53.Substansiya muammosi. Substansiya va substrat tushunchasi. Tayanch atamalar: Falsafa tarixida substansiyaga monistik, dualistik, plyuralistik yondashuvlar. Materiya shakllarining turli-tumanligi. Materiyaning tashkil topish darajalari. B Falsafa tarixida o’zining mavjudligi uchun o’zidan boshqa hyech narsaga muhtoj bo’lmagan shunday birinchi asosni ifodalash uchun «substansiya» (lot. substantia – mohiyat, asos) kategoriyasi qo’llaniladi. Ilk falsafiy yo’nalishlarning vakillari barcha narsalar asosini tashkil etuvchi moddani birinchi asos sifatida tushunganlar. Substansiya» tushunchasi o’z-o’zini to’liq belgilovchi borliqni ifodalashga xizmat qiladi. Substansiya kategoriyasida o’zini asoslash uchun boshqa hyech narsani talab qilmaydigan negiz, birinchi asos g’oyasi mujassamlashgan. Niderland faylasufi Benedikt Spinoza (1632-1677) buni «causa sui» – «o’z-o’zining sababchisi» iborasida juda to’g’ri ifodalagan. Bu B.Spinozani substansiyani bir vaqtning o’zida ham tabiat, ham Xudo sifatida ta’riflagani va bu ikki tushunchani tenglashtirishganidan dalolatdir. B.Spinoza Xudoni tabiatga butunlay singdirib yuborgan, uni tabiiylashtirishga va ilohiy mazmundan ajratishga harakat qilgan. Uning panteizmi shundan iborat bo’lgan. . Birinchi asos sifatida ikkita substansiya olingan falsafiy yondashuv dualizm (lot. dualis – ikki yoqlama) deb ataladi. Nemis faylasufi X.Volf XVIII asr boshida «dualizm» atamasini falsafiy muomalaga kiritgan. X.Volf dunyoda barqaror tartibning shakllanishida tafakkur, g’oyalar va aql-idrokning alohida o’rnini aniqlash hamda ta’kidlashga harakat qilgan. Uning zamondoshlari – ma’rifatli absolyutizm g’oyalarining tarafdorlariga ta’siri juda katta bo’lgan. X.Volfning falsafaga oid qo’llanmalari barcha o’quv yurtlarida o’qitilgan va eskirgan (sxolastik) jihatlarni siqib chiqargan. Ular universitet ta’limining asosiy manbalari sifatida amal qila boshlagan. Fransuz materialist faylasufi J.Lametri (1709-1751) o’zining «Ruhning tabiiy tarixi» deb nomlangan asarida dualizmni inkor qiladi. U o’zida tajriba o’tkazgan – bezgak kasalligiga chalingach, uning kechishini kuzatgan, pirovardida, insonning ruhiy holati uning jismoniy vujudiga bog’liq, degan xulosaga kelgan. J.Lametri monistik-materializmni himoya qilib, cheksiz takomillashuvchi yagona moddiy substansiya mavjud, degan g’oyani ilgari surgan. Substansiyaga xos sezish va fikrlash qobiliyati vujudli jismlarda mavjud bo’ladi. «Plyuralizm» (lot. – ko’plik, ko’p xillik, ko’p sonlik) atamasini ham X.Volf 1712 yilda taklif qilgan. Bu tushuncha ontologiyada ayniqsa, jiddiy qiyinchiliklar tug’dirgan. Chunki ayni shu ta’limotda borliqning ko’p sonli mustaqil va o’zaro bog’lanmaydigan asoslarini ilgari surish lozim edi. Leybnisning «monadologiyasi», ya’ni monadalar haqidagi ta’limoti plyuralizmning klassik ko’rinishi hisoblanadi. Ushbu ta’limotga ko’ra, dunyo son-sanoqsiz ruhiy substansiyalardan tashkil topadi. Ammo, plyuralistik yondashuvning bundan oldinroq ilgari surilgan ko’rinishlari ham mavjud. Masalan, Empedokl yaratgan dunyoning to’rt asosi haqidagi ta’limot plyuralistik ontologiyaning turlaridan biri sifatida amal qiladi. Dunyoning narsalar va hodisalar rang-barangligi bir substansiyadan iborat degan ta’limot «monizm» (yunon. monos – bitta, yagona) deb ataladi. Dunyoning kelib chiqishi va mohiyati haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar, shuningdek birinchi asos muammosiga nisbatan falsafa tarixidagi eng salmoqli yondashuvlar kurashi nuqtai nazaridan substansiya tabiatini tushunishga nisbatan ancha keng tarqalgan ikki yondashuv – materialistik va idealistik monizmni qayd etish lozim. Falsafada «Substansiya» kategoriyasi «substrat» (lot. – to’shama, negiz) tushunchasiga yaqin turadi, deb qaraladi. Substrat borliqning eng quyi va asosiy qatlami sifatida tushuniladi. Qadimgi atomistik ta’limotlarda atomlar ana shunday asos hisoblangan. Har qanday substrat muayyan vujudga kelish jarayonining o’ziga xos xususiyatini ifodalaydi. Hozirgi talqinda, muayyan fizik jarayonlarning substrati sifatida elementar zarralar va fundamental (kuchli, kuchsiz, elektromagnit va gravitasion) o’zaro ta’sirlar amal qiladi. Turli moddalarning hosil bo’lish va o’zgarish jarayonlarida o’zining barqaror holatini saqlab qoluvchi atomlar kimyoviy jarayonlarning substrati sifatida namoyon bo’ladi.Materiya»
Do'stlaringiz bilan baham: |