3. XX asr 30-yillarida Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar. Yangi hukumatning ichki siyosati zamindorlar-burjua davlatini mustahkamlashga qaratildi. Zamindorlar va savdogarlar manfaatlariga mos keluvchi markaziy hokimiyatni mustahkamlash yo‘lini tutib Nodirshoh hukumati ayni vaqtda qabila boshliqlari va ruhoniylarni ba’zi imtiyozlarini qayta tikladi. Musulmon ruhoniylari maorif va sud tizimida ilgarigi o‘rinlarini egalladilar, lekin ularning faoliyati davlat tomonidan nazorat qilinadigan bo‘ldi. Shu bilan birga boshqaruvda savdo burjuaziyasini yuqori qatlami qatnashadigan bo‘ldi.
Yangi hukumatning siyosati 1931 yil e’lon qilingan konstitutsiyada o‘z aksini topdi. Konstitutsiya ruhoniylarning maorif va huquq sohasidagi mavqeyini mustahkamladi. Qabila zodagonlarining markaziy va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini ta’minladi.
Ayni vaqtda u qonunchilik sohasida maslahat huquqiga ega bo‘lgan, doimiy saylab quyiladigan organ Xalq kengashini ta’sis etdi.
1931 yil konstitutsiyasi afg‘on davlatini mutloq monarxiyadan konstitutsion monarxiyaga rivojlanish yo‘lidagi yangi qadam edi. U mamlakatda yuzaga kelgan zamindorlar va milliy yirik savdo kapitali vakillaridan iborat hukmron doiralar bloki manfaatlariga mos tushardi. Nodirshoh hukumati sobiq SSSR bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlash yo‘lini tutdi.
1933 yili Nodirshoh vafotidan so‘ng, uning o‘rniga 1973 yilgacha Afg‘oniston shohi bo‘lib turgan Muhammad Zohirshoh taxtga chiqdi. Zohirshohning hokimiyatga kelishi bilan ichki va tashqi siyosatda aytarli o‘zgarish bo‘lmadi.
Afg‘onistonda 30-yillarida milliy savdo sarmoyasini qattiq markazlashtirish ro‘y berdi. Yirik aksionerlik shirkatlari mamlakat iqtisodiyotida muhim mavqelarni egalladilar. Dastlabki davrda ular faoliyatida asosan ichki bozorda import sanoat mollarini sotish, qishloq xo‘jalik xomashyosini eksport qilishdan iborat bo‘ldi. Tashqi savdo operatsiyalarini boshqarishdagi monopoliya huquqlarini davlatdan olib shirkatlar mamlakat tashqi savdosidan ingliz-hind savdo sudxo‘rlik sarmoyasi vakillarini siqib chiqardilar.
Afg‘onistonda urush arafasi yillarida davlat sarmoyalari ishtirokida engil sanoatning bir qancha korxonalari qurildi. Ular mamlakatning o‘z sanoat ishlab chiqarishini barpo etilishini boshlanishiga asos soldi. Urush arafasi yillarida mustamlakachi mamlakatlar Afg‘onistonni siyosiy va iqtisodiy buysundirishga intilishda davom etdilar. Ayniqsa bunda gitler Germaniyasi va Italiya faollikni namoyon qildi. Nemis va italyan mutaxassis, maslahatchilari Afg‘oniston armiyasi va davlat apparatiga suqilib kirdilar. Fashist agenturasi ayniqsa sovet-afg‘on munosabatlarini izdan chiqarishga qattiq harakat qildi.