17§. Axborot tizimlaridagi ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish
Ma’lumotlar daxsizligini ta’minlash muammolari
Ma’lumotlar daxlsizligiga xavf soluvchi manbalar
Ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish
Tayanch iboralar:
Ma’lumotlar daxlsizligi; Xavf soluvchi manbalar; Xakerlar va krekerlar; SHpionaj; Dissedentlar; Terroristik guruhlar; Axborot manbalariga strategik hujumlar; Ular keltirgan iqtisodiy zararlar; Himoya vositalari.
Kompyuter texnologiyalarining va jahon kommunikatsiya vositalarining (ayniqsa, INTERNET tizimining) jadallik bilan rivojlanishi jahondagi istalgan davlatning yoki xususiy korxona va tashkilotlarning ma’lumotlar bazasiga kirib borish va ulardan markazlashgan holda foydalanish imkoniyatini berdi. Bu bir tomondan istemolchilarga qulaylik yaratgan bo’lsa, ikkinchi tomondan ayrim ma’lumotlar bazasiga ruxsatsiz kirish va ulardan ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish usullarini ishlab chiqish talablarini qo’ymoqda.
Shuning uchun ham hozirgi paytda ma’lumotlar bazalarini ulardan ruxsatsiz foydalanish, o’zgartirish, yo’qotish hamda zarur ma’lumotlarni o’g’irlashdan himoya qilish eng dolzarb muammolardan biridir.
AQSH mudofaa vazirligi qoshidagi ma’lumotlarning xavfsizligi bilan shug’ullanayotgan bo’lim, mavjud ma’lumotlarning daxlsizligiga xavf solayotgan quyidagi manbalarni alohida ajratib ko’rsatmoqda:
- axborot tizimlarining bilimsiz va malakasiz xodimlari;
- xakerlar va krekerlar;
- o’z mansabidan qoniqmagan xodimlar;
- tashkil qilingan shpionaj;
- uyushgan jinoiy guruhlar;
- siyosiy dissidentlar;
- terroristik guruhlar;
- harbiy, siysiy va iqtisodiy shpionaj;
- ma’lumotlar bazasiga strategik hujumlar.
Axborot tizimlarining bilimsiz va malakasiz xodimdari – o’zlarining noo’rin xatti-harakatlari (masalan, axborot tizimlariga xato ma’lumotlarni kiritish, noto’g’ri buyruqlar berish va h.k.) natijasida beixtiyor axborot tizimlarini ishdan chiqarishi yoki shu tizimlardagi ma’lumotlarning yo’qolishiga sababchi bo’lishi mumkin. Bunday xodimlar axborot tizimlariga eng ko’p xavf soluvchilardir, chunki ular bevosita shu tizimlar bilan ishlaydi va ulardagi himoya vositalarini biladi.
Bunday xatti-harakatlarga shunday xodimlarning bilim darajasining yoki malakasining pastligi, ish sharoitining yomonligi, xodimning ish jarayonida chalg’ishi yoki shoshganligi, uning kayfiyatining yomonligi, etiborsizligi kabi ko’plab omillar sabab bo’ladi.
Bularning oldini olish maqsadida ko’plab tashkiliy choralar ishlab chiqilgan va ishlab chiqilmoqda. Bunday choralarga quyidagilar misol bo’la oladi:
- o’z kasbini yaxshi bilgan malakali xodimlarni ishga olish;
- xodimlarni vaqti-vaqti bilan malaka oshiruvchi maxsus kurslarga yuborib turish;
- texnikoviy, ma’naviy, moliyaviy va ruhiy nuqtai nazaridan ularning ish sharoitlarini yaxshilash;
- ularning malakasiga, qobiliyatiga yarasha ish berish;
- kasbiy xastaliklarining oldini olish maqsadida ularni tez-tez tibbiy ko’rikdan o’tkazib turish va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |