10-ma’ruza: PUL MABLAG‘LARI HISOBI
Reja:
10.1. Kassa muomalalari hisobi
10.2.Hisob-kitob muomalalari hisobi
Tayanch iboralar: «Kassa», «Kassa hisobi», «Dastlabki hisobi», «Kassa muomalalari sintetik hisobi», «Kassa muomalalari analitik hisobi», «Kassa daftari», «Kassa kirim orderi», «Kassa chiqim orderi», «To‘lov qaydnomasi», «Hisob-kitob schyoti», «Valyuta schyoti», «Maxsus schyot», «Depozit schyoti», «To‘lov topshiriqnomasi», «To‘lov talabnomasi», «Chek», «Bank ko‘chirmasi», «Akkreditiv».
10.1. Kassa muomalalari hisobi
Korxonalarda kassa operatsiyalarini yuritish va rasmiylashtirish tartibi «Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari» ga asosan olib boriladi. Ushbu Qoidalar «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 36-moddasiga muvofiq ravishda ishlab chiqilgan. Bu Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1998 yil 24-yanvar 376-son bilan tasdiqlangan.
Tasdiqlangan qoidalarga muvofiq korxonalar o‘zlarining pul mablag‘larini kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lganlarini kassada, qolganlarini bank muassasalarida saqlashlari lozim.
Yuridik shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitoblar hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq fuqarolar ishtirokidagi hisob-kitoblar bank muassasalari orqali faqat naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi.
Pul mablag’lari – bu o’ta tez likvidlik xarakteriga ega bo’lgan, barcha munosabatlarda umumiy ekvivalent rolini o’ynaydigan, davlat tomonidan qog’ozli va metalli ko’rinishda ma’lum qiymatlarda chiqariladigan maxsus tovar.
Milliy valyutadagi pul mablag’lari – bu davlat tomonidan metal va qog’ozlarda ifodalangan, muomala, ayirboshlash, baholashda umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi maxsus bank belgilari
Chet el mamlakatlari pul mablag’lari – bu o’zga davlatlarning metal va qog’ozlarda ifodalangan, muomala, ayirboshlash, baholashda umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi maxsus bank belgilari
Kassadagi pul mablag’lari – bu korxonaning kunlik ehtiyojlari uchun zarur bo’lgan, turli maqsadlardan kelib tushgan, belgilangan muddatlar va miqdorlarda saqlanadigan kassadagi pul mablag’laridir
Yo’ldagi pul mablag’lari – bu korxona kassasidan bankga turli yo’llar bilan topshirilgan, masalan inkassatorlar rqali, aloqa bo’limi orqali, lekin oyning oxirida hali hisob-kitob schyotiga kirim qilinganligi bank ko’chirmasi bilan tasdiqlanmagan pul mablag’lari
Bankdagi pul mablag’lari – bu korxonaning xizmat qiluvchi banklarda ochilgan depozit schyotlarida saqlanayotgan pul mablag’lari
Kassa limiti – xo’jalik yurituvchi subyektlar kassasida saqlanadigan naqd pullarning cheklangan miqdori
Kirim kassa orderi – naqd pul mablag’larining qachon, kimga, nima uchun, qancha maqsadda va qancha miqdorda olinganligiga guvohlik beruvchi yaxlit shakl va mazmundagi kassa hujjati
Chiqim kassa orderi – naqd pul mablag’larining qachon, kimga, nima uchun, qancha miqdorda berilganligiga, shuningdek, olgan shaxsning haqiqatda pulni qanday hujjat asosida olganligiga guvohlik beruvchi yaxlit shakl va mazmundagi kassa hujjati
Kassa kitobi – bu kassir tomonidan uning javobgarligida bo’lgan naqd pul mablag’larining ma’lum davr boshi va oxiridagi qoldig’i, shuningdek, ularning kirimi va chiqimi to’g’risidagi ma’lumotlarni hujjatli asosda aks ettiruvchi kassa hujjatidir
Pul ekvivalentlari – bu ma’lum qiymatga ega bo’lgan va unga tenglashtirilgan pullik hujjatlardir (sanatoriya yo’llanmalari, transport chiptalari)
Bevosita korxona kassasidan naqd pulni olish va sarflash bilan bog‘liq bo‘lgan muomalalar kassa muomalalari hisoblanadi.
Korxonalar tomonidan bank muassasalaridan kassaga olingan naqd pullar qanday maqsadlar uchun olingan bo‘lsa, faqat shunga sarflanadi. Ammo ma’lum belgilangan limit miqdoridagi pul mablag‘lari korxonalar kassasida ham saqlanadi. Hisob-kitob schyotidan kassaga olingan pul xodimlarga ish haqi, mukofot to‘lash, nafaqa berish, xizmat safari xarajatlarini qoplash va boshqa maqsadlar uchun sarflanadi. Bankdan olingan mablag‘lar belgilangan maqsadlar uchun sarflanishi lozim. Saqlanayotgan pul mablag‘larining belgilangan limitdan ortib ketish hollari faqat ish haqi, nafaqa, mukofot berish kunlarida yuz berishi mumkin.
Kassa operatsiyalari moddiy javobgar shaxs bo‘lgan kassir tomonidan yuritiladi. Kassir moddiy javobgar shaxs bo‘lib, korxonaga yetkazilgan zarar uchun javobgardir. Kassir lavozimiga qabul qilingan shaxsni korxona rahbari kassa operatsiyalarini yuritish tartibi bilan tanishtirtib, u bilan moddiy javobgarlik to‘g‘risida yozma majburiyat (shartnoma) tuzadi.
Bankdan pul olish uchun korxonalarga «Chek daftarchasi» berilib, unda bankdan olinadigan pulning miqdori va qanday maqsad uchun olinayotgani ko‘rsatiladi. Pul mablag‘larining harakatini rasmiylashtiruvchi asosiy hujjat kassa orderlari hisoblanadi. Naqd pul kassaga «Kassa kirim orderi»ni rasmiylashtirish bilan qabul qilinadi. Bu order bosh buxgalter va kassir tomonidan imzolanadi. Pulni topshirgan shaxsga kvitansiya beriladi. Kassadan pul berilishi «Kassa chiqim orderi» bilan rasmiylashtiriladi. Bu order fermer xo‘jaligi rahbari va bosh buxgalter, kassir tomononidan imzolanadi. Chiqim orderida pul nima uchun berilgani ko‘rsatiladi va unga asos bo‘luvchi hujjat orderga qo‘shib qo‘yiladi. Orderlarga qo‘shib qo‘yilgan dastlabki hujjatlarga tegishli operatsiya sodir qilingandan so‘ng (shu hujjatlar ikkinchi marta foydalanmasligi uchun) «Olingan» yoki «To‘langan» degan shtamp qo‘yiladi. Kassadan pul (pul berish haqidagi arizaga ko‘ra) to‘lov vedomosti asosida ham beriladi. Bu holda, hujjatlarga kassa chiqim orderi o‘rnini bosuvchi shtamp qo‘yiladi.
Ish haqi, mukofot, nafaqa berish haqidagi to‘lov vedomostlarida korxonalar rahbari va boshqa buxgalterning pulni berish to‘g‘risidagi ruxsat yozuvi bo‘lishi lozim. Kassa hujjatlari kassaga berilgunga qadar buxgalteriyada kassa kirim orderlarini ro‘yxatga olish jurnaliga yozib qo‘yiladi. Shunday qilib, buxgalteriya xodimlari kassa operatsiyalarini yuritish bo‘yicha nazorat olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Buxgalteriya to‘lov vedomostlarida kassirlar tomonidan qayd etilgan yozuvlarni tekshiradi, hamda ular bo‘yicha berilgan va deponentga o‘tkazilgan summalarni hisoblab chiqadi.
Deponentga o‘tkazilgan summalar bank muassasalariga topshiriladi va torshirilgan summalarga bitta umumiy chiqim kassa orderi tuziladi.
Kassa kirim orderlari va ularning kvitansiyalari, shuningdek kassa chiqim orderlari va ularning o‘rnini bosadigan hujjatlar buxgalteriya tomonidan siyohli yoki sharikli ruchka bilan aniq va ravon yozilib to‘ldirilishi yoki yozuv mashinkasi, hisoblash mashinkasida yozilishi lozim. Bu hujjatlarda ustidan o‘chirib yozish, tuzatishlar kiritish, izohlari bo‘lgan holda yozishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Korxonalarda kassaga barcha pul tushumlari va kassadan naqd pul berilishi «Kassa daftari»da hisobga olinadi.
Korxonalar faqat bitta «Kassa daftari»ni yuritadi, bu daftar varaqlari raqamlangan, ip o‘tkazilgan va unga surguchli yoki mastikali muhr bosilgan bo‘lishi lozim. Kassa daftaridagi varaqlar soni korxona rahbari va bosh buxgalteri imzolari bilan tasdiqlanadi.
Kassa daftaridagi yozuvlar ikki nusxada sharikli ruchkada qayd etiladi. Varaqlarning ikkinchi nusxasi yirtib olinadigan bo‘lishi kerak, ular kassirni hisobot berishi uchun xizmat qiladi. Varaqlarning birinchi nusxasi kassa daftarida qoladi. Varaqlarning birinchi va ikkinchi nusxalari bir xil raqamlar bilan raqamlanadi.
Kassa daftariga o‘chirib yozish va izohlar kiritish man etiladi. Tuzatishlar korxonalar kassiri, shuningdek, bosh buxgalter va uning o‘rnini bosadigan shaxsning imzolari bilan tasdiqlanadi.
Kassa daftariga yozuvlar har bir order yoki uning o‘rniga o‘tadigan boshqa hujjat bo‘yicha pul berilganidan yoki pul olinganidan keyin kassir tomonidan darhol qayd etiladi. Har kuni ish kuni oxirida kassir bir kunlik operatsiyalar yakunini hisoblaydi, kassada qolgan pullar qoldig‘ini keyingi kun sanasiga o‘tkazadi va buxgalteriyaga kassir hisoboti sifatida yirtib olingan ikkinchi varaqni kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birga kassa daftariga imzo chekib topshiradi.
Agar korxonalarda har kuni operatsiyalar bajarilmasa, kassa hisobotlari operatsiyalar bajarilgan kunlarida tuzilishi mumkin.
Kassadagi pul mablag‘lari oyiga kamida bir marta inventarizatsiya qilinadi. Korxona rahbari buyrug‘i bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan kassirning ishtirokida kassa to‘satdan tekshiriladi. Bunda naqd pul, pulli hujjatlar, qimmatli qog‘ozlar va qat’iy hisobot blankalari to‘liq tekshiriladi. Kassa chiqim orderlari bilan rasmiylashtirilmagan tilxatlar kassa bo‘yicha qoldiqqa kiritilmaydi. Korxonaga tegishli bo‘lmagan pul mablag‘larini kassada saqlash taqiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |