36.Protest shaklidagi prokuror nazorati hujjatining huquqiy tabiatini ochib bering.Protest muassasa, tashkilotning qonunga zid hujjati yoki mansabdor shaxsning qonunsiz hujjati yoki harakatiga, hujjatni bekor qilish yoki uni qonunga moslashtirish, mansabdor shaxslarning qonunsiz harakatlarini tо‘xtatish hamda buzilgan huquqlarni tiklash haqidagi prokurorning qonunlar ijrosi ustidan nazorat tartibidagi asoslantirilgan hujjatdir. Qonunlar ijrosi ustidan nazorat tartibidagi prokuror protesti aniqlangan qonun buzilish holatlariga prokurorning asosiy huquqiy ta’sir qilish vositasi bо‘lib xizmat qiladi. "Prokuratura tо‘g‘risida"gi qonunning (yangi tahriri) 38-moddasiga muvofiq, qonunga zid bо‘lgan hujjatga nisbatan protestni prokuror yoki uning о‘rinbosari ana shu hujjatni qabul qilgan organga yoki yuqori turuvchi organga keltiradi. Mansabdor shaxsning noqonuniy qaroriga nisbatan ham xuddi shunday tartibda protest keltiriladi. Protest kelib tushgan vaqtdan boshlab о‘n kunlik muddatdan kechiktirmay kо‘rib chiqilishi shart. Qonunbuzarlikni darhol bartaraf etish talab qilingan alohida hollarda prokuror protestni kо‘rib chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqli. Protestni kо‘rib chiqish natijalari tо‘g‘risida uch kunlik muddat ichida prokurorga yozma ravishda ma’lum qilinadi. Protest kollegial organ tomonidan kо‘rib chiqiladigan hollarda majlis kuni haqida prokurorga ma’lum qilinadi va u majlisda ishtirok etishga haqlidir. Protest shu hujjatni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) yoki yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) tomonidan rad etilganda, shuningdek protest qonunda belgilangan muddat ichida kо‘rib chiqilmagan taqdirda, prokuror ana shu hujjatni noqonuniy deb e’tirof etish tо‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. Sudga ariza- protest rad etilganligi tо‘g‘risidagi xabar olingan paytdan boshlab yoki protestni kо‘rib chiqish uchun qonunda belgilangan muddat о‘tganidan keyin bir oylik muddat ichida berilishi mumkin. Prokuror tomonidan sudga ariza berilishi protest keltirilgan hujjatning amal qilishini ariza sudda kо‘rib chiqilgunga qadar tо‘xtatib qо‘yadi. Prokurorning hujjatni g‘ayriqonuniy deb e’tirof etish tо‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilish tartibi О‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 276–278-moddalari bilan tartibga solinadi. Prokuror noqonuniy hujjatga nisbatan protestni har qanday vaqtda keltirishi mumkin. Bu hujjatni qabul qilish muddati bilan bog‘liq emas, lekin qonunbuzilish holatlari bilan kurash samaradorligini oshirish qonunga zid hujjatlar aniqlanishi zahotiyoq, ularga protest keltirilishini talab qiladi. Qonunga muvofiq, protest prokurorning hohishiga kо‘ra qonunsiz hujjatni qabul qilgan organ, yoki undan yuqori turuvchi organga keltiriladi. Prokurorga berilgan bunday imkoniyat, har qanday konkret holatda qonun buzilishini tezlik bilan bartaraf etish va buzilgan huquqni tiklashda, qolaversa, kelajakda bunday qonunbuzilishlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish uchun yuqori turuvchi organga murojaat etish shart bо‘lmagan taqdirdagina protest qonunga zid bо‘lgan hujjatni qabul kilgan organning о‘ziga kiritiladi.