmronligini o‘rnatish yo‘liga butunlay o‘tib ketganligi uchun 1939 yil 3 sentabrda Angliya va Fransiya, Germaniyaga urush e’lon qildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |