Nisbiy qambag‘allik mezonlari nisbiy kambag‘allik chegarasini belgilaydi va unga aholi daromadlarini taqqoslaydilar. Agar butun aholining real daromadlari oshib borgan bo‘lsa va ularning taqsimlanishi o‘zgarmagan bo‘lsa, nisbiy kambag‘allik oldingi holatga nisbatan o‘zgarmagan bo‘ladi. Shunday qilib, nisbiy kambag‘allik konsepsiyasi tengsizlik konsepsiyasining bir qismidir. Kambag‘allikning nisbiy chegarasi shunday daraja bilan tavsiflanadiki, undan pastda aholi kambag‘allik darajasida hayot kechiradilar. Masalan, Yevropa ittifoqida mamlakat bo‘yicha uy xo‘jaliklarini jami sarflarini yarmisidan kam bo‘lganda.
Nisbiy kambag‘allik ko‘lami mutlaq kambag‘allik ko‘lamlariga to‘g‘ri kelmaydi. Mutlaq kambag‘allikni bartaraf etish mumkin, ammo nisbiy kambag‘allik doimo saqlanib qoladi, chunki tengsizlik tabaqalashtirilgan jamiyatlarga xos. Jamiyatda barcha ijtimoiy qatlamlarning turmush darajasi oshganda nisbiy kambag‘allik saqlanib qoladi.
Subyektiv kambag‘allik faqat insonni o‘zi kambag‘alligini aniqlashi mumkin degan fikrga asoslangan qambag‘allik konsepsiyasi. Subyektiv kambag‘allik darajasini aniqlashda ko‘plab yondashuvlar mavjud: siz qancha odam o‘zini kambag‘al deb hisoblashini bilib olishingiz mumkin. Jamiyat fikri asosida subyektiv kambag‘allik chegarasini aniqlash, so‘ngra uni aholi daromadlari bilan taqqoslash mumkin. Demak kambag‘allikni mutlaq, nisbiy va subyektiv chegaralari mavjud. Amaliyotda xalqaro kambag‘allik chegarasi ham mavjud.
Xalqaro kambag‘allik chegarasi. Jahon banki tomonidan xalqaro miqyosda taqqoslash uchun ishlatiladi. O‘ta kambag‘allik chegarasi xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha kuniga 1 dollar miqdorida belgilanadi, kambag‘allik chegarasi esa kuniga 2 dollar miqdorida belgilanadi. So‘nggi paytlarda ushbu kambag‘allik chegaralari tegishli ravishda 1,25 va 2,5 dollarga ko‘tarilgan. Hozirgi vaqtda dunyodagi eng kambag‘al 15 mamlakat ushbu kambag‘allik chegarasidan foydalanadi. Biroq, hozirgi vaqtda, turli mamlakatlarning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini hisobga olgan holda, kambag‘allikning boshqa chegaralari ham qo‘llaniladi. Xususan, daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan davlatlar uchun kam ta’minlanganlik darajasi kuniga 3,2 dollar, daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar uchun esa kuniga 5,5 dollarni qo‘llash tavsiya etiladi.40
Har bir insonning iste’moli oila byudjetiga bog‘liq. Oilaning iqtisodiy holatiga baho oila byudjetining tahlili asosida amalga oshiriladi. Oila byudjeti daromadlar va xarajatlar qismidan iborat. Oila byudjeti daromadlarning turli manbalaridan shakllanadi: ish haqi, renta, dividentlar, tadbirkorlikdan olinadigan daromad, davlat nafaqalari va boshqa ijtimoiy to‘lovlar. Davlat byudjetidan olinadigan daromadlar nisbatan doimiy, boshqa sohadagi daromadlar darajasi o‘zgaruvchan bo‘ladi. Oila daromadlarining darajasi qancha yuqori bo‘lsa, uning ehtiyojlarining qondirilish darajasi va turmush darajasis hunchalik yuqori bo‘ladi. Oila xarajatlari quyidagilardan iborat bo‘ladi: oziq-ovqat va kiyim - kechakka xarajatlar, turli to‘lovlar, transport xarajatlari, madaniy - maishiy sarflar.
Daromadlardagi tengsizlik aholini tabaqalanishiga olib keladi. Aholi tarkibida kambag‘al, o‘rta hol va boy qatlamlar paydo bo‘ladi. Insonlarni bu qatlamlarga mansubligi turli mezonlarga qarab aniqlanadi. Kambag‘allik chegarasini tirikchilik minimumi belgilaydi. Bu minimum biror bir mamlakatda eng kam deganda qancha ne’matlar iste’mol qilinishi mumkin ekanligini ko‘rsatadi. Kimning daromadi shu minimumdan kam bo‘lsa, shu kambag‘al hisoblanadi. Masalan mamlakatda bir oylik tirikchilik minimumi tarkibi quyidagicha deb faraz qilamiz: oziq ovqat narxi 200 dollar, kiyim kechak narx 120 dollar, xizmatlar narxi 80 dollar. Demak, tirikchilik minimumi 400 dollarga teng. Bu 400 dollar kambag‘allik chegarasi hisoblanadi. Insonning bir oylik daromadi 400 dollardan kam bo‘lsa, u kambag‘al hisoblanadi. Endi agar daromad oziq-ovqat minimumini ta’minlashga (bizning misolimizda 200 dollar) yetmasa, u qashshoq hisoblanadi. Bizning misolimizda daromadi, 200 dollardan kam bo‘lganlar o‘ta kambag‘al (qashshoq) guruhiga kiradi. O‘rta hollarga daromadi tirikchilik minimumidan yuqori bo‘lgan, ammo mamlakat bo‘yicha o‘rtacha daromaddan oshib ketmagan aholi kiradi. Bizning misolimizda tirikchilik minimumi 400 dollar bo‘lgan holda o‘rtacha daromad 2200 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, daromadi ana shu ikki ko‘rsatkich oralig‘ida bo‘lganlar o‘rta hollarni tashkil etadi. Daromadi o‘rtachadan, ya’ni biz misolimizda 2200 dollardan ortiq bo‘lganlar boy hisoblanadi. Boylarning o‘zi boylar va o‘ta boylardan iborat. Bozor iqtisodiyotida boylikning yuqori chegarasi bo‘lmaydi. Aholi daromadlarining tabaqalanishi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanganligi darajasiga va davlatning ijtimoiy siyosatiga bog‘liq bo‘ladi. Kambag‘allik global hodisa hisoblanadi va u barcha mamlakatlarda mavjud. Davlat o‘zining ijtimoiy siyosati bilan ushbu muammoning yechimini topishga harakat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |