Kitob terapiyasi
Bu tushuncha sizga qanchalar tanish? Bilasizmi, Britaniyada g’ayrioddiy kasb – kitob terapevti mutaxassisligi tashkil etilganiga ancha bo’lgan. Ushbu sohada ruhiy muammolar qurshovida qolgan kishilarni kitobga jalb qilish dasturi asosida ish yuritadigan mutaxassislar faoliyat ko’rsatadilar. Masalan, iqtisodiy inqirozdan xavotirga tushgan o’rta yoshdagi kishiga tashxis qo’yishda Frensis Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi”, Sol Bellouning “Xendersen – yomg’ir qiroli”, Ayris Merdokning “Qo’ng’iroq” nomli kitoblari tavsiya etilgan. Xonimlarga esa turmush qurayotgan dugonasiga Odri Niffenegger qalamiga oid “Vaqt sayyohining rafiqasi”, Tom Robbins yozgan “Jaz ohanglari” kitobini sovg’a qilish tavsiya etiladi.
Kecha va bugun Kitoblar haqidagi ushbu maqolani yozarkanman, o’tgan asrning 80-yillarida poezdda bo’lib o’tgan bir voqeani eslagim keldi:Kursdoshlarining “G’ulom xalta” degan laqabiga sazovor bo’lgan xorazmlik talaba ikkita to’la qopni ortmoqlab poezdda uyiga jo’naydi. Uning yuklari poezd nazoratchilarining e’tiboridan chetda qolmaydi. Nazoratchilar kelib G’ulom xaltadan qopni ochishni talab qilishadi. Uning qopni ochishni istamayotganligi nazoratchilarning shubhasini battar oshiradi va ular G’ulomga qopni zudlikda ochishni buyuradi. Noiloj qolgan qahramonimiz qoplarni ochadi. G’ulomning bor-bisoti, nihoyatda ardoqlagan javohiroti bu - eski kutubxonadan chiqqan eski kitoblar edi. Boshqa narsa ustida G’ulomni qo’lga olishni ko’zlagan nazoratchilardan biri barmog’ini chekkasiga qo’yib, “jinni, tentak” ishorasini berib, hushtak chalib nari ketadi... Bugun G’ulomga o’xshagan kitobsevarlar “kitob jinnisi” deb emas, “madaniyatli kitobxon” deya e’tirof etilmoqdaki, bu ham odamlarning madaniyat, ma’naviyat darajasini belgilaydi.Bir farzandga bir kitob Dunyoning 12 ta eng kichik kitoblaridan biri muqaddas Qur’oni Karimning mitti nashri bo’lgan bo’lsa, yana biri Frantsiya Konstitutsiyasi bo’ldi. Kitoblar kattami, kichikmi inson qalbining eng nozik, inja torlarini chertishga qodir bo’lgan buyuk mug’anniydir.
Qachonlardir odamlar uzun qish kechalarida to’p-to’p bo’lib, issiq sandalga oyoq uzatib kitobday buyuk mug’anniyga quloq tutishgan. Undagi mazmunni qalblariga jo qilishgan. Balki shuning uchun ham og’ir yillarning og’riqlaridan omon chiqishgandir...Eng og’ir va anduhli yillarning hamrohi, hamrozi bo’lgan KITOBLAR bugungi yorug’ kunlarda bizga - oilaning otasidan tortib eng jajji bolasigacha hamdami bo’lmog’i darkor!Gruzin kelinlarning sepida albatta Shota Rustavellinning kitobi bo’lar ekan. Bu chindanam yuksak qadriyat. Shu kabi qadriyatlarga, “bir farzandga bir kitob” degan an’analarga biz ham kirishaylik, aziz zamondosh! Tug’ilgan kunlarimizni qadah so’zlari emas, kitob sovg’a qilish an’analari bezasin mudom!Shu o’rinda ma’lumot sifatida aytib o’tish kerakki,“Olmaliq KMK” AJ tasarrufidagi texnik kutubxonada 64 ming-dan ziyod siyosiy va texnik adabiyotlar o’rin olgan bo’lib, hozirda salkam 3 ming nafar kitobxon ushbu kutubxonadagi adabiyotlardan foydalanishmoqda. Kombinat kasaba uyushmasi Kengashi tasarrufidagi kutubxonada 29 mingdan ortiq kitoblar mavjud bo’lib, 1100 nafar kitob ixlosmandlari ma’naviy boylikdan bahramand bo’lib kelishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |