Turkiya mustaqillik uchun kurash oxiriga kelgan paytda iqtisodiy jihatdan sust rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirardi, uning iqtisodi agrar, yarim mustamlaka harakterga ega edi. Kamolchilar mamlakatni iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirdiki, bular taslimchilik rejimini bekor qilinishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi. Hukumat chet elliklarga qarashli bo‘lgan deyarli barcha sanoat korxonalar va temir yo‘llarni sotib oldi, xorijiy “Reji” tamaki kompaniyasini milliylashtirdi, markaziy bank tashkil qildi.
Iqtisodiy siyosat davlat mablag‘larini sanoatga, temir yo‘l transportiga, keyinchalik esa xo‘jalikning boshqa sohalariga sarflashni ko‘zda tutardi. Shu bilan birga iqtisodiy siyosatda xususiy tashabbus rag‘batlantirildi.
Etatizm – davlat kapitalizmi shakli bo‘lib, u xorijiy sarmoya faoliyat sohasini cheklashga imkon berdi, turk milliy burjuaziyasi pozitsiyalarini mustahkamlanishiga yordam berdi. Biroq hukumatning proteksionistik siyosatiga qaramay, xususiy sarmoya sanoatga yirik investitsiyalar kiritish yo‘lidan bormadi.
1920 yillar oxiri 1930 yillar boshlarida avj olib ketgan jahon iqtisodiy inqirozi Turkiya iqtisodiyotiga og‘ir ta’sir ko‘rsatdi. Bunday sharoitlarda hukumat tashabbusni o‘z qo‘liga olishga qaror qildi. Agar 1920 yillarda u bank kreditini tashkil qilish va chet el sarmoyasiga qarashli korxonalar va temir yo‘llarni sotib olishga asosiy e’tibor bergan bo‘lsa, 1930 yillar boshidan esa, byudjet tomonidan moliyalash hisobiga sanoat va infrastrukturaviy qurilish yo‘liga o‘tdi. Aynan shu vaqtda etatizmning kamolchilar konsepsiyasi (turkcha “devletchilik”) yoki mamlakat iqtisodiy hayotini davlat yo‘li bilan tartibga solish tizimi uzil-kesil ko‘rinishga ega bo‘ldi. Etatizm siyosati natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy o‘sish turk milliy burjuaziyasi va u bilan aloqador qatlamlar ahvolini mustahkamladi.
Feodal – klerikal elementlar va komprador burjuaziya ta’sirini bostirish maqsadida kamolchilar jamiyat hayotini tubdan isloh qilishga kirishdilar. 1923 yil oktabrida mamlakat poytaxti Istambuldan Anqaraga ko‘chirilgan edi.
Bir qator qayta o‘zgartirishlar davlat ishlarini dindan ajratishga qaratildi. 1924 yil martda yuqorida ta’kidlanganidek xalifalik tugatildi va mamlakatni VI asr davomida boshqargan Usmoniylar sulolasi barcha a’zolari mamlakatdan badarg‘a qilindilar. Din va vaqf ishlari bo‘yicha vazirliklar tugatildi, ruhoniyat o‘ziga qarashli mulklardan mahrum etildi. Mamlakatdagi barcha madrasalar yopildi, o‘quv muassasalari ustidan nazorat maorif vazirligi ixtiyoriga berildi. Sudlov ishlari ruhoniyat tasarrufidan olib qo‘yildi. Bevosita markazga bo‘ysunuvchi viloyatlar (gubernyalar)ga yangi ma’muriy bo‘linish joriy qilindi.
1923-1924 yillardagi islohotlar 1924 yil 20 aprelda qabul qilingan birinchi respublika konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Bu konstitutsiya milliy burjuaziya va u bilan bog‘langan zamindorlarning hukmronligini qonuniy rasmiylashtirgan edi. Shunga qaramay feodal–teokratik monarxiya – sultonlik va xalifalikni tugatilishi progressiv hodisa edi. Biroq konstitutsiya kamchiliklardan ham holi emasdi. Asosiy qonunda fuqarolar uchun e’lon qilingan ko‘pgina huquq va erkinliklar faqatgina deklarativ harakterda edi, zero aholining ko‘pchilik qismi bu huquq va erkinliklardan foydalanishlari uchun real sharoitlar ta’minlanmagan edi. Bundan tashqari konstitutsiyada barcha fuqarolarni turklardir deb atalishi milliy kamchilik aholini kamsitilishiga olib kelar, ularni assimlyasiyaga mahkum qilib qo‘yardi.
1925 yildan boshlab mamlakatda Xalq Respublikachilar partiyasi (XRP)ning bir partiyali rejimi o‘rnatildi. Partiya rahbarligini davlat boshqaruvi bilan tezda qo‘shilib ketishi hukmron doiralarga avtoritar boshqaruv tizimining so‘zsiz harakat qiluvchi mexanizmini ta’minladi.
1925-1928 yillarda Yevropa namunasidagi yangi jinoiy va fuqaro kodekslari qabul qilindi. Fuqarolik kodeksiga binoan ko‘p xotinlilik ta’qiqlandi, ayollar nikoh va ajrim masalalarida erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘ldilar. Yevropa kalendari, yevropa kiyimlari, odatlari, arab imlosi asosidagi yozuv o‘rniga lotin yozuvi joriy etildi.
Mustafo Kamol Otaturk rahbarligida o‘tkazilgan islohotlar (“turklar otasi” ma’nosini beruvchi bu familiyani u familiya joriy qilish haqidagi qonun chiqqandan so‘ng, 1934 yili qabul qilgan), etatizm siyosati bilan birga mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotini jonlantirdi. Etatizm siyosatini amalga oshirilishi, burjua islohotlari asnosida turk burjua millatchiligi oqimlaridan biri kamolizm (yoki otaturkizm) mafkurasi uzil-kesil rasmiylashdi. Bu doktrina XRPning 1927 va 1931 yillarda qabul qilgan dasturlarida o‘z aksini topdi. Respublikachilik, millatchidik, etatizm, laitsizm (islomni davlat ishlari va xalq maorifidan ajratish), turk xalqi birligi (Turkiyada sinflar va sinfiy kurash borligini inkor etish), inqilobiylik (kamolchilik g‘oyalari va islohotlariga sodiqlik) kamolizmning asosiy tamoyillari sifatida e’lon qilindi.