91. Moddiy resurslarni tejashning asosiy yo‘nalishlarini
tushuntiring.
Javob
Moddiy resurslarni tejashning asosiy yo‘nalishlari sifatida amaliyotda quyidagilardan foydalanish mumkin:
yo‘qotish va chiqitlarni kamaytirish;
brakni yo‘qotish;
xom-ashyo va materillar sarflashning progressiv usullarini ishlab chiqish;
yangi texnologiyalarni joriy qilish;
o‘rinbosa materiallarni qo‘llash, ikkilamchi xom-ashyodan foydalanish va hokazo.
Biznesning rivojlanishi, korxonaning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy resurslar va ulardan oqilona foydalanish bilan birga investitsiyalar ham muhim ahamiyat kasb etdai. Investitsiyalar yangi korxona yaratish uchun ham, mavjud korxonani rivojlantirish uchun ham kerak bo‘ladi. Bugungi sharoitlarda chet el investitsiyalarini jalb qilishning ahamiyati katta bo‘lib, ular respublikaning asosiy kapitaliga, jumladan, korxonalarga kiritiluvchi mablag‘lar miqdorini oshirish bilan birga ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, zamonaviy raqobatbardosh mahsulot turlarini chiqarish va ularni jahon standartlari talablariga etkazishga imkon beradi.
92. Biznes-rejaning asoslanganligi va ishonchliligi uchun kim
javob beradi?
Javob
Biznes-rejaning asoslanganligi va ishonchliligi o‘zaro bog‘liq bo‘lgan va bir-birini to‘ldirib turuvchi jarayonlardir. Biznes-rejaning asoslanganlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning ishonchliligi, talab qilinishi va foydaliligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Buning uchun biznesni rejalashtirish jarayonini boshqarish zarur bo‘lib, u quyidagilarga imkon beradi:
korxona faoliyatining muayyan yo‘nalishlarini, maqsadli bozorlar va korxonaning ulardagi o‘rnini aniqlash;
korxonaning qisqa va uzoq muddatli maqsadlarini, shuningdek, ularga erishish taktika va strategiyalarini ifodalash. Tanlangan har bir strategiya uchun javobgarlarni belgilash;
korxonaning iqtisodiy holatini hamda belgilangan maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan mos keluvchi moddiy, moliyaviy va boshqa resurslar holatini baholash;
iste’mol bozoriga chiqariluvchi mahsulot (ish, xizmat) hajmi va nomenklaturasini aniqlash hamda bir vaqtning o‘zida ularni yaratish va sotish xarajatlarini aniqlash;
kadrlarni tanlash, ularning belgilangan maqsad va vazifalarni bajarishga mos kelishini baholash, mos keluvchi har bir uchastkada xodimlar mehnati mahsuldorligini rag‘batlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish;
biznes-rejani amalga oshirishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va «ko‘zga ko‘rinmas» to‘siqlarni oldindan ko‘ra bilish.
Biznes-rejani ishlab chiqish jarayonida korxona (firma) rahbariyatining ishtirok etish darajasi muhim ahamiyat kasb etadi. Biznes-rejani tayyorlashda rahbarning shaxsan ishtirok etishi shunchalik muhimki, xorijiy amaliyotda ko‘plab banklar, investitsiya jamg‘armalari va boshqa shu kabi muassasalar biznes-reja korxonadan tashqarida maslahatchilar tomonidan tayyorlanib, rahbariyat tomonidan faqat imzolangan holatlar ma’lum bo‘lib qolganda, umuman bu korxonalarning taqdimnomalarini ko‘rib chiqishga ham qabul qilmaydilar.
Biroq bu biznes-rejani ishlab chiqishda maslahatchilar xizmatlaridan foydalanmaslik kerak degani emas, aksincha, ekspertlarni bu ishga jalb qilish qo‘llab-quvvatlanadi. Gap bu erda boshqa narsa haqida bormoqda – biznes-rejani ishlab chiqish korxona rahbarining yoki o‘z ishini ochmoqchi bo‘layotgan shaxsning shaxsan ishtirok etishini talab qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |