Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat



Download 36.64 Kb.
Sana30.03.2017
Hajmi36.64 Kb.
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat (Oʻzbekistonda) — Oʻzbekiston fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishdan iborat faxriy burchi. 1992 y. 3 iyuldagi 12chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy kengashining 10sessiyasi respublika Qurolli Kuchlarini tuzishda muhim ahamiyatga ega boʻldi. Bu sessiyada "Mudofaa toʻgʻrisida", "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida" va "Muqobil xizmat toʻgʻrisida"gi muhim harbiy qonunlar qabul qilindi. Harbiy qasamning yangi matni va qasamyod qildirish tartibi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Mudofaa ishlari vazirligini Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirligiga aylantirish toʻgʻrisidagi farmoni tasdiklandi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini toʻldirish "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Unga koʻra, harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan va chaqiruv kuni 18 yoshga toʻlgan OʻzR fuqarosi boʻlmish yigitlar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladilar. Xizmatni chaqiruvga binoan oʻtayotgan oddiy askar, serjant va starshinalar uchun harbiy xizmat muddati — 18 oy (oliy maʼlumotli shaxslar uchun — 12 oy). Harbiy xizmatdan boʻshatilgan, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirishdan ozod etilgan fuqarolar (salomatligining yomonlashgani tufayli harbiy hisobdan chiqarilganlardan tashqari) zaxiradagilar roʻyxatiga olinadilar. Zaxiradagi harbiy xizmatga majburlar yoshiga qarab 3 darajaga boʻlinadi. 3daraja chegarasi umuman zaxirada boʻlish yoshining chegarasi hisoblanadi.

Oddiy askarlar, serjant va starshinalar, praporshchiklar va michmanlarning zaxirada boʻlish yoshining chegarasi: 1darajadagilar uchun — 35 yoshgacha"; 2darajadagilar uchun — 45 yoshgacha; 3darajadagilar uchun — 50 yoshgacha.

Harbiy xizmatchilar zaxirada boʻlish yoshining chegarasiga yetgan boʻlsalar yoki harbiytibbiy komissiya tomonidan salomatligiga koʻra harbiy xizmatni oʻtashga yaroqsiz deb topilsalar — harbiylar roʻyxatidan oʻchirilgan holda iyeteʼfoga chiqariladilar.

Harbiy unvonlar — qurolli kuchlarning har bir harbiy xizmatchisi va zaxiradagi harbiy majburiyatli shaxsga ularning xizmat mavqei, harbiy va maxsus tayyorgarligi, oʻtagan xizmati muddati, qaysi qoʻshin yoki xizmat turiga mansub ekanligiga, shuningdek, koʻrsatgan xizmatlariga koʻra beriladigan unvon. Harbiy unvonlar harbiy xizmatchilarning oʻzaro munosabatlaridagi mavqelarini belgilaydi

Oʻzbekiston Respublikasi "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida" qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 16-maydagi "Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar shtat tuzilishini takomillashtirish haqida"gi farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi unvonlar tabaqalanishi tasdiqlangan.

Yuridik yoki tibbiy yoʻnalishdagi harbiy hisobdagi ixtisoslikka ega boʻlgan harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majburning harbiy unvoniga tegishli „adliya“ yoki „tibbiy xizmat“ soʻzlari qoʻshiladi.

Ofitserlar Harbiy unvonida mavjud boʻlgan „kichik leytenant“, shartnoma-kontrakt asosida xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilarda mavjud boʻlgan „praporshchik“ unvonlari bekor qilindi.

„Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida“gi qonunda harbiy unvonlar koʻrsatilgan boʻlib, ushbu qonunning 9-moddasiga koʻra, harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga bo‘linadi.


Har bir harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majbur fuqaroga tegishli harbiy unvon beriladi. Qurolli Kuchlardagi harbiy unvonlar qo‘shin unvonlari va kema tarkibidagi unvonlarga bo‘linadi.

Qurolli Kuchlardagi oliy harbiy unvon armiya generali bo‘lib, bu unvon (urush davrida) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoniga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziriga beriladi.

Harbiy sohaning yuridik yoki tibbiy yo‘nalishdagi ixtisosligiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchi va harbiy xizmatga majbur fuqaroning harbiy unvoniga tegishlicha „adliya“ yoki „tibbiy xizmat“ so‘zlari qo‘shiladi.

Rezervdagi, zaxiradagi yoki isteʼfodagi fuqarolarning harbiy unvoniga tegishlicha „rezervdagi“, „zaxiradagi“ yoki „isteʼfodagi“ degan so‘zlar qo‘shiladi.

Harbiy unvon berish va harbiy unvondan mahrum qilish, shuningdek, harbiy unvonini pasaytirish hamda harbiy unvonini tiklash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Harbiy burchni jiddiy tarzda buzganlik, hokimiyatni suiisteʼmol qilganlik, zimmasiga qonunlar va harbiy ustavlar bilan yuklatilgan talablar va majburiyatlarni favqulodda vaziyatlarda bajarmaganlik uchun katta ofitserlar va generallar tarkibidagi shaxslarning harbiy unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondonining qarori bilan pasaytirilishi mumkin. Ofitserlar tarkibiga kiruvchilarni harbiy unvondan ular og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm etilganlarida faqat sudning qarori bilan mahrum qilish mumkin.



2013-yilning yozida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining navbatdagi bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlari topshirishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdim. Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ota-onalar hayajon bilan turibdi. Harbiy musiqa sadolari yangraydi.

– Qarang, qanday norg‘ul yigitlar-a, – dedi boysunlik otaxon formasi o‘ziga yarashib turgan Akademiya bitiruvchilariga ishora qilib. – Bari kelishgan, kelbatli. Ko‘z tegmasin!

– Alpomishning kelbati ham shuncha bo‘lgandir-da, – so‘z o‘yini qiladi zavqi kelib andijonlik Abdurazzoq aka.

Bekor ketgan ikki yil

Yoshi ulug‘roq yurtdoshlarimiz yaxshi biladi. Sobiq tuzum davrida harbiy xizmat ikki yil bo‘lib, 18 yoshga to‘lgan, to‘rt muchasi sog‘ har bir yigit uchun majburiy edi. Endi maktabni bitirgan, hali biror kasb-korning boshini tutib ulgurmagan, aksari o‘z qishlog‘idan narini ko‘rmagan o‘spirinlar uzoq-uzoq yurtlarga, xalqona qilib aytganda, dunyoning narigi chetiga «Vatan himoyasi»ga jo‘natib yuborilardi.

O‘zimdan qiyos. Men harbiy xizmatga Germaniyaga nega borganimu, kimni kimdan, qanday himoya qilganimni, mana, oradan chorak asrdan ziyodroq vaqt o‘tib ham, to‘la anglay olganim yo‘q. Albatta, biz, askarlar turli o‘lkalardan va har xil millat vakillari bo‘lganimizga qaramasdan, yerli xalq nazdida bitta – «soveyshn» edik. Qancha harakat qilmaylik, boshqasini bilmas, tan olmas edi. Davlatchilik tarixi ming yillarni so‘raydigan, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga, jahon harbiy san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomayu, buyuk sarkardalar diyori O‘zbekiston, o‘zbek xalqi haqida qayoqdan ham bilsin. Axir, o‘zimiz ham bu xususda, O‘zbekistonda yashashimizni hisobga olmaganda, ulardan pesh emas edik-da. Bir kuni asli qaysi yurtdan ekanimni bildirib qo‘yish maqsadida siyosiy xaritadan Termiz shahrini ko‘rsatdim:

– Mana shu yerdanman, – dedim ko‘rsatkich barmog‘im bilan nuqib.

– O-o-o, ... deb yubordi.

Garchi, tilini bilmasam-da, nima demoqchiligini tushundim.

Sobiq tuzum davrida yurtimizdan armiya xizmatiga chaqiriluvchilarni asosan bitta «manzil» – qurilish va ta’mirlash batalonlari kutar edi. Jangovar tayyorgarlik, aqliy salohiyat talab etiladigan boshqa harbiy qismlarga deyarli yo‘l yopiq edi. Buning sababi sifatida “Ulug‘ Lenin” tilini yaxshi bilmaslik vaj qilib ko‘rsatilsa-da, aslida bu siyosat zamirida mavjud hokimiyatning ishonchsizlik va mintaqani o‘z izmida ushlab turish uchun yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlashga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi yotar edi.

Ayniqsa, qishloqlardan borgan yigitlar til muammosi tufayli ko‘p qiyinchilik va haqoratlarga duch kelar, masxara bo‘lardi. «Bilasanmi» savoliga «Bilasanmi» javobi haqidagi latifanamo hangomalar o‘sha zamonlar mahsuli.

Harbiy qismlarda chuqur ildiz otib ketgan turli salbiy holatlar haqida hamma bilardiyu, lekin hech kim yurak yutib bir narsa deyolmasdi. Xususan, harbiy xizmatchilarni tahqirlash, aybdorlarning jazoga tortilmasdan, askarlarning himoyasiz, chorasiz qolishiga tabiiy holdek qaralardi.

Boshqacha aytganda, janub quyoshida toblangan chayir yigitlar harbiy xizmat niqobi ostida eng og‘ir ishlarga, hatto zaharlanish darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan hududlarga jalb qilingan. Umrining gul faslini hayotda hech qachon zarurat bo‘lmaydigan ishlarga sarflagan.

Shu tariqa minglab, millionlab yoshlarning eng zavqli, kuchga to‘lgan, orzu-umidlarga boy ikki yil umri zoye ketardi.

– Bekor o‘tgan ikki yil umrimga achinaman, – degandi meni harbiyga kuzata turib qo‘shnimiz Mardonqul aka. – Biror foydali ishni o‘rganish o‘rniga ikki yil o‘rmonda to‘ng‘iz boqqanman.

Sobiq tuzum davridagi harbiy xizmatning eng ayanchli jihatlaridan biri u hali dunyoqarashi to‘liq shakllanib ulgurmagan navnihol yoshlarni o‘ta loqayd va beparvo, qo‘pol va dag‘al qilib qo‘yardi. Tamaki chekish, spirtli ichimlik ichish, omonatga xiyonat, yolg‘on... Bunday illatlar hatto rag‘batlantirilardi. Masalan, yo‘riqchi serjantning har soatda «chekuvchilarga «perekur», boshqalar davom etsin», degan g‘ayritabiiy buyrug‘i o‘sha «saboq»ning boshi edi. Men ham chekishni xizmatda o‘rganganman. Aminmanki, yoshi katta kashandalarning qariyb hammasiga xos achchiq qismat bu...

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekistondan har yili qurolli kuchlar safiga 320 mingdan ziyod yigit chaqirilgan, bu boshqa respublikalarga nisbatan, aholi jon boshiga hisoblaganda, ancha ko‘p edi.



Najot uchqunlari

1989-yilda O‘zbekiston rahbarligiga Islom Karimov kelishi bilan respublikadagi vaziyat tubdan o‘zgara boshladi. Armiyadagi ahvol ilk bor keskin tanqid ostiga olindi va birinchi marta Islom Karimov tomonidan muammolarni hal etish harakati boshlandi. Xususan, respublika rahbariyatining jonkuyarligi tufayli yurtdoshlarimizning boshqa o‘lkalardagi qurilish batalonlariga chaqirilishi qisqardi. Chunonchi, 1986-yili O‘zbekistondan armiya safiga chaqirilgan yigitlarning 21 foizi qurilish bataloniga jalb qilingan bo‘lsa, 1991-yilda bu ko‘rsatkich 10,8 foizga tushirildi. Bu O‘zbekiston rahbarining mavjud siyosatga chek qo‘yish yo‘lidagi dastlabki dadil, amaliy sa’y-harakatlari samarasi edi.

Islom Karimov 1990-yil 5-iyunda so‘zlagan nutqida bunday dedi: "Biz, armiya xizmatiga salbiy munosabatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish uchun omilkorlik bilan harakat qilishimiz shart. Bu o‘rinda gap ayrim harbiy qismlarda intizomning bo‘shashib ketgani, Ustavga xilof munosabatlarning mavjudligi, yigitlarning mayib bo‘lib qaytishi va halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida bormoqda. Biz ro‘yi-rost aytishimiz kerakki, bunga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz. O‘z farzandlarimizni ularga nisbatan noxush xatti-harakatlardan va belgilangan qonunlarning buzilishidan muhofaza qilish uchun barcha ishlarni qilamiz".

Albatta, Islom Karimovning bu qadar jon kuydirishiga asoslar yetarli edi. Chunonchi, birgina 1989-yilning o‘zida, tinchlik davrida 430 nafar o‘zbekistonlik askar nobud bo‘lgan. O‘sha paytda onalarimizning oq yuvib, oq tarab ulg‘aytirgan farzandini «Vatan himoyasi»ga ming vahmu xavotir bilan kuzatganining boisi shunda.

Yurtboshimizning yuqoridagi so‘zlari ko‘p o‘tmay amalda o‘z ifodasini topdi. Ya’ni, 1990-yil 4-sentabrda Prezidentimiz respublika yoshlarining harbiy xizmatni o‘tash tartiblarini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Farmonga ko‘ra, haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini, ularning oilalari manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, respublika yoshlarini harbiy xizmatga chaqirishni va xizmatni o‘tashini takomillashtirish maqsadida 1990-yil kuzgi chaqiriqdan boshlab o‘zbekistonlik yigitlarni respublikadan tashqarida joylashgan harbiy qurilish qismlariga chaqirishga barham berildi, faqat respublika hukumati bilan shartnoma asosidagina jalb etish mumkinligi belgilab qo‘yildi. Tinchlik davrida harbiy xizmat burchini bajarish chog‘ida akasi yoki ukasi halok bo‘lgan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish taqiqlandi.

O‘z davrida katta voqea bo‘lgan ushbu hujjatning yana bir muhim jihatiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ya’ni, ofitserlar tarkibini tayyorlash maqsadida mahalliy aholi vakillarini tanlash va ularni harbiy o‘quv yurtlariga yuborish, harbiy komissarliklarda o‘zbek tilini va o‘sha joyda yashovchi ko‘pchilik aholining tilini biladigan xodimlarni ko‘paytirish vazifalari belgilandiki, bu chinakam jasorat edi.

Muxtasar aytganda, mazkur hujjat onalarimizning dardiga darmon bo‘lish barobarida yigitlarimizning chorasizlikdan toptalgan ruhini ko‘tardi.

O‘zimizning Alisher

Men xizmat qilgan harbiy qismda bir o‘zbek ofitseri bo‘lar, negadir o‘zini bizdan olib qochardi. O‘zimizcha undan xafa ham bo‘lganmiz. Uning bunday yo‘l tutishining sababini biroz vaqt o‘tib anglagandek bo‘ldim. Yurtdoshlariga nisbatan bo‘ladigan nohaqliklarni, tahqiru tuhmatlarni ko‘rmaslik, eshitmaslik uchun chorasizlikdan, ojizlikdan shunday qilar ekan.

Sobiq tuzum davrida oliy harbiy bilim yurtlarida milliy ofitser kadrlar tayyorlash askarlikdan ham ayanchli ahvolda bo‘lib, bitiruvchilar orasida mahalliy xalq vakillari juda ozchilikni tashkil qilar edi. Buni o‘sha davr statistikasida yaqqol kuzatish mumkin.

Respublika hududida joylashgan harbiy qo‘shilma va qismlar O‘zbekiston tasarrufiga o‘tgan davrda mahalliy harbiylar 30 foizdan oshmas edi. Hozir Qurolli Kuchlarimiz tarkibi 100 foiz mahalliy kadrlardan iborat.

– Men dunyodagi eng baxtli otalardanman, – dedi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Akademiyasida 2013-yil yozida o‘tgan o‘sha tantanada surxondaryolik 83 yoshli Hayitboy ota. – Butun ajdodi to‘rtta qo‘yning orqasiga qarab o‘tgan menday oddiy cho‘ponning bir o‘g‘li, ikki nabirasi mustaqillik tufayli harbiy bo‘ldi. O‘g‘lim – harbiy uchuvchi, mayor. Osmonda vertolyot ko‘rinsa, ana, mening o‘g‘lim, deyman chollarning oldida gerdayib. Qishloq-chi, – ana, bizning Alisher – o‘zimizning Alisher, Hayitboyning o‘g‘li, deydi og‘zini to‘ldirib. Shunday kezlarda ichimga sig‘may, yosharib ketaman. Yetkazganiga shukrona aytib, shunday saodatli kunlarga sababchi bo‘layotgan ulug‘ Yurtboshimizni duolar qilaman.

Nabiram Umidjon, hu ana, birinchi safda turgan novcha mayor. 2009-yili Prezidentimizning farmoniga ko‘ra «Jasorat» medali bilan taqdirlangan. Ikkinchi nabiram Abdixoliq – serjant, Chirchiqni bitirgan, Farg‘onada xizmat qilyapti.

Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan sinfdoshim Bibisora aytadi:

– Har yili bitiruvchi sinflarga «Kim bo‘lsam ekan?» mavzusida insho yozdiraman. Qishlog‘imiz yoshlari orzu qiladigan kasblar orasida Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga qiziqish yil sayin ortib bormoqda. 2013-yil bitiruvchilari orasida 6 nafari harbiy sohaga qiziqishini bayon etgan. Hatto bir qiz ham bor.

Hozirgi yoshlar buni tasavvur etishi qiyin. Biz yozgan insholarda bu kasb umuman uchramas, harbiylik biz uchun go‘yo begona edi. Sababi, kommunistik mafkura tufayli ajdodlarimizdan meros Vatan himoyasidek ajoyib fazilat deyarli unut bo‘lib ketgandi. Odamlar, umuman, millatning qiyofasi o‘zgarib, milliy ruh, milliy g‘urur, milliy iftixor, milliy orzu-niyatlar ham go‘yo bizni tark etgan edi.

Milliy istiqlol tufayli ana shu ulug‘vor tuyg‘ularning bari o‘zimizga qaytdi. Bugun ota-onalar o‘z farzandining harbiy sohani tanlashini, Vatan himoyachisi degan yuksak sharafga noil bo‘lishini istamoqda. Amir Temur bobomizning mangu ruhi, tengsiz harbiy salohiyati, aql-zakovati yor bo‘lgan yoshlarimiz Vatan himoyasini eng sharafli kasb, deb bilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida xalqimiz ongu tafakkurida ro‘y berayotgan eng ulkan o‘zgarish asli shu emasmi?



Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, tayanchimiz

O‘z mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan xalqimiz osoyishtaligini, jonajon Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash maqsadida 1992-yili O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga asos solindi. O‘tgan yillar davomida Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida xalqimizning tinch va osuda hayotini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir, ixcham, tezkor, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan professional armiya shakllantirildi.

O‘zbekistonning Mudofaa Doktrinasi ishlab chiqildi va milliy armiya faqat mudofaa maqsadlariga xizmat qilishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Harbiy xizmatchilarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ongida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni rivojlantirish va mustahkamlash, ularni ruhiy poklikka va qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch bo‘lmish yuksak ma’naviyatni shakllantirish tarbiyaviy ishlarning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ana shunday alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz safida nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham barkamol, yuksak intellektual salohiyatga ega yoshlar xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda harbiy sohada amalga oshirilgan ulkan yangiliklardan yana biri harbiylarga nisbatan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosatidir. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, oilaviy sharoitlarini yaxshilash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’minotini oshirish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan aniq maqsadli, kompleks dasturlarning amalga oshirilishi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining moddiy, ijtimoiy-maishiy sharoitini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalarini olgan fuqarolar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ballga ega bo‘lmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida ko‘plab yigitlar ana shu imtiyozdan foydalanib, talabalar safiga qo‘shildi. Qashqadaryolik Odiljon Berdiyev shulardan biri.



– Ana shu imtiyoz tufayli Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti talabasi bo‘ldim. Hozirgi kunda ushbu ilm dargohining magistratura bosqichida tahsilni davom ettiryapman. O‘qish davomida fanlarni yaxshi o‘zlashtirishimda ham, hayotda ham armiyada olgan saboq va ko‘nikma asqotmoqda, – deydi Odil. – Niyatim, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shish, davlatimiz rahbari biz yoshlarga bildirayotgan katta ishonchni oqlashdir.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa