Iste’molchi savatchasi- bir oylik (yillik) iste’mol tarkibini tavsiflovchi, inson yoki oila hayot faoliyatini ta’minlovchi, natural va qiymat (pul) shaklida tovar va xizmatlarning hisoblangan to‘plami. Bunday to‘plamdan minimal iste’mol byudjetining (yashash minimumi) miqdorini hisoblash uchun foydalaniladi. Unga mos holda, joriy narxlarda, iste’molchi savatining qiymatidan kelib chiqqan holda ish haqining minimal miqdori belgilanadi. Shuningdek, iste’molchi savati hisoblangan va real iste’mol darajalarini taqqoslash asosi hisoblanadi. Iste’molchi savatining miqdori va tuzilmasiga (ne’matlar to‘plami) qarab alohida mamlakatda erishilgan hayot darajasi va hayot sifatiga baho berish mumkin. Iste’mol savati bizning davlatda eng kam iste’mol darajasini ta’minlaydigan 35 xil mahsulot va xizmatlar to‘plamidan tarkib topgan bo‘lib, ularning 11 tasini non va non mahsulotlari, kartoshka, sabzavot, meva, go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, tuxum, shakar va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i va margarin, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etadi. Iste’mol savatiga nooziq-ovqat mahsulotlarining 4 guruhi hamda xizmatlarning 5 turi ham kiradi.
Rivojlangan mamlakatlarda iste’molchi savatchasi tovarlarni bir necha yuz turidan iborat. Masalan AQSHda u 250 ta turli tovar va xizmatlardan iborat. Iste’molchi savati asosida inflyatsiya darajasi aniqlanadi. Iste’molchi savatini tashkil etuvchi tovar va xizmatlar to‘plamining jami bozor narxi, ya’ni ularni xarid etishga ketadigan pul miqdori tirikchilik qiymati deb yuritiladi. Real daromaddagi (Dr) o‘zgarishlarni aniqlash uchun qo‘lga tekkan pul daromadlar narxlar bilan taqqoslanadi. Buning uchun pul daromadlari indeksi (Di ) narxlar indeksiga ( Pi ) bo‘linadi. Dr = Di \ Pi
20.2. Daromad tengsizligi va uning sabablari. Lorens egri chizig‘i
Daromadlar tengsizligining asosiy sabablari quyidagilardir:
Insonlarning aqliy, jismoniy va estetik qobiliyatlarining turlicha ekanligi. Yuqori aqliy qobiliyatga ega bo‘lish nisbatan yuqori daromadga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Aksincha holat ham kuzatilishi mumkin. O‘ziga xos jismoniy qobiliyatga ega bo‘lish, xalqaro darajada tan olingan sportchi bo‘lish va o‘shanga yarasha katta daromad olish imkoniyatini beradi. Estetik qobiliyatga ega inson yuqori malakali san’atkor yoki rassom bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |