Oraliq miya. Oraliq miya miya sopining bir qismi bo’lib, ko’ruv do’mbog’i yoki talamus, epitalamus (do’mboq usti) va gipotalamus (do’mboq osti) lardan iborat. Katta yarimsharlarga boradigan barcha afferent yo’llar (hidlov yo’lidan tashqari) talamus orqali o’tadi, shuning uchun uni miya kollektori ham deyiladi. Talamusda 40 ga yaqin nerv yadrolari bo’lib, ular funksional jihatdan spetsifik, nospetsifik, assotsiativ va motor yadrolarga bo’linadi. Spetsifik yoki proeksion yadrolar miya po’stlog’idagi muayyan sohalar bilan sinaptik bog’langan, ulardan qaysi biri buzilsa, tegishli efferent sezgining tamoman yo’qolishiga olib keladi. Ya'ni bu yadrolar periferik retseptorlardan boradigan impulslarni miya po’stlog’iga o’tkazadigan oraliq (bekat) stansiyalardir. Ularga faqat bir xil turdagi retseptorlardan impulslar keladi. Spetsifik yadrolarda esktroretseptorlardan va harakat apparatidan tashqari yana ichki organlardan keladigan efferent yo’llarning proeksiyalari bor, bu elektrofiziologik tekshirishlar tufayli aniqlandi. Bu holat talamusning visseral funksiyalarni idora qilishda ham qatnashishini ko’rsatadi.
Nospetsifik yadrolar miya sopi retikulyar formatsiyasi bilan bog’liq, ya'ni undan keladigan yo’l shu yadrolar orqali o’tib po’stloqda keng tarqalgan bo’ladi (muayyan nuqtalarda emas) va po’stloqning elektr faolligi va qo’zg’aluvchanligini boshqarishda qatnashadi.
Assotsiativ yadrolar spetsifik yadrolarga o’xshab bir turdagi retseptorlardan impulslar olib qolmasdan, balki bir yo’la bir nechta sezgi organlaridan impulslar oladi, ularning funksiyasi to’liq o’rganilmagan.
Motor yadrolarga miyacha va bazal tugunlardan tolalar keladi va chiqadigan tolalar po’stloqdagi oliy harakat markazlarigacha boradi. Ular harakatni boshqarib boradi. Epitalamus aytilganidek, do’mboq ustki qismi bo’lib, unga qadoqsimon tana (mozolistoe telo) tagidagi gumbaz va ichki sekretsiya bezi - epifiz kiradi.
Gipotalamus filogenistik jihatdan oraliq miyaning eng qadimgi qismi hisoblanadi va u organizm ichki muhitini bir xil saqlashda hamda endokrin, vegetativ va somatik tizimlar funksiyasining integratsiyasida (birlashishida) muhim rol o’ynaydi. Uning kulrang moddasida ko’pgina hayotiy markazlarga daxldor 5 guruh yadrolar bor (preoptik, oldingi, o’rta, tashqi va keyingi yadrolar). Gipotalamus bosh miyaning turli qismlari bilan murakkab aloqaga ega va funksional jihatdan juda muhim markazlarga ega.
Gipotalamusning keyingi va lateral qismlari elektr toki bilan qitiqlanilsa aynan simpatik nerv qitiqlanganidek effekt kuzatiladi, ya'ni ko’z qorachig’i kengayadi, qon bosimi oshadi, yurak urishi chastotasi oshadi, ichaklar peristaltikasi to’xtaydi va hokazo. Shuning uchun ham gipotalamusning bu sohasi ergotrop, ya'ni oliy simpatik markazlar joylashgan bo’lim deb hisoblangan. Uning oldingi va preoptik qismlari qitiqlanganida parasimpatik effekt kuzatilgan va uni trofotrop soha deb yuritishgan. Lekin keyingi tekshirishlar gipotalamusda bunday oliy simpatik va parasimpatik markazlarni aynan ajratish mumkin emasligini, ya'ni uning oldingi va keyingi qismidagi markazlar qitiqlansa ham bir xil effekt olinishini (qon tomirlarining torayishi va boshqalar) ko’rsatdi. Qon aylanishining bulbar (uzunchoq miyadagi markazlar bilan) boshqarilishida aortada qon bosimining oshishi o’z-o’zidan bulbar mexanizmi ishga solib, tomirlar kengayib, yurak sekin urib qon bosimini pasayishi kuzatilsa, gipotalamus orqali gemodinamikada bo’ladigan o’zgarishlar organizm yoki organlar holatiga bog’liq bo’ladi. Masalan, muskul ishi payti muskullarda, ovqat hazm qilinishida esa oshqozon-ichaklarda bosim oshadi va hokoao. Bundan tashqari u nafaqat qon aylanishini, balki ichki a'zolar faoliyatini ham organizm faolligiga moslashtirib turadi.
Laboratoriya sharoitida olib borilgan tekshirishlar gipotalamusning tana haroratini bir xil saqlashda faol qatnashishini ko’rsatadi. Masalan, gipotalamusdagi keyingi qism alohida olib qitiqlansa moddalar almashinuvi kuchayib, yurak urishi tezlashadi, muskullarda qaltirash paydo bo’ladi va natijada tana harorati ko’tariladi. Agar bu markazlar buzib tashlansa tananing tegishli issiqlik ajratib turish holati to’xtaydi va harorat pasayib ketadi. Agar mushuklarda bosh miyaning o’rta miyadan yuqori qismi kesib tashlansa, ular sovuq qonli hayvon singari tana haroratini muhit haroratiga qarab o’zgartiradi.
Gipotalamusdagi oldingi qism yadrolari ham termoregulyasiyada faol qatnashadi, ular tanadan issiqlik ajralishini integratsiya qiladi. Ular alohida olib qitiqlanilsa, teridagi qon tomirlari kengayadi, ter suyuqligi ajralishi va nafas olish tezlashadi. Bu markazlar umuman buzib tashlanganida esa tana harorati oshib ketadi (gipertermiya). Gipotalamusning bu qismida maxsus issiqlik neyronlari topilgan, ular qon haroratiga ko’ra umumiy tana issiqligini bir xil saqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |