3. Mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi.
Saudiya Arabistonining iqtisodiy jihatdan ko‘tarilishi neft omili bilan bog‘liq. 30-yillar birinchi yarmida AQSHning nufuzli kompaniyalaridan biri “Standart Oyl kompani of Kaliforniya” Fors qo‘ltig‘i soxilidan katta hududda neft qidiruv ishlari uchun konsessiya oladi. 1935 yili kompaniya bu joydan katta neft zaxiralarini topdi. Bu esa shu yiliyoq “Neft qazib chiqarish bo‘yicha arab-amerika kompaniyasi” (ARAMKO) ning tashkil etilishiga olib keldi. 1939 yildan jahondagi eng boy va serdaromad neft konlarini sanoat asosida yo‘lga qo‘yish boshlandi. Oqibatda Saudiya Arabistoni dunyoning globallashtirish jarayoniga qo‘shildi.
Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng mamlakatning ichki va tashqi siyosati yangi, neft omili bilan belgilandi. Qisqa bir davr ichida azaliy qashshoq qirollik suyuq yoqilg‘i eksport qiluvchi qudratli davlatga aylandi. Shunday qilib, o‘tgan asrning 50-yillarida mamlakat neft ishlab chiqarish bo‘yicha jahon markazlaridan biri bo‘lib qolgan edi. Neft konlari ishga tushirilgan rayonlarda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishi bunyodga keldi, yangi infratuzilmalar rivojlandi, yo‘llar qurilishi avj oldi va shaharlar o‘sa bordi.
AQSHning neft kompaniyalari daromadlaridan olingan ajratmalar hisobiga Saudiya hukumati 1945 yilda 5 million dollar daromadga ega bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1948 yilda 50 millionni, 1952 yilda 212 million dollarni tashkil etdi. Ammo bu daromadlarning asosiy qismi eng avvalo qirol oilasining ehtiyojlari uchun sarf qilindi. Bu holat qirol Ibn Saudning 1953-1962 yillarda hukmronlik qilgan merosxo‘ri qirol Saud davrida ham o‘zgarmay qolgan edi.
Harajatlarning ko‘pincha neft sotishdan keladigan daromadlardan ortib ketishi monarxiyani chet ellarga katta qarzdor bo‘lib qolishiga olib keldi. Davlat amaldorlari ko‘p hollarda ko‘p oylab maosh ololmas, poraxo‘rlik avj olib ketgan edi. Buning ustiga mamlakatda hamon qulchilik munosabatlari saqlanib qolgan edi.
MUSTAHKAMLASH UCHUN SAVOLLAR: 1. Saudiya Arabistoni davlatining barpo etilishi omillari, bunda Ibn Saudning o‘rni nimalardan iborat ?
2. 1936 yilgi Angliya-Misr shartnomasi Misrning bundan keyingi tarixida qanday oqibatlarga ega bo‘ldi ?
3. Saudiya Arabistoni jahon iqtisodiyotiga qay tarzda muvaffaqiyatli integratsiyaga kirishdi ?
4. Yaqin Sharqda Isroil davlatini tashkil topishi qanday oqibatlarni keltirib chiqardi ?